Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf: Ilohiy kitobni yoqib bo‘lmaydi

Qur‘onni yoqish rejasi butun dunyo bo‘ylab qoralanmoqda
Image caption Qur‘onni yoqish rejasi butun dunyo bo‘ylab qoralanmoqda

Musulmon mamlakatlar Prezident Obamadan Floridadagi kichik cherkov ruhoniysining 11 sentyabr hujumlari to‘qqiz yilligini Qur‘oni Karim nusxalarini yoqish bilan nishonlash rejasini to‘xtatishni talab qilmoqdalar.

Amerika rasmiylari ham rejani qoralab chiqishgan, uni "jirkanch va tentakona amal" deb atashgan.

Ammo, Qo‘shma Shtatlar Konstitutsiyasiga ko‘ra, hukumatning bu ishga aralashuvi cheklangan doirada bo‘ladi.

Indoneziya "o‘t qo‘yish" marosimi Islom va G‘arb o‘rtasidagi munosabatlarga putur yetkazishi mumkinligini aytgan.

Malayziya Qur‘oni Karimni yoqish tahdidlarini "jirkanch jinoyat" deb ta‘riflagan.

Hindiston buni "haqorat" ekanini aytgan.

Keskin ohandagi bayonotda Hindiston bosh vaziri Florida ruhoniysining Qur‘onni yoqish rejasini qoralagan va Qo‘shma Shtatlarni rejani amalga oshmasligi uchun chora ko‘rishga undagan.

Uning aytishicha, mazkur qadam "diniy guruhlar o‘rtasida adovat va janjalni kuchaytiradi".

Image caption Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf: Qur‘oni Karimni tahqirlashni niyat qilishning o‘zi yovuz niyatdir

Shuningdek, Hindiston Bosh vaziri matbuotni shanba kunga rejalangan marosimni yoritishdan tiyilishiga chaqirgan.

Hindistonda 150 million musulmon istiqomat qiladi.

Hukumat agar Qur‘oni Karimni yoqish rejasi amalga oshsa, mamlakatdagi musulmon jamoasining qaytarajak javobidan xavotirda.

Aksariyat aholisi musulmon bo‘lgan O‘zbekistonda pastor Terri Jounsning Qur‘onni yoqish tahdidlariga hukumat ham, musulmonlar idorasi ham, mahalliy matbuot ham lom-mim demayotir.

Bi-bi-si O‘zbekistonning sobiq muftiysi Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusufdan Terri Jounsning Qur‘oni Karimni yoqish tahdidlariga munosabatini so‘radi.

Мултимедиа ўйнаш бу қурилмада дастакланмайди