Britaniyadagi muhojir ayollarning sirli dunyosi

Victim of sexual violence

Ular jinsiy tahqirlashdan qochib, Buyuk Britaniyaga boshpana izlab kelgan edilar. Biroq bu yerda ham jinsiy tajovuz ularni ta'qib qilishdan charchamadi. Mamlakatdan chiqarib yuborishlaridan qo'rqqan ayollar, aksariyat hollarda, jinsiy zo'ravonlik yuzasidan politsiyaga murojaat qilmaydilar. Endilikda ular, hech yo'q, o'zaro dardlasha boshladilar.

37 yoshli Greysdan hech jinsiy aloqaga kirishishdan oldin rozilik so'rashmagan.

"Bu borada yagona ayol emasman. Menga o'xshagan ayollar ko'p."

"Biz Buyuk Britaniyadagi har narsadan mahrum va eng ojiza ayollarmiz."

Greys butun hayotim davomida qo'ldan-qo'lga o'tib, odamlar xizmatini qilsam kerak, degan fikrga kelib bo'lgan.

Greys 17 yoshida, ya'ni 1998-yil Londonga kelgan. U G'arbiy Afrikada tug'ilgan, lekin yaqinlari hayotini xavf ostiga qo'ymaslik maqsadida ona vatani nomini yashiradi.

"Men juda-juda qashshoq oilada tug'ilganman," deydi u.

Oila shu darajada qashshoqligidan Greysni 15 yoshida 17 yashar opasi bilan birgalikda otasidan katta odamga qalin puli evaziga turmushga beradilar. Keyinroq opa-singil cholning qolgan besh ayoli bilan poytaxtga ko'chib ketadi.

Ilk bora opa-singilda ertangi kundan tashvishlanmaslik, to'yib ovqatlanish imkoniyati paydo bo'ladi. Biroq bunday hayot Greysga manzur emas edi.

"U hayot menga yoqmas edi. Ko'p azob chekkanman," deydi Greys.

Opa-singil eri tomonidan doimiy ravishda ruhan, jismonan va jinsiy tomondan tahqirlanib yashar edi. Bundan tashqari turli marosimlar siyosiy martabasining oshishida yordam berishiga ishongan er xotinlarini ham bunday xurofotlarda ishtirok etishga majburlar edi. "Ba'zida u marosim davomida majburlab, bizga hayvon qoni ham ichirar edi," deydi Greys.

Opa-singil bir-birlarini qo'llab, azoblarga chidashga majbur edilar. Erlari qudratli inson bo'lgani tufayli yaqinlari hayotidan tashvishlanib, bor dardlarini ichga yutar edilar.

Ikki yillik turmushdan so'ng opa-singilning sabr kosasi to'ladi. Ularga amakisi yordam berishni va'da qiladi. Bu odam yashirincha Londonga bir tomonlama ikki chipta xarid qiladi va jiyanlarini u yoqda "mehribon bir inson" kutib olishini ta'kidlaydi.

"Biz Londonga qo'nganimizda bir odam ismimiz yozilgan taxtachani qo'lda tutib turganini ko'rdik. U arvohga o'xshar edi."

Haqiqatan bu odam saratonga chalingan, uzoq yashamasligi yuzidan bilinib turar edi. Amakining mehribon do'sti endilikda yoshi 17 va 19 ga chiqqan opa-singillarni mahalliy cherkovdagi tanishlari oldiga olib boradi. Bu cherkov ahlining aksariyati G'arbiy Afrikadan kelgan va ular qizlarga boshpana borasida yordam bera olishi mumkin edi.

Amakining mehribon do'sti uch haftadan so'ng vafot etadi. Buyuk Britaniyada qonuniy ishlashga ruxsati yo'q opa-singillar cherkovda tanishgan oilalarning biriga ko'chib o'tadilar.

"Muhojir oilalarning o'zi qashshoq bo'lishiga qaramay, ko'p ishlagani sababli biz kabi yosh muhojir qizlarni enagalik va uy xizmatkorligiga yollaydilar. Men va opam alohida oilalarga ketishga majbur edik. Biz ovqat, kiyim-kechak, xullas, hamma tomondan ularga qaram edik."

Tez orada bunday noqulay hayot Greysni azoblay boshlaydi.

"Uy egasi hamma uyquga ketgandan so'ng menga tegajog'lik qila boshladi. Mamlakatdan chiqarib yuborishlaridan qo'rqib, politsiyaga murojaat qila olmasdim. Dardimni hech kimga ayta olmasdim."

Keyinroq ma'lum bo'lishicha, uning opasi ham ayni vaziyatda yashayotgan ekan. Biroq bu haqiqiy qiyinchiliklarning boshlanishi edi, xolos.

