HRW: IShIDga aloqador koʻrilgan bolalar Iroqda “qiynoqqa tutilmoqda”

Handcuffs hang in a prison. File photo Фото муаллифлик ҳуқуқи Reuters

Islomiy Davlatga aʼzolikda gumonlangan 1,500 nafar bolani Iroq federal hukumati va Kurd maʼmuriyati hibsda saqlab kelmoqda, deydi Human Rights Watch tashkiloti.

Tashkilot yoyinlagan yangi hisobotda hibsdagi bolalarning koʻrsatma berishi uchun qiynoqqa tutilayotgani taʼkidlanadi.

HRW Iroq federal va Kurdiston Regioni hukumatlarini bunday holatlarga chek qoʻyish yoʻlida terrorchilikka qarshi qonunlarni qayta koʻrib chiqishga chaqirmoqda. Tashkilot hukumatlarning xalqaro qonunlarni qoʻpol tarzda poymol etayotganini aytadi.

Bunga qadar Kurdiston Regioni hukumati bolalarning Islomiy Davlatga aloqadorligini majburan tan oldirish maqsadida qiynoqqa solingani taʼkidlangan boshqa bir HRW hisobotini rad etgan edi.

Yanvar oyida bir kurd rasmiysi hukumatning bunday bolalarni "qayta tarbiyalash"ga urinayotgani, ularning qiynoqqa tutilmayotgani va boshqa mahbuslar bilan teng huquqli koʻrilayotganini maʼlum qilgan.

Hisobotda nimalar deyiladi?

53 sahifalik hisobotda taʼkidlanishicha, 2018-yil oxiriga kelib, Iroq va Kurd hukumatlari qoʻlida IShIDga aloqador koʻrilgan 1,500 nafar bola boʻlgan.

Kamida 185 nafar bola terrorchilikda ayblanib, turli muddatlarga ozodlikdan mahrum etilgan.

Hisobotda mahalliy rasmiylarning IShIDga har qanday aloqasi borligi taxmin qilingan bolalarni hibsga olishi, koʻrsatma berishi uchun ularni qiynoqqa tutishi va adolatsiz sud mahkamalari orqali ularga turli jazolar tayinlashi iddao qilinadi.

"Bunday qattiqqoʻl yondashuv adolatni qaror toptirmaydi va bolalarning aksariyati uchun bir umrga tatiydigan salbiy oqibatlarni keltirib chiqaradi," ogohlantiradi HRW vakili Jo Beker.

Bolalarning oʻzi nima deydi?

Oʻtgan noyabr oyida HRW hibsda boʻlgan 29 bola bilan suhbatlashgan.

Ularning 19 nafari qiynoqqa solingani, jumladan, plastik quvurlar, simlar yoki xivich bilan kaltaklanganidan shikoyat qilgan.

2017-yilda Iroq xavfsizlik kuchlari tomonidan qoʻlga olingan 17 yashar bola uning tovon qismiga tinimsiz urilgani va soʻroq paytlari qoʻlidan osib qoʻyilganini maʼlum qilgan. Tergovchilar unga uch kun ichida IShIDga aloqadorligingni tan olasan, degan talab qoʻygan va bola majburan ularning shartini bajargan.

Sud mahkamasidan soʻng bolani Bogʻdod aeroportidagi qamoqxonaga oʻtkazganlar va u oʻsha yerda yetti yarim oy davomida hibsda saqlangan.

"Har kuni qiynoqqa solishardi. Bizni har kuni urishardi," degan bola.

14 yashar boshqa bir bola ham 2017-yilda Kurd politsiyasi zobitlari tomonidan oʻxshash tarzda qiynoqqa solinganini aytgan.

"Ular plastik quvurlar bilan hamma joyimga urishdi," bildirgan bola.

"Boshida, sen IShID bilan birgasan, deyishdi. Men ularning gapiga noiloj rozi boʻldim. Keyin IShID uchun uch oy ishlagansan, deyishdi. Men unga hech qanday aloqam yoʻqligini taʼkidladim, ammo ularning ayblovini tan olishga majbur boʻldim."

Hisobotda, shuningdek, suhbatlashilgan bolalarning aksariyati moliyaviy qiyinchiliklar tufayli, tengdoshlari yoki oilasi qistovi bilan IShIDga qoʻshilgani qayd etiladi.

Ayrim bolalar oilaviy muammolar yoki ijtimoiy mavqeni oshirish yoʻlida shunday yoʻl tutganini bildirgan.

HRW hibsdan ozod etilgan iroqlik bolalarning IShID aʼzosi boʻlish jamiyat tomonidan isnod, deya koʻrilishi va oʻch olish ehtimoli yuqoriligi tufayli oʻz uyiga qayta olmayotganini aytadi.

Inson huquqlarini himoya etuvchi bu tashkilot, xalqaro huquq boʻyicha, qurollangan guruhlar tomonidan yollangan bolalarning qurbon sifatida tan olinishi va ular qayta tarbiyalanib, jamiyatga qoʻshilishi lozimligini yana bir bor eslatgan.

BBCUZBEK.COM билан Telegram орқали +44 7858860002 номери билан боғланинг.

Telegram каналимиз: https://t.me/bbcuzbek