Dunyoning ishlari: Qizim uchun ota yollaganman, lekin u bundan bexabar

Street scene, illustration

Ota-onasi ajrashganda Megumi hali goʻdak edi. Shundan soʻng otasi qorasini koʻrsatmaydi. Biroq oradan yillar oʻtib, onasi Megumiga u yana ortga qaytishni istayotganini aytadi.

Megumi otasi Yamada bilan qaytadan tanishadi va ular muntazam koʻrishib turadilar. Qiz Yamada uning haqiqiy otasi ekanligiga hanuz ishonadi, ammo bularning yolgʻon.

"U doimo otasi qayerda ekanligini soʻrar, dadam tugʻilganimdan soʻng bizni tashlab ketgan, demak, hammasiga men aybdorman, deb oʻzini qiynar edi," soʻzlaydi Megumining onasi Asako.

Bir qancha yil davomida bunday soʻroqlar Asako uchun unchalik muammo tugʻdirmaydi, lekin Megumi 10 yoshga toʻlganda, uning feʼl-atvori oʻzgara boshlaydi.

"U odamovi boʻlib qolgan edi," eslaydi Asako.

Shunda Asako Megumidagi oʻzgarishga boshqa jiddiy muammo ham sabab boʻlayotganini bilib qoladi: Yaponiyada yolgʻiz onasi bilan yashaydigan bolalar, koʻp hollarda, tengdoshlari tomonidan uyat qilinadi.

Shu sababdan Megumi maktabga borishdan bosh torta boshlaydi.

"Uni bunday holatda koʻrishga chiday olmadim," deydi Asako.

Mean girls. illustration

U qizining oʻqituvchilaridan yordam soʻrab koʻradi, lekin bu ish bermagandan soʻng hayoliga oʻzgacha gʻoya keladi.

"Qizim uchun eng munosib ota topib bersam-chi, deb oʻylab qoldim," hikoya qiladi Asako.

U toʻy-tomoshalar, uchrashuvlarda qarindosh rolini oʻynab beradigan aktyerlar haqida eshitgan edi. Asako shunday aktyerlarni ijaraga olish mumkin boʻlgan agentlik bilan bogʻlanadi va qizi uchun soxta ota kerakligini aytadi. Beshta nomzodni koʻrib chiqqandan soʻng, nihoyat, Takashi ismli erkakni tanlaydi.

"U juda mehribon va xushmuomala edi, shuning uchun uni tanladim."

Takashi 20 yaqin xodim va 1,000 dan ortiq yollanma ishchiga ega boʻlgan agentlikni boshqaradi. Uning qoʻl ostidagi xodimlari - ayolmi yo erkak - mijozlar istagan obrazga kirib keta oladi. Ular soxta qarindoshlar rolini oʻynasada, qonunni buzmaslikka qatʼiy amal qiladilar.

Agentlik rahbari ekaniga qaramay, Takashining oʻzi ham aktyerlik bilan shugʻullanadi.

U Gollivud filmlarini diqqat bilan tomosha qilib, oʻz rollariga tayyorlanadi.

"Men filmlardagi voqealarni tadqiq qilib chiqaman, oila aʼzolari oʻrtasidagi munosabatlar qanday kechayotganiga diqqat qilaman," soʻzlaydi janob Takashi.

Asako qizining orzusidagi ota qanday ekanini tasvirlash va tushuntirish uchun Takashi bilan bir necha marta uchrashadi.

Man in mask looking in mirror, illustration

"Talablarim juda oddiy edi. Birinchidan, Takashi otasi sifatida qizim bilan uchrashganda shu chogʻga qadar u bilan birga boʻla olmagani uchun uzr soʻrashini istadim. Ikkinchidan, qizimning ichida yigʻilib qolgan bor dardiga quloq tutishini xohladim."

Aktyer bilan kelishuvdan soʻng Asako Megumiga otasi ularning yoniga yana qaytishni istayotganini aytadi.

Otang hozirda aktyer boʻlib ishlayotgan ekan, deyishni ham unutmaydi.

Hayratda qolgan Megumi "otasi" bilan koʻrishishga rozi boʻladi.

Takashi Megumi bilan birinchi uchrashuvni hamon xotirlaydi.

"Umrimda duch kelmagan murakkab ruhiy holatni boshdan kechirgandim. Megumi nega shu paytgacha koʻrgani kelmaganimni soʻradi. Uning qalbidagi ogʻriqni yaxshi his qilib turar edim," eslaydi Takashi.

Takashi Yamada sifatida Megumi va uning onasi bilan har oyda ikki bor koʻrishib turadi. Ular yangi oila sifatida kinoga tushadilar, tugʻilgan kunlarni birga oʻtkazadilar.

Asako qisqa vaqt ichida qizining butunlay oʻzgarib ketganini xotirlaydi.

