Pokistonda yuz bergan bomba portlashida bolalar nobud bo‘lgan

Zo‘ravonliklar Pokiston hukumati suv toshqinlari oqibatlariga qarshi kurashayotgan bir payda qayta jonlangan
Image caption Zo‘ravonliklar Pokiston hukumati suv toshqinlari oqibatlariga qarshi kurashayotgan bir payda qayta jonlangan

Pokiston shimoli-g‘arbida yuz bergan xudkushlik hujumida 3 maktab o‘quvchisi doxil 17 inson nobud bo‘lgan.

Hujumchi portlovchi vositalarga to‘ldirilgan avtomashinasini Xaybar Paxtunxva viloyatining Lakki Marvat shaharchasi politsiya idorasiga keltirib urgan.

Portlash tufayli paydo bo‘lgan vayronalar orasida kitoblar va maktab sumkasini ko‘rish mumkin bo‘lgan. O‘lganlardan 11 nafari politsiya zobitlaridir.

Hujumda 40dan ortiq inson tan jarohati olgan.

Xabar qilinishicha, xudkush hujumchi mashinasini politsiya idorasi devoriga keltirib urishdan oldin maktab avtomashinasi bilan to‘qnashgan.

Portlash oqibatida politsiya idorasi qulab tushgan.

Binoga qo‘shni do‘kon va masjidga ham ziyon yetgan.

Qutqaruv guruhi xodimlari va politsiya zobitlari vayronalar tagida qolib ketganlarga ko‘mak berishga urinishmoqda.

"17 jasad va 45 nafar yaralangan shifoxonamizga olib kelindi", deydi Lakki Marvatdagi asosiy kasalxona shifokori G‘ulom Ali matbuotga gapirarkan.

Pokiston xavfsizlik kuchlari mamlakat shimoli-g‘arbida in qurgan Tolibon va Al Qoida jangarilariga qarshi harbiy amaliyotlar olib borayotgandi.

Mintaqada Afg‘onistondagi Tolibon a‘zolari ham qo‘nim topgan.

O‘tgan hafta Pokistondagi shia musulmonlariga qarshi amalga oshirilgan hujumda 100dan ortiq inson nobud bo‘lgandi. Tolibon harakati ayni hujumlar mas‘uliyatini zimmasiga olib chiqqan.

Juma kuni Kvettada amalga oshirilgan hujumda 73 inson hayotdan ko‘z yumgan. Undan ikki kun oldin Lahorda yuz bergan portlashlar 35 kishining umriga zomin bo‘lgandi.

Zo‘ravonliklar Pokiston suv toshqinlariga qarshi kurashayotgan bir paytda qayta jonlangan.

Lakki Marvat shaharchasi o‘tmishda ham jangarilarning yirik bomba hujumlariga sahna bo‘lgan. Hujumlarda asosan xavfsizlik kuchlari va ularga hamkorlik qilgan qavm odamlari nishonga olingan.

Eng yirik hujum 2010 yil Yangi yil kuni amalga oshirilgandi. O‘shanda xudkush hujumchi yuk mashinasini voleybol o‘yinini tomosha qilayotgan olamonga keltirib urarkan, 100 kishi nobud bo‘lgandi.