Oila farzandlari maktab yoshiga yetgandan so'ng Greysga u bu uyda ortiq kerak emasligini aytadilar va ko'chada qolishga majbur bo'ladi.

Londondagi 20 yillik hayoti davomida Greys o'nlab oilalarda xizmatkorlik qilishga majbur bo'ladi. Bu oilalarda uni jinsiy jihatdan tahqirlaydilar.

"Bu oilalarga tashrif buyurgan deyarli har bir erkak mehmon menga tegajog'lik qilar edi. Ba'zida xonalardan biriga yashirinib olar edim. Gohida bu usul meni jinsiy tajovuzdan saqlab qolar edi.

Ertalab esa erkaklar oilaning boshqa a'zolari oldida hech narsa bo'lmagandek muomala qilishda davom etar edilar."

2008-yilda falokat sodir bo'ladi. Internetda tanishgan erkaklaridan biri bilan uchrashishga ketgan Greysning opasi shu bilan qaytib kelmaydi.

Greys mamlakatda qonuniy yashayotgan do'stlari orqali opasini topishga harakat qiladi, lekin bari befoyda edi. U 10 yildan beri opasining taqdiri haqida hech bexabar yashamoqda.

Bundan besh yil burun so'nggi oila Greysga uning xizmatlari ortiq kerak emasligi haqida ma'lum qiladi. Biroq yana bir bor ko'chada qolgan Greysning hayotida kutilmagan mo'jiza sodir bo'ladi.

Ko'chada o'tirgan Greysning yoniga bir odam kelib, uning hayoti haqida so'raydi. Boshidan o'tganlarni so'zlab bergan Greysni Londondagi markaziy qochqinlar markaziga olib boradi.

Markazda esa Greys qochqin ayollar huquqini himoya qilish bo'yicha faol Marchu Girmani uchratadi. Ayni vaqtda dunyo bo'ylab minglab ayollar #MeToo (#MenHam) harakati orqali o'zlari duch kelgan jinsiy tahqirlovlar to'g'risida so'zlayotgan edilar.

"Men markazda yig'ilgan muhojir ayollarga murojaat qilib, ularga shunday harakat bo'layotganligini aytganimda ular hayratga tushdilar. Ular shu vaqtga qadar o'zlarini jinsiy zo'ravonlikka mahkum hisoblab, taqdirga tan bergan edilar," deydi Marchu Girma.

Image caption "Qochqin Ayollarga Xayrixoh Ayollar" tashkilotiga murojaat qilgan ayollarning aksari jinsiy tahqirlarga duch kelgan.

"Endilikda bu ayollar o'z dardlarini ortiq ichga yutib yurishga majbur emasliklarini anglagan edilar."

Marchu Girma Britaniyada tashkillangan "Qochqin Ayollarga Xayrixoh Ayollar" (Women For Refugee Women) tashkilotining direktoridir. Bu kichik tashkilot mamlakatga boshpana izlab kelgan muhojir ayollarga yordam qo'lini cho'zishni maqsad qilgan. Asli efiopiyalik bo'lgan Girmaning o'zi ham 11 yoshida Britaniyadan qonuniy boshpana olgan.

"Ayollar bizni og'izdan og'izga ko'chib yuradigan gaplar orqali topib keladilar. Biz ularning qonuniy boshpana olishida ko'maklashamiz," deydi Girma xonim.

Manchu Girma Me Too harakati haqida aytgandan so'ng tashkilotga yordam so'rab kelgan ayollarning aksariyati o'zi yuzlashgan jinsiy tahqirlar haqida so'zlay boshladi.

Ularning ko'pchiligi Greys kabi boshpanasiz qolish yoki deportatsiya qilinishdan qo'rqib, jinsiy zo'ravonlikka chidab yashashga majbur bo'lgan.

"Agar sizda mamlakatda yashash va ishlash uchun qonuniy huquq bo'lmasa, u holda siz qonundan tashqari shaxs hisoblanasiz. Qanchalik jinsiy tajovuzga uchramang, qonun sizga qarshi ishlayveradi," deydi Girma xonim.

"O'z mamlakatidagi tahqirlardan qochib kelgan bu mushtipar ayollar yomg'irdan so'ng do'lga tutilganlar. Ularning hayoti tinimsiz jinsiy tahqirlovlar ostida o'tgan."

Qonuniy boshpana olish uchun murojaat qilmasdan yashirincha yashab kelishga majbur bo'lgan ayollarning ahvoli undanda abgor.