"Megumining yuzida bir zumda baxt uchqunlari paydo boʻldi. U endi odamovi emasdi. U yana odamlar bilan gaplasha boshladi, maktabiga qaytdi. Qizimning baxti uchun tashkillagan tomosham bu narsaga arzir edi."

Maktabda boʻlib oʻtgan ota-onalar kuni, ayniqsa, Asakoning esidan chiqmaydi.

Happy daughter illustration

"Biz Takashi bilan ota-onalar qatorida oʻtirar edik. Megumi bizni izlay boshladi va bizga koʻzi tushishi bilan yuzida shirin tabassum paydo boʻldi. Oʻsha paytdagi xursandligimni koʻrsangiz edi."

Takashining xizmati arzon emas. Asako har safar uni Yamada rolini oʻynab berish uchun yollaganda, 10,000 yen (taxminan $90) toʻlashiga toʻgʻri keladi. Biroq qizining baxtiyorligini koʻrgan Asako ketgan pulga sira achinmaydi.

Takashi ham Megumining ilk uchrashuvdan keyin ancha oʻzgarganini payqagani haqida soʻzlaydi.

"Birinchi koʻrishganimizda u tortinchoq qiz edi. Vaqt oʻtishi bilan quvnoq va xushchaqchaq qizga aylana bordi. Bir kuni onasiga dadam bilan yolgʻiz aylanmoqchiman, dedi. Oʻshanda u qoʻlimdan ilk bor tutgan edi."

Takashi 10 yildan beri Yamada rolini oʻynab keladi. U hozirda oʻsmir Megumiga ota sifatida juda yaqin boʻlib qolgan, oilaning haqiqiy aʼzosiga aylangan. U ota sifatida doimo Megumiga uni yaxshi koʻrishini aytadi, ammo uning asl otasi emasligini yaxshi biladi.

Street scene, illustration

Xoʻsh, Takashi qizni aldab kelayotganidan oʻzini qanday oqlaydi?

"Bu ishda bir shaxs obrazidan ikkinchisiga oʻta olish juda muhim. Men ham odamman, shuning uchun qizni seni yaxshi koʻraman, deb har aldaganimda ichimdan hech qanday aybdorlik hissi oʻtmaydi, desam yolgʻon boʻladi. Biroq bu biznes, men bu ishni qilishim zarur."

Asakoning oʻzi ham baʼzi odamlar u tanlagan yoʻlni tanqid qilishini yaxshi tushunadi.

"Men tashkil etgan tomosha aqlli tanlov emasligini doim anglayman, lekin qizimni saqlab qolishni juda ham istagandim."

Asakoning oʻzi ham Takashi ijro etayotgan obrazga oʻrganib qolganini maʼlum qiladi.

"Har safar uchalamiz birga boʻlganimizda, oʻzimni qandaydir xotirjam his qilaman."

"Biz miriqib suhbatlashamiz, birga kulishamiz. U uzoq vaqtdan beri biz bilan birga. Unga turmushga chiqib, haqiqiy oilaga aylanishni istagan boʻlardim."

Ammo Takashi Asakoning istaklariga rozi boʻlmagan.

Mask illustration

"Men hammasi ostin-ustun boʻladi, deb oʻylamayman. Fikrimcha, katta ehtimol bilan, Megumi shu paytgacha ota sifatida unga mehr koʻrsatganim uchun tashakkur izhor qiladi."

"Oʻylashimcha, men bu oilaga juda katta yordam berdim… Balki Megumidan rahmat kutish ortiqchadir, ammo, hech boʻlmaganda, u biz taklif qilayotgan xizmat qanchalik yuqori darajada ekanini anglaydi."

Yellow mask illustration

Koʻpchilik tanishlari Asakoning tanlovini tushuna olmaydi. Ularga koʻra, Megumi haqiqatni bilib qolsa, qattiq tushkunlikka tushib qolishi mumkin. Biroq Asako oʻz qarorini hech qachon notoʻgʻri boʻlgan, deb oʻylamaydi.

"Bilaman, aksar odamlar qizimni aldash uchun pul sarflashimni ahmoqona yoʻl, deb hisoblaydi, lekin men oʻsha paytlari oʻta umidsizlikka tushib qolgandim."

"Oʻz farzandi azoblanayotganiga hech qanday ona bemalol qarab tura olmasa kerak."

Asako haqiqat oshkor boʻlganda, Megumi qanday holga tushishini tasavvur qiladi, ammo bu haqida oʻylamaslikka tirishadi.

"Mening holatim yagona emas. Surrogat ota va onalar soʻnggi paytda urf boʻlmoqda."

"Megumi" haqiqatni bilib qolmasligi uchun hikoyadagi barcha ismlar oʻzgartirilgan. Onasi unga bor gapni oshkor qilishga tayyorgarlik koʻrmoqda.

Suratlar muallifi Keti Horvich

Бу мавзуда батафсилроқ