'Moskvada muhojirlar sodir etayotgan jinoyatlar soni ortmoqda'

Mehnat muhojirlari

Moskva rasmiylari mehnat muhojirlari orasida jinoyatchilik ko‘payayotganidan tashvish bildirishmoqda. Mulozimlar muhojirlar orasida, xususan, og‘ir jinoyatchilik hollari ortganini aytishadi.

Moskva viloyati prokuraturasi tergov qo‘mitasi keltirgan raqamlarga ko‘ra, har 9 jinoyatning birini noqonuniy mehnat muhojiri sodir etadi. Moskva hokimi Yuriy Lujkovning aytishicha esa, Rossiya poytaxtidagi jinoyatlarning 40 foizi muhojirlar hisobiga to‘g‘ri keladi.

Ayni vaqtda Rossiya Federal migratsiya xizmati rasmiylari va ekspertlar ushbu da‘volarni rad etib kelishadi.

Moskva viloyati prokuraturasi tergov qo‘mitasi e‘lon qilgan so‘nggi raqamlar bo‘yicha joriy yilning birinchi yarmida xorijiylar sodir etgan jinoyatlar ko‘lami oldingi yilga qaraganda 4,5 foizdan oshgan.

"Yarim yil davomida Moskva viloyatida xorijiylar 59ta qotillik va 32ta zo‘rlash kabi jinoyat hollarida aybdor deb topilgan", deyiladi Moskva viloyati prokuraturasi tergov qo‘mitasi hisobotida.

O‘z navbatida huquq faollari va mutaxassislar ushbu raqamlarning haqiqiyligiga shubha bilan qarashadi.

Rossiya Federal migratsiya xizmati rahbari Konstantin Romodanovskiy o‘z chiqishlarining birida: "Rossiyada sodir etilgan jinoyatlarning atigi 4 foizini mehnat muhojirlari sodir etadi", deb aytgandi. Konstantin Romodanovskiyning fikricha, muhojirlar Rossiyaga asosan ishlash maqsadida kelishadi va kam jinoyat sodir etishadi.

Moskvalik huquq faoli Bahrom Hamroyevga ko‘ra, muhojirlar aksar hollarda qo‘rqitish tufayli, rus tilini yaxshi bilmasliklari va himoyasizliklari natijasida o‘zlari sodir etmagan jinoyatlarga iqror bo‘lishadi.

"Rossiya hududida muhojirlarga nisbatan soxtalashtirilgan ayblovlar ko‘paymoqda. Biz bunday hollarni kuzatayapmiz. Oxirgi oylarda markaziy osiyolik muhojirlarni uzoq yillik qamoq jazolariga hukm etish ko‘paymoqda deyish mumkin. Aksar hollarda muhojirlarga nisbatan adolatsiz hukm chiqariladi", deydi Bahrom Hamroyev.

Bundan ikki hafta oldin O‘zbekiston fuqarosi Sulton Qodirovga berilgan 23 yillik qamoq jazosiga oid hukmni ko‘rib chiqqan Yoqutiston Oliy mahkamasi quyi mahkama qarorini o‘z kuchida qoldirdi.

Yoqutiston Mahkamasi 25 yoshli Sulton Qodirovni yoqut ayoli va uning 13 yashar qizini pichoqlab o‘ldirganlikda aybdor topib, uni 23 yilga ozodlikdan mahrum etgan.

Yoqutiston Oliy mahkamasi qaroridan oldinroq Bi-bi-si bilan telefon suhbatida Sulton Qodirov qotillikka qo‘l urmagani va qiynoq ostida jinoyatga iqror bo‘lganini bildirdi.

Sulton: "Militsiya xodimlari meni urib, jonimdan to‘ydirishdi. "Agar "men o‘ldirdim", deb yozmasang, "o‘zingni o‘ldiramiz" deb qo‘rqitishdi. Juda qo‘rqdim va jinoyatni bo‘ynimga olishga majbur bo‘ldim", deb aytdi Sulton Qodirov.

Hozirda Moskvada yashayotgan huquq faoli Svetlana Abdulloxo‘jayeva avval O‘zbekistonda himoyachi bo‘lib ishlagan. Unga ko‘ra, Rossiyada nohaq mahkamaga tortilgan mehnat muhojirlarini hech kim himoya qilmaydi.

"Muhojirlar orasida 500 rublь uchun qamoqda o‘tirganlar bor. Qamalgan muhojirlar soni juda ko‘p. Rossiya tergov izolyatorlari muhojirlarga to‘lib toshgan. Militsiya xodimlari markaziy osiyolik muhojirlarga juda shafqatsiz munosabat qilishadi. Mana yaqinda Xabarovskda militsiya xodimlari bir o‘zbekistonlik aka-ukani kaltaklab, birini o‘ldirganini Rossiya telekanallari orqali ko‘rsatdi. O‘zbekistonliklar Rossiyada egasiz, haq-huquqsiz", deydi Svetlana Abdulloxo‘jayeva.

O‘z navbatda Moskva shahar mahalliy kengashi deputati Petr Miloserdov Rossiyada migrantlarga nisbatan qattiqqo‘l munosabat ko‘rsatilishini rad etadi. Unga ko‘ra, Rossiya hududida muhojirlar sodir etayotgan jinoyatlar soni borgan sari ko‘paymoqda.

"Migrantlar sodir etayotgan jinoyatlar rasmiylar aytayotgan raqamlardan ancha yuqori. Muhojirlar Rossiyaga har qanday yo‘l bilan pul ishlash maqsadida kelishadi va hech narsadan o‘zlarini tiyishmaydi. Ular Rossiya hududida juda ko‘p jinoyat sodir etishadi. Rossiya hokimiyati Markaziy Osiyo va Qofqozdan kelayotgan muhojirlar yo‘liga to‘siq qo‘yishi kerak. Agar bunday qilinmasa, jinoyatchilikka oid vaziyat yanada yomonlashadi. Qiynoqlar masalasiga kelsak, tergov izolyatorlarida faqat mehnat muhojirlari emas, Rossiya fuqarolari ham qiynoqqa solinadi", deydi deputat va siyosatchi Petr Miloserdov.

Ayni vaqtda Moskvaning Qozon vokzalida men bilan suhbatlashgan bir guruh o‘zbekistonliklarning aytishlaricha, vokzal hududida nohaq qamalib ketayotgan o‘zbekistonliklarni na O‘zbekiston elchixonasi va na biron boshqa idora himoya qiladi.

Moskvadagi O‘zbekiston elchixonasi rasmiylari Rossiyada yurgan o‘zbekistonlik muhojirlar muammolari xaqida Bi-bi-siga gapirishdan odatdagidek bosh tortishdi.