Ilm-fandagi yangiliklar: Olimlar ongni oʻqiy boshladimi?

Фото муаллифлик ҳуқуқи Getty Images
Image caption Olimlar ongni oʻqiy boshladimi?

Yangi yilning boshidan buyon dunyo olimlari bir qancha kashfiyotlarga qoʻl urishga ulgurdi. Odam miyasidan kelayotgan signalni oʻqiy olish, polimerlar asosidagi quyosh akkumulyatori, muzlatgichda yashovchi xavfli bakteriya ana shular jumlasidan.

Olimlar ongni oʻqiy boshladimi?

Olimlar ilk bor odam miyasi signallarini nutqqa aylantira olishga muvaffaq boʻldi.

Ushbu misli koʻrilmagan kashfiyot "odam-kompyuter" interfeysini yaratishda oldinga tashlangan ulkan qadam sifatida koʻrilmoqda.

Olib borilgan ilmiy tajribalar davomida bosh miyaning elektrokimyoviy faoliyatida natijasida yuzaga keluvchi nutq signallarini taqqoslab, soʻng olingan maʼlumotni nutqqa aylantira oladigan sunʼiy idrok algoritmidan foydalanilgan.

Odam soʻzlayotgan paytda miyaning nutqiy markazlari faollashishi olimlarga anchadan beri maʼlum edi. Hozirda yaratilgan kompyuter tizimi hali ifoda etilmagan asl oʻy-xayollarni emas, balki aynan nutq boʻlib yuzaga chiquvchi miya signallarini oʻqiy oladi. Biroq olimlar kompyuterning kelajakda fikrlarni ham oʻqiy olishni oʻrganishini taʼkidlamoqda.

"Nutq bizga yaqinlarimiz, doʻstlarimiz va atrofdagilar bilan muloqot qilish imkonini beradi. Mana shuning uchun ham biror jarohat yoki xastalik tufayli soʻzlash qobiliyatidan mahrum boʻlish kishi uchun katta baxtsizlik hisoblanadi," deydi Kolumbiya Universitetidagi tadqiqotchilar guruhi aʼzosi Nima Mesgarani.

"Yangi maʼlumotlarga tayangan holda, biz gapirish qobiliyatini tiklay oluvchi vositaga ega boʻldik. Yaratilgan kompyuter tizimi yordamida miya signallarini odam uchun tushunarli boʻlgan nutqqa aylantirib bera oldik."

Vokoder deb ataluvchi tadqiqotchilar tomonidan ishlatilgan algoritm nutqni sintezlashda qoʻllaniladi.

Mazkur algoritmning bir versiyasi Siri va Amazon Alexa kabi nutqni tanish tizimlarida keng ishlatiladi. Biroq ayni holatda vokoder algoritmi odamning haqiqiy ovozini emas, balki miyaning tinglash markazlaridagi neyronlar faolligini tahlil qilgan. Tajribada ishtirok etgan insonlarga savollar oʻqib eshittirilgan, soʻng datchiklar ularning miyasidan kelayotgan javob signallarini yozib olgan.

Avvaliga bemorlarga 0 dan 9 ga qadar raqamlar oʻqib eshittirilgan. Bemorlar miyasida bu raqamlarni qayta takrorlagan va bu jarayonda yuzaga kelgan signallarni esa sunʼiy idrok tizimi tahlil qilgan. Natijada, ushbu tahlil asosida qayta oʻynalgan ovozlar asliga juda yaqin boʻlgan.

"Sezgir dekoder va kuchli neyron hisoblagich tizimlar bemor eshitgan tovushlarni hayratda qoldiruvchi aniqlikda qayta oʻynab berdi," hikoya qiladi Nima Mesgarani.

Yaqin kelajakda mazkur tadqiqot asosida turli sabablar bilan soʻzlash qobiliyatidan ayrilgan insonlarning miya signallarini tushunarli nutqqa aylantirib bera oluvchi tizimlar yaratilishi mumkin.

Mashhur marhum olim Stiven Xoking shunga oʻxshash, ammo boshqacha yoʻsinda ishlovchi va bu qadar keng imkoniyatlarga ega boʻlmagan nutq sintezatoridan foydalanar edi.

Quyosh energiyasini gʻamlab qoʻya oluvchi akkumulyator

Фото муаллифлик ҳуқуқи iStock
Image caption Akkumulyatorning ishlash prinsipi anʼanaviy quyosh panellarinikiga oʻxshab ketadi

Olimlar quyosh energiyasini yigʻib, uni uzoq vaqt saqlay oluvchi suyuqlikni ixtiro qildi.

