Dunyo, yangiliklar: Moskvadagi saylovlarda muxolifat gʻalaba qozondimi? Rossiya va Ukraina oʻzaro asirlarni almashdi va boshqa yangiliklar - bbcuzbek.com

Moskva Dumasiga saylovlar boʻlib oʻtdi

АГЕНТСТВО "МОСКВА" Фото муаллифлик ҳуқуқи АГЕНТСТВО "МОСКВА"

Muddatdan avvalgi natijalarga koʻra, okruglarning aksariyatida baribir hukumatparast nomzodlar gʻalaba qozongan. Biroq muxolifat yetakchisi Aleksey Navalniy va uning tarafdorlari allaqachon gʻalabani nishonlay boshlaganlar: 45 okrugdan 22 tasida muxolifatchilar ilgari surgan "Umnoe golosovanie" (Aqlli saylash) strategiyasi orqali targʻib etilgan nomzodlarning qoʻli baland kelgan.

Joriy yilning yozida muxolifatdagi nomzodlarning katta qismi saylovga qoʻyilmagan edi. Shundan soʻng Aleksey Navalniy oʻz tarafdorlariga "Umnoe golosovanie" strategiyasi yordamida hukumatparast Edinaya Rossiya partiyasining Moskva shahar Dumasida oʻrinlarning katta qismini egallashiga qarshilik qilishni taklif etgan.

Mazkur strategiyaning maqsadi - Edinaya Rossiya partiyasiga aloqasi boʻlmagan reytingi eng yuqori nomzodlarni saylovchilarga muqobil sifatida taklif qilish.

Hozirda ovozlarni sanash jarayoni davom etmoqda. Saylov boʻyicha rasmiy hisob-kitoblar tez orada eʼlon qilinishi kutilmoqda.

Rossiya va Ukraina oʻzaro asirlarni almashdi

Би-би-си

7-sentyabr kuni Rossiya va Ukraina oʻrtasida uzoq kutilgan asirlarni almashtirish jarayoni boʻlib oʻtdi.

Har ikki davlat oʻz ixtiyorida saqlangan 35 nafardan asirni ayirboshlagan.

Jumladan, Rossiya oʻtgan yilning kuzida qoʻlga olingan 24 ukrainalik harbiy dengizchini oʻz vataniga qaytargan.

Kiyevda Rossiyadan keltirilgan sobiq asirlarni shaxsan prezident Vladimir Zelenskiyning oʻzi kutib olgan. Shuningdek, oʻnlab jurnalistlar va faollar aeroportda hozir boʻlganlar.

Moskvada esa jurnalistlar aeroportga kiritilmagan.

35+35 asosida asirlarni ayirboshlash masalasining Moskva va Kiyev tomonidan koʻrib chiqilishi avgust oyida faollashgan edi.

Yaponiyada 900 mingdan ortiq xonadon chiroqsiz qoldi

AFP Фото муаллифлик ҳуқуқи AFP

Tokiyo yaqiniga Faksay nomi berilgan boʻronning kelib urilishi oqibatida 900 mingdan ziyod xonadon elektr taʼminotisiz qolgan.

Soatiga 210 kilometr tezlikda harakatlangan Faksay oxirgi 10 yil ichida Yaponiya poytaxtiga zarba bergan eng qudratli boʻronga aylangan.

Hukumat televideniye orqali odamlarni favqulodda holatdan ogohlantirgan. Tabiiy ofat tufayli bir ayolning halok boʻlgani xabar qilinmoqda.

Boʻron sababli 130 dan ortiq aviareyslar bekor qilingan, temiryoʻl qatnovi bir necha soatga toʻxtatilgan.

Ayni vaqtda Koreya yarimoroli ham boshqa bir toʻfon hujumiga uchragan. Shimoliy Koreya davlat matbuoti yuzaga kelgan suv toshqini oqibatida 460 kvadrat kilometrga teng maydondagi qishloq xoʻjaligi ekinlari zarar koʻrganini maʼlum qilgan.

