Afg‘onistonda saylov nomzodlari isyonkorlar hujumlari va tahdidlaridan qo‘rquvda

Ayol nomzodlar ko'proq tahdid ostida
Image caption Ayol nomzodlar ko'proq tahdid ostida

Afg‘oniston parlament saylovlariga nomzodlar, targ‘ibotchilar va ovoz beruvchilar Xalqaro Amnesti tashkilotiga murojaat qilib, o‘zlarining Tolibon va boshqa isyonkor guruhlar hujumlari va tahdidlariga yuz tutayotganlarini aytishgan.

Ayniqsa, ayol nomzodlarga xavf katta va ayrimlarining Xalqaro Amnestiga bildirishlaricha, mahalliy xavfsizlik kuchlari ularni himoya qilishdan bosh tortishgan.

Iyul oyidan beri Afg‘onistonda uch nomzod va saylovoldi targ‘ibotlari xizmatchilaridan kamida kamida 15 kishi o‘ldirilgan. Bir necha kishi muvaffaqiyatsiz suiqasd amalidan jarohatlar bilan omon qolgan. Kamida ikki nomzod o‘g‘irlab ketilgan va keyinroq qo‘yib yuborilgan.

Uch nomzodni o‘ldirilish amaliga mas‘ullikni Tolibon o‘z zimmasiga olgan.

Xalqaro Amnesti tashkiloti Afg‘oniston hukumati nomzodlarga hujumlar va tahdidlarga jiddiy qarashi kerakligini aytgan va hukumatni barcha nomzodlarni teng ko‘rishga va politsiya tomonidan barobar himoya qilinishini ta‘minlashga chaqirgan. Ya‘ni, ular jinslari va yo siyosiy ta‘sirlariga qarab ajratilmasligi lozim.

Afg‘onistonda parlament saylovlari 18-sentyabr kuni bo‘lib o‘tishi kerak.

Afg‘onistonda saylov o‘tkazish nimaga kerak?

Afg‘oniston saylov shikoyatlari komissiyasi saylov qonunlarini buzgani uchun yana 10 nafar nomzodning nomi saylov ro‘yxatidan o‘chirilgan.

Shu paytgacha, parlamentga a‘zolik uchun bellashayotgan ikki yarim ming nomzod orasidan yuzdan ziyod kishi ro‘yxatdan chiqarib tashlangan.

Afg‘onistondagi kutilayotgan saylov natijalari qanday bo‘lmasin, ovoz berish jarayonida baribir qallobliklarga qo‘l urilishiga ishoniladi.

Afg‘oniston saylov shikoyatlari komissiyasining xorijiy vakillardan biri xuddi shunday deb chiqqan.

Birlashgan Millatlar Tashkiloti maxsus vakili Stafan de Misturaga ko‘ra, ovoz berish mukammal bo‘lmaydi.

Hafta boshida esa, minglab soxta ovoz berish qog‘ozlari topilgandi. Shanba kungi saylovni kuzatish uchun asosan mahalliy afg‘onlardan iborat uch yuz mingga yaqin kuzatuvchi mamlakatda ish olib boradi.

Lekin, Ovro‘po Ittifoqi to‘liq sonda kuzatuvchilar yubormayotir. Saylov payti Birlashgan Millatlar ham Afg‘onistondagi o‘z xodimlarining uchdan bir qismini olib chiqib ketishi haqida xabarlar chiqmoqda.

Ovro‘po Ittifoqi parlamentidan xollanlik vakili Tiyis Berman o‘tgan prezidentlik saylovlarini kuzatgan. Bi-bi-si undan nega bu safar Ovro‘po Ittifoqi to‘liq kuzatuvchilar guruhini jo‘natmayotgani haqida so‘ragan:

Tiyis Berman: Buning ikkita sababi bor. Avvalo, Afg‘onistonda xavfsizlik yomonlashgan. O‘tgan yilga qaraganda zo‘ravonliklar 40 foizga oshdi. Bu katta muammo. Shu bois, u yerga kuzatuvchilar jo‘natish mushkul ish. Ikkinchi sabab, menimcha, bu safargi saylovda ham oldingisi kabi qalloblik bo‘lmaydi, deb hech kim kafolat berolmaydi. Haliyam saylovchilarni ro‘yxatga olish jarayon ishonchli emas. Hozirgi besh million ovoz berish kartochkalariga ishonish qiyin. O‘tgan gal ovozlarning qariyb chorak qismi qalbakilashtirildi axir.

Bi-bi-si: Lekin, mana saylov shikoyatlari komissiyasi bor va unda xorijiylar ham ishlayapti. Demak, qaysidir darajada ovozlarni tekshirish imkoni bo‘lsa kerak endi?

Tiyis Berman: O‘tgan yili bu komissiya aytgan fikrlar, masalan, Ovro‘po Ittifoqi kuzatuvchilari bilan solishtirganda ancha yumshoq edi. Agar ular boshidanoq keskin tanqidlar bilan chiqishganida edi, balki qalloblik hollari ozroq bo‘lardi. Ammo, ular keskin tanqid bilan chiqmadilar. Bizning tanqidlarimiz ortidan keyingina ular qandaydir qimirlashdi, xolos.

Bi-bi-si: Sizningcha, hozirgi saylovni o‘tkazish xo‘jako‘rsinga o‘xshaydimi? Ya‘ni, mana, Afg‘oniston oldinga qadam tashlamoqda degandek...

Tiyis Berman: Menimcha, bu xato amal. O‘ylab ko‘ring, xavfsizlik yomonlashgan va ko‘p odam ovoz berolmaydi. Qalloblik uchun shart-sharoit muhayyo turibdi. Shularni bilib turib, saylov o‘tkazish bilan Afg‘oniston kelajagi uchun zarur poydevor tashlab bo‘lmaydi. Bu saylov natijalarini tan olsak, demak, parlament, prezident noqonuniyligini tan olgan bo‘lamiz. Biz korruptsiyaga rozilik bergan bo‘lib chiqamiz. Afg‘onistonni iqtisodiy jihatdan mustahkamlash kerak hozir. Lekin, biz bunday qilmayapiz. Shu bois hozirgi saylov faqatgina muvaffaqiyatsizlik kafolati bo‘ladi.

Bi-bi-si: Lekin, nima bo‘lganda ham, yangi parlament jumhurrais Karzayni hisob berdira olishi mumkin va bu parlamon samaradorligini ta‘kinlaydi. Shunday ekan, bu demokratik asoslar nomukammal bo‘lsa bordir, lekin baribir olg‘a tashlangan bir qadam bo‘lmaydimi?

Tiyis Berman: Shunday umid ham bor. O‘tgan oylarda Prezident taklif etgan ba‘zi hukumat a‘zolarini parlament rad etdi. Shu asno afg‘on parlamenti qonuniyligi va mavqe‘i bir qadar yuksaldi. Ammo, navbatdagi parlament ham xuddi shunday yo‘l tutishiga ishonish qiyin. Avvalo, parlament a‘zolari saylanishi shubhalardan holi kechishi darkor. Hozirda bu ish ancha qiyin va uzoqqa cho‘ziladigan ko‘rinadi. To‘g‘risi, hozirgi sharoitda "mana saylov o‘tkazdik, endi Afg‘oniston demokratik mamlakat bo‘ldi", deb aytolmaymiz. Chunki, bu yetarli emas. Afg‘oniston xalqi esa, hamma narsani yaxshi ko‘rib-bilib turibdi.