Urushda ham ta'lim to'xtatmagan suriyaliklar

Сурия Фото муаллифлик ҳуқуқи Getty Images

Suriyaning uzoq davom etayotgan urushi o'zidan har turli vayronalar va umidsizlikni qoldirmoqda.

Biroq Sharqiy G'utaning dahshatli qamaliga qaramay, hali ham ta'lim olishdan to'xtamayotgan va kelajak uchun rejalar tuzayotgan ko'plab suriyalik yoshlarni topish mumkin.

Bunday yoshlar bir vaqtning o'zida o'lim bilan yuzlashib, elektr quvvati va internetga ulanish yo'llarini bazo'r topgan holda masofadan ta'lim beruvchi universitetlarda tahsil olishga tirishadilar.

20 yashar sharqiy g'utalik Mahmud AQShda joylashgan Xalq universitetida kompyuter bilimlari bo'yicha ta'lim olmoqda.

Сурия бўҳронини англашга ёрдам берувчи 10 савол

Сурия ҳукумати оташкесимга амал қилмасдан Ғутани бомбалади

Сурия инқирози: Кучлар тўғридан-тўғри тўқнашадими?

'Kuchli bombalash'

Mahmud butun fuqarolar urushi davomida o'rta maktabda o'qigan. Biroq oliy ta'limni davom ettirishga hech qanday imkoniyat topa olmagan.

Фото муаллифлик ҳуқуқи courtesy

"Maktabni tugatganimdan so'ng kompyuter savodxonligi bo'yicha o'qish mumkin bo'lgan universitet topa olmadim," deydi u Bi-Bi-Siga.

Oliy ta'lim olish Mahmud uchun yorqin kelajak timsoli sifatida gavdalanadi.

"O'ylaymanki, yaxshi hayot tomon ilk qadamimni tashladim," deydi u.

Xalq universiteti o'z joyida oliy ta'lim olish imkoniga ega bo'lmaganlar uchun masofaviy ta'lim xizmatini taklif qiladi. Xalab universiteti raketalar ostida qolganda ko'plab suriyalik talabalar Xalq universiteti xizmatidan foydalangan edilar.

Фото муаллифлик ҳуқуқи Getty Images

Xalq universitetidagi tahsildan so'ng talabalarga akkreditatsiyadan o'tgan daraja beriladi. Universitetga Google, Bil Geyts va uning rafiqasiga tegishli Gates Foundation kabi tashkilotlar homiylik qiladi, ko'ngilli akademiklar va nafaqadagi ma'ruzachilar talabalarga dars o'tadi.

BMT Bosh kotibi "Yerdagi do'zax" deya ta'riflagan Sharqiy G'utadan 10 ga yaqin talaba Xalq Universitetida tahsil olmoqda.

'Omon qolish' va 'umid'

Biroq tashqarida urush bo'layotgan bir paytda qanday qilib bor diqqatni o'qishga qaratish mumkin?

"Albatta, atrofda yuz berayotgan voqealar ruhiyatimizga ta'sir qiladi," deydi Mahmud.

"Bombalash kuchaygan paytda bizning yagona tashvishimiz jon saqlash bo'ladi."

"Keyin portlashlar so'ngan vaqtda shu qisqa vaqtdan foydalanib, tahsil, kundalik yumushlar va kelajak rejalari bilan andarmon bo'lamiz," davom etadi u.

"Bizning hayolimiz ikki turli hayotda yashaydi - ta'lim olib, oldiga qo'ygan maqsadlarini amalga oshirish niyatida bo'lgan yosh yigit va ertangi kun uchun jon saqlab qolish dardida yurgan 20 yashar shaxs hayotida. Bu arosat juda og'ir ruhiy bosim yuklaydi odamga."

Фото муаллифлик ҳуқуқи Getty Images

"Dunyodan uzilib, qamal ostida qolayotgan joyda ta'lim olishga intilish - nekbinlikning kamyob ko'rinishi," so'zlaydi Mahmud.

"Men universitetni tamomlashni, ilmiy darajaga ega bo'lishni istayman. Hatto qamal ostida ham ta'lim olisha imkonimiz borligi biz uchun ulkan quvonch. Bu bizni yaxshi hayot uchun yo'l topishga undaydi."

Mahmudning ta'lim olishga qat'iyati tahsinga loyiq.

"Men o'qish, o'rganishni istayman. Kun kelib, imkonim bo'lsa, bu mamlakatni qayta tiklash jarayonining ishtirokchisi bo'lishni xohlayman."

'Bugungi kunimiz qonga to'la o'tdi'

Biroq uning maqsadlarini amalga oshirish oson emas.

O'tgan oyga qadar Mahmud, o'z tili bilan aytganda, tahsilini davom ettirish uchun "zo'rg'a" imkoniyat topayotgan edi. Mahalliy generator uning asosiy suyanchig'iga aylangandi.

"Mening masofaviy ta'limim uchun zarur bo'lgan elektr quvvati, internetga ulanish imkoniga ega bo'lish qamal ostida qolayotgan hududda juda mushkul masala."

So'nggi bir oy ichida vaziyat yanada yomonlashdi.

U yashayotgan binodagi barcha oilalar yerto'laga tushib, jon saqlashga majbur bo'ldilar.

Mahmud kabi kompyuter savodxonligi bo'yicha ta'lim olayotgan yana bir talaba Majidning uyi havodan hujum oqibatida vayron bo'lgan. U tez-tez uzilib qoladigan internet va telefonini quvvatlantirish muammosidan qiynalmoqda.

O'tgan hafta dunyoning boshqa burchagidagi talabalar imtihonlarga tayyorlanayotgan bir paytda Majid o'qituvchilariga uzr so'rab, xabar yubordi: "Bugungi kunimiz qonga to'la o'tdi, bizni havodan nishonga olishdi."

Фото муаллифлик ҳуқуқи courtesy

Majidning aytishicha, shu hafta boshida otashkesim bo'yicha muzokaralar bo'lib o'tgan.

Hududda ovqat va elektr quvvati tanqisligi yuzaga kelgan, oziq-ovqat mahsulotlari narxi osmonga ko'tarilgan. Odamlar osmondan yog'ilayotgan bombalardan qochish uchun vaqtinchalik bombapanohlarda yashirinishga majbur qolmoqdalar.

Majid ta'limsiz qolayotgan Suriyaning navbatdagi avlodi va "e'tiborsizlik hamda bolalar mehnati"dan tashvishda ekanligini izhor etadi.

Dunyodagi boshqa talabalar imtihonga qolgan kunlarni sanasa, Majid halok bo'lganlar sonini hisoblaydi.

Фото муаллифлик ҳуқуқи Getty Images

Biroq u hamon yorqin kelajakdan umidvor ekanligini aytadi. Ma'lum qilishicha, fan nomzodi bo'lish orzusida edi.

"Bizning hayotimiz davom etadi, urush bizga xalaqit berolmaydi. Pirovardida, biz ushbu mamlakatni qayta tiklaydigan avlodga aylanamiz," deydi Majid.

"Ta'lim o'z kelajagimizni qurishimizda ko'mak berishiga ishonaman."

BBCUZBEK.COM билан Telegram орқали +44 7858860002 номери билан боғланинг. Telegram каналимиз: https://t.me/bbcuzbek