Buning ortidan mamlakatda mavjud oziq-ovqat taqchilligi yanada kuchayishi taxmin qilinmoqda.

Norvegiyada itlar sirli xastalikdan nobud boʻlmoqda

AFP Фото муаллифлик ҳуқуқи AFP

Oʻtgan bir necha kun ichida Norvegiyada 40 ga yaqin it gʻayritabiiy tarzda nobud boʻlgan.

Bu itlarda oʻlimdan avval qayt qilish va ich ketish holatlari kuzatilgan.

Oʻlim holatlari poytaxt Oslo va, kamida, 13 shaharda qayd etilgan.

Qoʻshni Shvetsiyada ham bir it ayni alomatlar bilan veterinariya kasalxonasiga olib kelingan.

Veterinarlar hozircha oʻlimlar sababi aniq emasligini maʼlum qilgan, ammo ularning soʻzlariga koʻra, bu biror bakteriya yoki margimush tufayli boʻlishi mumkin.

It boquvchi norveglar oʻz uy hayvonini boshqa itlar bilan aloqaga kirishishdan saqlash boʻyicha ogohlantirilgan.

Jazirama 1,500 ga yaqin inson umriga zomin boʻldi

AFP Фото муаллифлик ҳуқуқи AFP

Iyun va iyul oylarida kuzatilgan rekord darajadagi jazirama tufayli Fransiyada 1,435 nafar inson hayotdan koʻz yumdi, deya xabar bermoqda mamlakat sogʻliqni saqlash vazirligi.

Halok boʻlganlarning yarmi 75 yoshdan oʻtgan keksalar ekani aytiladi.

Iyun oyida Fransiyada mamlakat tarixidagi eng yuqori harorat qayd etilgan edi: 46 daraja issiq.

Yoz davomida koʻplab maktablar yopilgan, jamoat tadbirlari bekor qilingan.

Ayrim shaharlarda katta parklar va suv havzalari odamlarning salqinlab olishi uchun ochib qoʻyilgan. Davlat idoralari binolarida vaqtinchalik "salqin xonalar" tashkil etilgan.

Fransiyada 2003-yildagi jaziramada oʻn mingdan ortiq odam halok boʻlgan edi.

Joriy yilda Buyuk Britaniya, Belgiya, Germaniya, Lyuksemburg va Niderlandiya kabi boshqa Yevropa davlatlarida ham rekord darajadagi issiq kuzatilgan.

BBCUZBEK.COM Telegram +44 7858860002

@bbcuzbek

5 sentyabr yangiliklari

бошловчи

Urush davridagi Bi-bi-si arxivi eʼlon qilindi. Saraton boy davlatlarda asosiy oʻlim sababiga aylandi. Gongkongda bahsli qonun loyihasi bekor qilindi. AQShda ikki boshli toshbaqa topildi.

BBC History tomonidan ommaga taqdim etilgan hujjatlar va intervyularda Bi-bi-si Ikkinchi Jahon Urushi davomidagi maxfiy amaliyotlarda katta rol oʻynagani ayon boʻladi.

Arxivda qayd etilishicha, Bi-bi-si radio orqali Big Ben soati zangi ovozini efirga uzatib, Londonni bombardimon qilish niyatidagi nemis samolyotlarining yaqinlashayotganidan odamlarni ogohlantirgan. Nemis uchuvchilari esa londonliklar Big Ben zangini favqulodda signal oʻlaroq qabul qilishidan bexabar boʻsh uylarni oʻqqa tutib qaytib ketgan.

Bundan tashqari Bi-bi-si surgunda yurgan Polsha hukumatining bosqinchilarga qarshi kurashayotgan polyak partizanlariga yoʻllagan maxfiy xabarlarini shifrlangan koʻrinishda yetkazish turgan.

Yaʼni Bi-bi-si polyak tilida kuylangan maʼlum qoʻshiqni efirga uzatgan, buni radio orqali tinglagan partizanlar, masalan, aynan qaysi koʻprikni portlatish lozimligini anglagan.

