Turkiyaliklar konstitutsiyaviy referendumda ovoz berishgan

Turkiyaliklar konstitutsiyaviy referendumda ovoz berishgan
Image caption Bi-bi-si muxbiriga ko‘ra, saylovchilar orasida islohotlarning ta‘sirini tushunadiganlar ozchilikni tashkil etadi

Turkiyaliklar konstitutsiyaviy islohotlarga oid referendumda ovoz berishgan.

Hukumatga ko‘ra, Konstitutsiyaga kiritilajak o‘zgartirishlar demokratiyani mustahkamlashga xizmat qiladi.

Rejadagi 26ta o‘zgartirishning aksari bahsu munozaralar qo‘zg‘agani yo‘q va ular Turkiya qo‘shilishni istayotgan Ovro‘po Ittifoqi tomonidan dastaklanmoqda.

Ammo adliya tizimidagi islohotlar bo‘yicha ikki nuqta keskin tanqidlarga sabab bo‘lgan.

Muxolifatning da‘vo qilishicha, bu bilan hukumat mahkamalarga ta‘sirini kuchaytirishga urinmoqda.

Xo‘sh, bu da‘volar qanchalik asosli?

Bi-bi-si Turkiya parlamentining sobiq a‘zosi Ahad Andijon bilan suhbatlashgan:

Мултимедиа ўйнаш бу қурилмада дастакланмайди

Zamonga 'mos tushmaydigan' konstitutsiya

Turkiyada o‘tayotgan referendumda 50 millionga yaqin kishi ovoz berishga haqli, ammo u yerdagi Bi-bi-si muxbiriga ko‘ra, islohotlarning ta‘sirini tushunadiganlar ozchilikni tashkil etadi.

Hukumat harbiylik tomonidan ishlab chiqilgan konstitutsiyani Ovro‘podagi demokratiya andazalariga moslashtirishini aytadi. Asosiy muxolif partiya bunga qarshi qaqshatqich targ‘ibot olib bordi. Muxoliflarga ko‘ra, hukumat qudratli adliya tizimida o‘zgartirishlar kiritish bilan unga ta‘sirini kuchaytirmoqchi, deya da‘vo qiladi.

Referendumoldi targ‘ibotlar haqoratlar va keskin chiqishlar bilan o‘tdi.

Ayni paytda referendum Bosh vazir Rajab Toyib Erdug‘anga ishonch bildirish sifatida ko‘riladi. Bir yil ichida umumiy saylovlar bo‘lib o‘tishi kutilmoqda va Erdug‘an janoblari uchinchi muddatga qolish ilinjida harakat qilishi kutiladi.

Hozir amalda bo‘lgan konstitutsiya 1982 yilgi referendum orqali tasdiqdan o‘tgan. Va tez-tez zamonga mos tushmasligi va inson huquqlarini cheklashi aytilib tanqid qilinadi.

Iqtidordagi adolat va taraqqiyot firqasi harbiylik, adliya tizimi va davlat byurokratiyasini an‘anaviy dunyoviylikning oxirgi tayanchlari deb ko‘radi.

2002 yil qudratga kelgan Adolat va Taraqqiyot partiyasi bosh qonunga o‘zgartirishlar kiritishni har doim istab kelgan.

Bosh qonunga o‘zgartirishlar 2007 yilda ishlab chiqilgan, ammo muxolifat dastagini ololmagandi. Shundan so‘ng, partiya qisman kiritmoqchi bo‘lgan o‘zgartirishlar ro‘yxatini tuzgan va ovozga qo‘yishga hozirlagan.

2010 yil eprel oyi oxirida 336 ovoz bilan parlament tasdig‘idan o‘tgan, bu ovoz parlamentning uchdan ikki qismini aks ettirmagan va to‘g‘ridan-to‘g‘ri amalga tadbiq etish uchun yetarli bo‘lmagan. Ammo, uni Jumhur rais imzolaganidan keyin 60 kun ichida referendumga qo‘yish mumkin bo‘lgan. Nihoyat, qonun loyihasi 2010 yilning 13 may kuni Abdullo Gulning tasdig‘idan o‘tgandi.