Erdo‘g‘an partiyasi referendumda g‘alaba qozondi

Image caption Referendum islomiy va dunyoviy qarashlar o‘rtasidagi ziddiyatni yana bir bor junbishga keltirdi

Turkiyada konstitutsiyaga o'zgartirishlar kiritish bo'yicha o'tkazilgan referendumning norasmiy natijalariga ko'ra, Bosh Vazir Rajab Toyib Erdo'g'an raqiblari ustidan 58 foiz ovoz bilan g'alaba qozongan. Rasmiy natijalar dushanba kunining ikkinchi yarmida e'lon qilinishi kutiladi.

Referendum natijasi janob Erdo'g'anning siyosiy mavqeini yanada kuchaytirmoqda. Referendum oldidan olib borilgan targ'ibot uning uchun oson kechmadi - bosh muxolifat partiyasi uni mahkamalar ustidan nazoratni qo'lga olishga urinishda aybladi.

Referendumda ovoz berganlar soni yuqori bo'lgan. Faqat Turkiya janubi-sharqida kurd bo'lginchilari referendumni boykot qilishga chaqirishi ortidan, ovoz berish sust kechgan.

Mazkur g'alaba janob Erdo'g'anga kelasi yil o'rtasida o'tishi mo'ljallangan umumxalq saylovlarida uchinchi muddatga saylanishga ko'proq imkon beradi.

U, shuningdek, konstitutsiyaga yana yangi o'zgartirishlar kiritishga urinishda davom etishini, biroq bu safar muxolifat bilan murosaaga kelishga harakat qilishini aytgan.

Istanbuldagi muxbirimizga ko'ra, Erdo'g'an janoblarining g'alabasiga qaramay, ko'p dunyoviy turklar tomiri siyosiy Islomga borib taqaladigan hukumatdagi Adolat va Taraqqiyot Partiyasidan shubha qilishda davom etishmoqda.

Adolat va Taraqqiyot Partiyasi bir necha bor o'zlarini Turkiyaning dunyoviy qadriyatlari posbonlari deb biladigan yuqori darajali mahkamalar bilan to'qnashgan.

Muxolifatga ko'ra, rejadagi 26ta konstitutsiyaviy o'zgartirishdan ikkitasi hukumatga adliya tizimi ustidan keragidan ortiq qudrat beradi.

Amaldagi konstitutsiya 30 yil avval, 1980 yilning 12 sentyabrida hukumatni to'ntargan harbiy guruh tomonidan tuzilgan.

Islohotlarga binoan, fuqarolik mahkamalari harbiylarni davlatga qarshi jinoyatlar uchun sudlash kuchiga ega bo'ladi.

Ayollar va erkaklar tengligi kuchaytirilishi, bolalar, keksa va nogironlarni kamsitish man etilishi ko'zda tutiladi.

Ishchilarga bittadan ko'proq kasaba uyushmasiga qo'shilish huquqi beriladi, siyosiy maqsaddagi namoyishlarga qo'yilgan cheklov olib tashlanadi.