"Hozirda politsiya va immigratsiya xodimlari o'zaro ma'lumot almashib turadilar. Biz jinsiy tajovuz yuzasidan politsiyaga murojaat qilgan qonuniy yashash huquqini olmagan ayollar immigratsiya xodimlariga qo'shqo'llab topshirilib yuborilishi, keyinchalik ular vaqtinchalik saqlash markazlariga qamab qo'yilishi va, hattoki, mamlakatdan chiqarib yuborilishi haqida ko'p eshitganmiz. Joriy qonunchilik tizimi huquqsiz ayollarni himoya qilishni ko'zda tutmaydi, jinsiy zo'ravonlar esa ayollar dardini hech kim tinglamasligini yaxshi biladi."

Oxford Migration Observatory (Oksford Migratsiya Kuzatuvi) ma'lumotlariga ko'ra, hozirda Buyuk Britaniyada yuz minglab muhojirlar noqonuniy yashab kelmoqda.

Biroq qonuniy boshpana olish uchun ariza topshirgan, hattoki, qonuniy maqomga ega bo'lgan ayollar ham o'z huquqlari poymol qilinishi yuzasidan politsiyaga murojaat qilishdan o'zini tiyadi.

Greysning G'arbiy Afrikadan bo'lgan Yanel ismli dugonasi 10 yil oldin o'z vatanida siyosiy faoliyati yuzasidan hibsga olinadi. Hibsxonada bir guruh politsiyachilar uni ayovsiz ravishda zo'rlaydi.

Image caption "Qochqin Ayollarga Xayrixoh Ayollar" tashkilotidan Manchu Girma

Hibsdan ozod qilingandan keyin mahalliy siyosiy partiyadan bo'lgan do'stlari uni Londonga ketishiga yordam beradi. Greys kabi Yanel ham xizmatkorlik va enagalik qilish evaziga boshpana hamda ovqatga ega bo'ladi.

O'z mamlakatida ham siyosiy faol bo'lgan Yanel zudlik bilan siyosiy boshpana olish uchun ariza topshiradi. Biroq uning birinchi so'rovi rad etiladi.

Biroq Yanel Greysdan ko'ra omadliroq edi. U xizmat qilgan uy egalari tegajog'lik qilsa-da, Yanelni jinsiy zo'rlashga botina olmaydi. Turli oilalar, turli muhitlarda yashab ko'rgan Yanel, nihoyat, "Qochqin Ayollarga Xayrixoh Ayollar" tashkilotiga murojaat qilishga qaror qiladi. Ayni shu yerda Greys bilan tanishib qoladi.

"Biz Me Too harakati haqida eshitishimizdan oldin hech qachon o'zimiz duch kelgan jinsiy tahqirlar haqida og'iz ochmas edik. Biz olgan tarbiya, biz o'sgan madaniyat ham bunga yo'l qo'ymas edi. Biroq tashkilotdagi faol ayollar bizning qalbimizda jasorat uyg'otdi," deydi Yanel.

"Biz opa-singillar bo'lib birlashmog'imiz, Greys va Yanel kabi o'z dardini yashirib yurishga majbur ayollarni izlab topishimiz zarur," deydi Girma xonim.

37 yoshga kirgan Greys o'rta ta'lim olish haqida rejalar tuzmoqda. Keyinroq u doyalik bo'yicha malaka oshirish niyatida. Hozirda u qochqinlarni boshpana bilan ta'minlash dasturi doirasida tanishgan 80 yoshlardagi er-xotin bilan birga yashamoqda. U bu oiladagi hayotidan mamnun. Biroq u hanuz mamlakatda yashash yoki ishlash huquqiga ega emas. Xayriya orqali ovqatlanadi va kiyinadi.

U bir kun kelib opasini topishidan umid qilib yashaydi. 2013-yildan beri qonuniy boshpana so'rab yozgan uchta arizasiga rad javobi berilgan. Hozirda uning to'rtinchi so'rovi o'rganib chiqilmoqda. Qo'lida atigi bir parcha qog'ozi yo'qligi tufayli mamlakatda o'tgan 20 yili azoblar ostida kechdi.

Biroq uning umidi hanuz so'nmagan. Endilikda u bilan dardlashishi mumkin bo'lgan do'stlari bor.

Yanel ham qonuniy boshpana uchun qaytadan ariza topshirmoqchi. Uning tushlariga hali ham o'z yurtida bir guruh politsiyachilar tomonidan zo'rlangan kechasi kirib-chiqadi. Me Too harakati haqida eshitganidan beri bunday tushlar ko'rayotgan paytlarda zo'ravonlarga qarshi chiqishga o'zida kuch topa olmoqda. Ba'zida u tushlarida politsiyachilarga o'z huquqini talab qilib, baqiradi va ular Yanelni tinch qo'yadilar.

Fotosratlar muallifi Emma Lynch

Barcha ismlar o'zgartirilgan