Bi-bi-si, shuningdek, fransuz partizanlarini ham shifrlangan xabarlar va koʻrsatmalar bilan taʼminlab kelgan.

Bi-bi-sining radiouzatuv qurilmalarini esa Qirollik havo kuchlari Germaniya bombardimonchi samolyotlarining navigatsiya tizimiga zarar yetkazishda qoʻllagan.

Saraton boy davlatlarda asosiy oʻlim sababiga aylandi

Фото муаллифлик ҳуқуқи Getty Images

Dunyo boʻylab odamlarning katta qismi hali ham yurak-qontomir xastaliklari oqibatida vafot etmoqda. Biroq boy davlatlarda saraton oʻlimga sabab boʻluvchi eng asosiy omilga aylanib ulgurgani aytiladi yaqinda natijalari eʼlon qilingan bir tadqiqotda.

Tadqiqotchilarning aniqlashicha, boy davlatlarda saraton odamlarni yurak-qontomir kasalliklaridan 2.5 barobar koʻp darajada oʻldirmoqda.

Aholisining daromadi oʻrta va quyi darajada boʻlgan davlatlarda yuz berayotgan oʻlimlarning 40 foizdan ortiqrogʻi yurak-qontomir kasalliklari hissasiga toʻgʻri keladi.

Biroq aholisi daromadi yuqori darajada boʻlgan boy davlatlarda 20 foiz oʻlimlarga yurak-qontomir kasalliklari sabab boʻlgan bir paytda oʻlim holatlarining 50 foizdan koʻprogʻiga saraton sabab boʻlayotgani aniqlangan.

Biroq tadqiqotchilar bu xulosalarni butun dunyodagi manzarani aks ettiruvchi haqiqat sifatida qabul qilishga shoshilmaslikni tavsiya qilmoqda.

Gongkongda bahsli qonun loyihasi bekor qilindi

Фото муаллифлик ҳуқуқи Getty Images

Gongkong maʼmuriyati rahbari Kerri Lem oylardan buyon yirik ommaviy namoyishlarga sabab boʻlib kelayotgan Xitoyga ekstraditsiya qilish toʻgʻrisidagi qonun loyihasini rasman qaytarib oldi.

Qonun loyihasining parlament tomonidan koʻrib chiqilish jarayoni iyun oyida toʻxtatib qoʻyilgan, ammo u shu vaqtga qadar bekor qilinmagan edi.

Namoyishchilarning besh asosiy talablaridan biri ham qonun loyihasini qaytarib olish edi.

Televideniye orqali ushbu xabarni oʻqib eshittirgan Lem xonim namoyishchilarni tinchlantirishga moʻljallangan yana qator chora-tadbirlarni ham eʼlon qilgan.

Ular ichida eng eʼtiborlisi shahar kengashida politsiya ustidan tushgan shikoyatlarni oʻrganib chiquvchi ikki lavozimning joriy etilishidir.

AQShda ikki boshli toshbaqa topildi

Фото муаллифлик ҳуқуқи JAYME DAVIDSON LOPKO/FACEBOOK

Janubiy Karolina shtatida toshbaqa inlarini koʻzdan kechirayotgan atrof-muhit muhofazasi faollari ikki boshli toshbaqaga duch kelganini xabar qildi.

Faollardan birining yozishicha, bu soʻnggi 15 yil ichidan kuzatilgan atigi ikkinchi holatdir.

Ular toshbaqachaning sogʻlom ekanligi va dengizga qoʻyib yuborilganini maʼlum qilganlar.

Topilgan toshbaqa loggerxed turiga mansub boʻlib, ushbu toshbaqalar dunyo dengizlarining deyarli barchasida uchrashiga qaramay, yashash muhiti qaltisligi tufayli ular qirilib ketishi mumkin boʻlgan tur oʻlaroq Xalqaro Qizil Kitobga kiritilgan.

BBCUZBEK.COM билан Telegram орқали +44 7858860002 номери билан боғланинг.

Telegram каналимиз: @bbcuzbek