Dunyo, yangiliklar: Yevropaning eng qimmat futbol klubi va sendvichga $420 ming sarflagan ozarbayjonlik “boy xotin”

Real Madrid Yevropaning eng qimmat klubi bo'ldi Фото муаллифлик ҳуқуқи Rob Foldy/Getty
Image caption Real Madrid Yevropaning eng qimmat klubi bo'ldi

Yevropaning eng qimmatbaho futbol klubi nomi eʼlon qilindi

KPMG professional auditorlik xizmatlari firmasining hisob-kitoblariga koʻra, Real Madrid Manchester Unitedʼni dogʻda qoldirib, 3.22 milliard yevro ($3.59 milliard) qiymat bilan Yevropadagi eng qadrli futbol klubiga aylangan.

KMPG hisoboti 2016-2017 va 2017-2018-yillardagi mavsum, foyda keltirish imkoniyatlari, teleuzatish huquqlari, mashhurlik, oʻyin salohiyati va stadionning qiymatiga asoslangan.

Yevropa Ligasining finalchilari boʻlmish Chelsea va Arsenal roʻyxatning oltinchi va yettinchi oʻrinlarini egallagan.

Real Madrid hisobotda oʻrganilgan ikki mavsum davomida Chempionlar Ligasida gʻolib boʻlgan va bu gʻalabalar klubning biznes qiymatini 10 foizga qadar oshirgan.

Eng qimmat Yevropa klublari oʻntaligi:

  1. Real Madrid - $3.59 milliard
  2. Manchester United - $3.57 milliard
  3. Bayern Munich - $3 milliard
  4. Barcelona - $2.98 milliard
  5. Manchester City - $2.74 milliard
  6. Chelsea - $2.48 milliard
  7. Liverpool - $2.33 milliard
  8. Arsenal - $2.24 milliard
  9. Tottenham - $1.89 milliard
  10. Juventus - $1.72 milliard

Sud Zamira Hojiyevaga tegishli cheklarni oshkor qildi

Фото муаллифлик ҳуқуқи Gustavo Valiente
Image caption Sud Zamira Hojiyevaga tegishli cheklarni oshkor qildi

Buyuk Britaniyada qabul qilingan izohlanmagan boylik toʻgʻrisidagi qonun doirasida koʻrib chiqilayotgan ilk ish hisoblanmish asli ozarbayjonlik Zamira Hojiyevaning "iflos pullarni" aql-bovar qilmas darajada sarflashi oʻtgan yili dunyoni hayratda qoldirgan edi.

55 yoshli Hojiyeva xonim 2006-yildan 2016-yilga qadar Londondagi Harrods savdo markazida 16 million funt sterling ($20 million)dan ziyod mablagʻni kiyim-kechak, atir-upa, zeb-ziynat va boshqa narsalarga sovurgani aytiladi.

Kecha sud Hojiyeva xonimga tegishli 107 sahifadan iborat xarid cheklari roʻyxatini eʼlon qilgan.

Roʻyxatning boshini, tabiiyki, qimmatbaho zargarlik buyumlari joy egallagan. Ozarbayjonlik ayol Boucheron va Cartier kabi kompaniyalarning taqinchoqlari uchun 4.9 million funt sterling ($6.1 million) pul xarj qilgan.

Bundan tashqari Hojiyeva xonim bisotida qimmatbaho kiyimlar ($508 ming), oʻyinchoqlar ($316 ming), Mikimoto firmasi marvaridlari ($293 ming), atir-upa mahsulotlari ($202 ming) kabi xarajatlar ham bor.

Ayol Harrods savdo markazida birgina sovgʻa oʻraladigan qogʻozga ($7,700) toʻlagani ham cheklarda aks etgan.

Hatto, ozarbayjonlik "boy xotin" 10 yil davomida birgina sendvich turi uchun $420 ming sarflashga ham ulgurgan.

Hozirda, britaniyalik tergovchilar davlatga qarashli Ozarbayjon Xalqaro Bankining sobiq raisi Jahongir Hojiyevning rafiqasi boʻlmish Zamira Hojiyevadan buncha pulni qayerdan topganini izohlab berishni talab qilmoqda.

Agar Hojiyeva xonim pullarining qonuniy yoʻl bilan ishlab topilganini isbotlab berolmasa, u holda Buyuk Britaniyadagi millionlab dollarga teng bir necha mulkidan ayriladi.

Jahongir Hojiyev Ozarbayjon hukumati tomonidan oʻzi rahbarlik qilgan bankning $2.7 milliard mablagʻini talon-taroj qilishda ayblangan.

Zelenskiy Saakashviliga Ukraina fuqaroligini qaytarib berdi

Фото муаллифлик ҳуқуқи Getty Images
Image caption Prezident Zelenskiy Mixail Saakashvilining Ukraina fuqaroligini qayta tiklash toʻgʻrisidagi farmonga imzo chekkan

Prezident Zelenskiy Mixail Saakashvilining Ukraina fuqaroligini qayta tiklash toʻgʻrisidagi farmonga imzo chekkan.

Gruziya sobiq prezidenti Saakashvili Pyetr Poroshenko davrida Ukraina fuqaroligini olgan, lekin, keyinroq, janob Poroshenko undan bu maqomni tortib olgan edi.

Janob Saakashvili mazkur qaror uchun prezident Zelenskiyga ijtimoiy tarmoq orqali oʻz minnatdorchiligini izhor qilgan.

2015-yil may oyida sobiq prezident Pyetr Poroshenko Mixail Saakashviliga Ukraina fuqaroligini taqdim etgan edi. Soʻng u Odessa viloyati gubernatori qilib tayinlangan.

Biroq ukrain siyosatchilari bilan til topisha olmagan janob Saakashvili 2016-yilda ushbu lavozimdan isteʼfo bergan.

2017-yilda Pyetr Poroshenko Mixail Saakashvilini mamlakat fuqaroligidan mahrum etuvchi farmonni imzolagan.

Nega Fransiya va Germaniya oʻrtasiga sovuqchilik tushdi?

Фото муаллифлик ҳуқуқи AFP

Yevropaning ikki qudratli davlati - Fransiya va Germaniya Yevropa Ittifoqidagi muhim lavozimlarni kimlar egallashi kerakligi yuzasidan kelisha olmayotir.

26-may kuni tugagan Yevroparlament saylovlari ortidan Ittifoqdagi muhim lavozimlar yangi egalariga topshirilishi kutilmoqda.

Germaniya kansleri Angela Merkel markaz-oʻngchi Manfred Veberni Yevropa Ittifoqi Komissiyasining navbatdagi prezidenti oʻlaroq koʻrayotgan boʻlsa, Fransiya prezidenti Emmanuel Makron janob Veberning nomini, hatto, tilga olishni ham istamagan.

Kuzatuvchilar Yevroparlament saylovlari Ittifoqdagi parokandalikni yanada toʻzitib ketganini aytmoqda.

Joriy yilda Yevrokomissiya prezidentidan tashqari Yevropa Kengashi prezidenti, Yevropa Markaziy Banki prezidenti va Tashqi Ishlar Boʻyicha Yevropa Ittifoqi Oliy Vakili lavozimlariga ham yangi odamlar kelishi kerak.

Tahlilchilar, Ittifoq aʼzolari oʻzaro murosaga kelishi lozimligi, yoʻqsa, siyosiy turgʻunlik boshlanishi mumkinligidan ogohlantirmoqda.

BBCUZBEK.COM билан Telegram орқали +44 7858860002 номери билан боғланинг.

Telegram каналимиз: https://t.me/bbcuzbek