Maʼlumki, zamonaviy quyosh energetikasining bir katta nuqsoni mavjud - quyoshdan olingan energiyani uzoq muddatga saqlab boʻlmaydi. Hozirga qadar quyosh energiyasini yigʻish va saqlashning samarali hamda arzon usuli yaratilmagan.

Biroq oʻtgan yil davomida shvetsiyalik olimlar bu sohada qator jiddiy natijalarni qoʻlga kiritdi.

Shvetsiyada joylashgan Chalmers Texnologiya Universiteti olimlari guruhi quyosh energiyasini gʻamlab qoʻya oladigan suyuqlik yaratganlarini eʼlon qildi.

Mazkur polimer suyuqlikning molekulalari uglerod, vodorod va azot atomlaridan tashkil topgan. Suyuqlikka quyosh nuri tushganda, uning molekulalari oʻzgacha tusda harakatlana boshlaydi: atomlar oʻrtasidagi bogʻlamalar oʻzgaradi va molekula yangi shaklda energiyani saqlaydigan izomerga aylanadi.

Atomlarning kuchli bogʻlamalari sababli, hatto, suyuqlik xona harorati darajasiga qadar sovitilsa ham, yigʻilgan energiya uzoq vaqt saqlanadi.

Toʻplangan energiyadan foydalanish uchun suyuqlik molekulalarni oldingi holatiga qaytaruvchi maxsus katalizatordan oʻtkaziladi. Natijada energiya issiqlik shaklida ajralib chiqa boshlaydi.

"Bunday izomerdagi energiyani 18 yilgacha saqlash mumkin," tushuntiradi tadqiqotchilarning biri Kasper Mot-Pulsen.

Universitet tomiga oʻrnatilgan yangi tizim prototipi quyosh energiyasini issiqlik energiyasiga aylantirib, yaxshi natijalarni koʻrsatgan.

Akkumulyatorning ishlash prinsipi anʼanaviy quyosh panellarinikiga oʻxshab ketadi.

Suyuqlik xona haroratida saqlanganda, undagi yigʻilgan energiyaning juda kam qismi yoʻqoladi, xolos.

Tadqiqotchilar energiya yigʻish-ajratish siklini 125 martadan koʻproq amalga oshirganda, molekulalar samaradorligi sezilarli darajada pasayganini kuzatishmagan.

Olimlarning taʼkidlashiga koʻra, ular yaratgan suyuqlikning bir kilogrammi 250 vatt soat energiyani yigʻa olish imkoniga ega. Bu Tesla kompaniyasining mashhur Powerwall batareyalari sigʻimidan ikki barobarga koʻp deganidir.

Ixtiro mualliflari yaqin 10 yil ichida mazkur tizimdan tijoriy maqsadlarda foydalanish mumkin boʻlishini maʼlum qilgan.

Nega salatni muzlatgichda uzoq vaqt saqlab boʻlmaydi?

Фото муаллифлик ҳуқуқи iStock
Image caption Bacillus cereus bakteriyasi xavfli toksinlarni ishlab chiqaradi

Goʻsht va baliq kabi bir qancha mahsulotlarni, hatto, muzlatgichda ham uzoq vaqt saqlash mumkin emasligini yaxshi bilamiz.

Oxirgi paytda Bacillus cereus nomli bizga u qadar yaxshi boʻlmagan bakteriyaning oqsillarga boy mahsulotlarni zararlashi toʻgʻrisida yangi maʼlumotlar paydo boʻlmoqda. Qayd etish lozim, ushbu bakteriya tabiatda keng tarqalgan.

"Bu bakteriya turli joylarda yashaydi: tuproqda, hayvonlar terisida, hasharotlarda, changda va oʻsimliklarda," soʻzlaydi Avstraliya Milliy Universitetida biotexnolog Anukriti Matur. "U, ayniqsa, guruch, sut mahsulotlari va sabzavotlarda juda osonlik bilan koʻpayadi."

Bu bakteriyaning ayrim shtammlari sut mahsulotlarini fermentlash va qatiq tayyorlash sanoatida keng qoʻllaniladi. Biroq uning boshqa koʻrinishlari oziq-ovqatlarni oʻlimga sabab boʻluvchi darajagacha oʻtkir zaharlashi mumkin.

2005-yilda bir oilaning besh farzandi muzlatgichda toʻrt kun saqlangan makaronli salatni isteʼmol qilish oqibatida oʻtkir zaharlangan. Oʻshanda bolalarning eng kichigi hayotdan koʻz yumgan.

Soʻnggi paytlarda bunday infeksiya holatlari soni oʻsib bormoqda, ammo zaharlanishlarning katta qismi nisbatan yengil kechganidan uning sabablari oʻrganilmay qolib ketmoqda.

Bu bakteriya tufayli zaharlangan bemorda qayt qilish, yuqori darajadagi isitma va alohida holatlarda buyrak faoliyatining jiddiy tarzda ishdan chiqishi kuzatiladi.

Bacillus cereus bakteriyasi xavfli toksinlarni ishlab chiqaradi, keyin ular qonga tushadi. Bu toksinlarning baʼzilari issiqqa chidamli.

Masalan, odamni qayt qildiruvchi toksin Selsiy boʻyicha 121 daraja issiqlikda 90 daqiqa davomida yashashga qodir.

"Bizning immun tizimimiz bu toksinni taniy oladi va unga qarshi anti-tana ishlab chiqaradi. Oqibatda yalligʻlanish yuzaga keladi," deydi Anukriti Matur.

Uning soʻzlariga koʻra, toksin hujayra membranalarini parchalab, hujayralar oʻlimiga sabab boʻladi va kuchli yalligʻlanishni yuzaga keltiradi. Olimlar hozirda bu toksin faoliyatini susaytirish yoʻllarini tadqiq qilmoqda.

Biokimyogarlar va gastroenterologlar ancha vaqtdan beri qaynatilgan guruch, makaron va boshqa oqsillarni muzlatgichda bir sutkadan uzoq vaqt davomida saqlamaslikni tavsiya qilib kelayotganini yodda saqlash lozim - bu mahsulotlar ancha payt qayta qizdirilganda ham ularda bakteriyalar va toksinlar yashab qolishi mumkin.

Yoʼqolgan shahar

Фото муаллифлик ҳуқуқи iStock
Image caption Yoʻqolgan qadimiy shahar poytaxt Yoxannesburg yaqinidagi qalin yaylovzor ostida ekani aniqlangan

Janubiy Afrika Respublikasida topilgan bir necha tosh kulbalar aslida minglab odam istiqomat qilgan qadimiy shaharning bir qismi ekani maʼlum boʻldi.

Janubiy afrikalik olimlar zamonaviy lidarlar (lazer qurilmalar) yordamida yuzlab uylar, savdo yoʻllari va bozor maydonlari boʻlgan yirik shaharni topishga muvaffaq boʻldi.

Taxminan ikki yuz yil muqaddam kimsasiz makonga aylangan ushbu shaharning nomi Kveneng. U svana xalqining poytaxti boʻlgan. Shaharda 10 mingdan ziyod inson istiqomat qilgan.

"Biz Janubiy Afrika Respublikasining yevropaliklar istilosiga qadar boʻlgan tarixi toʻgʻrisida juda kam maʼlumot bilamiz," deydi Vitvatersrand Universitetidan arxeolog Fern Imbali Siksvana. "Lidarlar mamlakat tarixidagi yana bir boʻshliqni toʻldirishga imkon berdi."

Arxeologlar aynan shu texnika yordamida oʻtgan yili mayyalarning yoʻqolgan shahrini topgan edi.

Yoʻqolgan qadimiy shahar poytaxt Yoxannesburg yaqinidagi qalin yaylovzor ostida ekani aniqlangan.

Maydoni 20 kvadrat kilometrga teng bu shahar XV-XIX asrlarda gullab-yashnagan. Butun shaharni tosh devorlar kesib oʻtgan boʻlgan.

Kveneng markazida mingga yaqin qoramol saqlangan ikki yirik qoʻton ham topilgan.

Taxmin qilinishicha, koʻchmanchi chorvador svana xalqiga tegishli bu shahar qabilalararo nizolar oqibatida boʻshab qolgan.

Hozirda tarixchilarga bu voqeaning gollandlar mintaqaga kelgunga qadar sodir boʻlgani maʼlum, xolos.

Бошқаларнинг жинсий ҳаёти сизникидан яхшироқми?

Илм-фан: Араб Баҳорига иқлим ўзгариши сабаб бўлганми?

Илм-фан: Товуқлар қандай қилиб дунёни эгаллаб олган?

BBCUZBEK.COM билан Telegram орқали +44 7858860002 номери билан боғланинг.

Telegram каналимиз: https://t.me/bbcuzbek