Rossiyaning Kaliningrad viloyatida nosvoy atrofida bahsu munozaralar

Nos
Image caption 'Nosvoyning turgan-bitgani zarar', deyishadi mutaxassislar

Kaliningradda nosvoy - Osiyoda keng tarqalgan, lab yoki tilning tagiga tashlab chekiladigan tamaki qorishmasiga talab ortib bormoqda.

Mahalliy Duma ayni mana shu tamaki mahsulotini Rossiya hududida qonunan taqiqlashga qaratilgan tashabbus bilan chiqish harakatida.

Yaqinda Kaliningrad viloyati Dumasiga qabul qilingan deputat Igorь Rudnikov Kaliningraddagi markaziy bozorda ochiqchasiga narkotik sotilayotgani haqida xabar olganini bildirgan.

Janob Rudnikovga ko‘ra, u ayni vaziyatni o‘rganishni so‘rab, Giyohvand moddalar savdosiga qarshi kurash federal xizmati mahalliy boshqarmasiga yozma murojaat qilgan va tekshiruv natijasida bozorda sotilayotgan narsa nosvoy bo‘lib chiqqan.

Boshqarma rasmiysi Mixail Nechushkinning so‘zlariga ko‘ra, arzon tarkibida nikotin moddasi bo‘lgan ushbu qorishma ko‘plab sharqiy mamlakatlar, jumladan, Markaziy Osiyoda keng qo‘llaniladi.

Nosvoy asosan maxorka yoki tamakidan tayyorlanadi. Ayrim hollarda unga so‘ndirilgan ohak, turli o‘simliklardan tayyorlangan kul, tuyaning go‘ngi va yo tovuqning tezagi qo‘shiladi.

Nosvoy til ostiga,pastki va yo tepa lab tagiga qo‘yiladi va ta‘siri sezilguncha ushlab turiladi. Nosvoy sigaret chekish yo-da, yengil alkogol iste‘mol qilishga o‘xshash rohatlanish hissini paydo qilishi mumkin. Aslida nosvoy anchayin yoqimsiz ta‘mga ega, ammo uni qabul qilish noqonuniy emas.

'Turgan-bitgani zarar'

Mixail Nechushkinning aytishicha, ba‘zi-ba‘zida Giyohvand moddalar savdosiga qarshi kurash boshqarmasiga nosvoy tarkibida narkotik borligi haqida ogohlantirishlar kelib turadi.

"Birda 80 kilogramm nosvoyni musodara qildik,-deydi Nechushkin-va ushbu ashyoni Kaliningrad viloyati "Rospotrebnadzor" laboratoriyasiga tekshirish uchun jo‘natdik. Ammo, uning tarkibidan hech qanday taqiqlangan unsur topilmadi".

Biroq, tekshiruv natijalari "Rospotrebnadzor" mutaxassislarida jiddiy xavotir uyg‘otgan.

Mazkur idora matbuot xizmati nosvoyning o‘ta xavfli qorishma ekani, unda kadmiy va qo‘rg‘oshin kabi zaharli kimyoviy elementlar borligi haqida ma‘lumot tarqatgan.

Mazkur muassasaning ta‘kidlashicha, davomli ravishda nosvoy otish inson salomatligiga jiddiy zarar yetkazadi.

Lablar va oshqozon va ichak shilliq qavatlariga o‘tib, toshma va yaralar keltirib chiqaradi.

Tamaki so‘lak orqali oshqozonga tushishi va kasallantirishi, qayt qilish, ko‘ngil aynishi, kuchli so‘lak oqishi, beixtiyor siyib qo‘yish kabi hollarni keltirib chiqarishi mumkin.

Nosvoy otadigan odamlarning til, lab, hiqildoq, oshqozon, ichak saratoni va yuqumli kasalliklarga chalinish xavfi katta.

"Nosvoy, ayniqsa, bolalar va o‘smirlar sog‘lig‘iga salbiy ta‘sir qiladi", deya urg‘ulaydi mutaxassislar.

Shu bilan birga, Giyohvand moddalar savdosiga qarshi kurash xizmati ma‘lumotlariga ko‘ra, so‘nggi vaqtlarda aynan o‘rta maktab o‘quvchilari o‘rtasida nosvoy chekish keng tarqalgan.

"Bu hayron bo‘ladigan hol emas,-deya tushuntiradi Kaliningrad deputati Igorь Rudnikov.-Nosvoy juda ham arzon. Uning bir kilosi 30 rublь turadi. Sigaretga puli yo‘q bola bu mahsulotni osongina sotib oladi. Bundan tashqari voyaga yetmaganlar magazindan sigaret sotib ololmaydilar-qonunga binoan bunga haqlari yo‘q. Nosvoy esa, bozorda, xohlagan odamga sotiladi".

Sharqdan g‘arbga...

Yaqin-yaqinlargacha ham Kaliningradda nosvoy haqida hech kim eshitmagandi. Rossiyaning eng sharqida joylashgan mintaqaga u Markaziy Osiyo va Qozog‘istondan ko‘chib kelgan odamlar bilan birga keldi.

Kaliningrad viloyati migratsiya xizmati boshqarmasi rahbari Yuriy Murginning jurnalistlarga ma‘lum qilishicha, joriy yilning 8 sentyabridagi ma‘lumotga ko‘ra, viloyatga davlat dasturi asosida mintaqaga 8024 kishi kelgan. Ulardan 3617 nafari Qozog‘istondan, 1411 nafari Qirg‘izistondan.

Bundan tashqari viloyatda markaziy osiyolik mehnat muhojirlari ham oz emas. Rasmiy ma‘lumotlarga ko‘ra, ularning soni 6 mingga yaqin, norasmiy hisob-kitoblar bo‘yicha esa, bu raqam 10 barobardan katta bo‘lishi mumkin.

Bu odamlarning aksari nosvoyni yaxshi bilishadi, unga o‘rganishgan. Endi ular orqali mahalliy kishilar ham ushbu tamaki mahsuloti bilan tanishyaptilar.

Igorь Rudnikov bergan ma‘lumotga ko‘ra, keyingi 3 yilda mintaqaga nosvoy olib kirish 100 kilogrammdan 100 tonnaga yetgan.

Bir necha kun muqaddam, masalan, viloyat bojxona xizmatining xabar qilishicha, O‘zbekiston fuqarosi Kaliningraddagi Xrabrov aeroportiga 100 kilogrammdan ortiq nosvoy olib kelayotgan bo‘lgan.

Ta‘qiqlash kerakmi yoki yo‘q?

"Nosvoy- o‘ta zararli narsa va bu hammaga allaqachon ma‘lum,-deydi Rudnikov.- Ko‘p asrlardan beri nosvoy ommabop bo‘lgan Turkmaniston rahbariyati uni taqiqlashdan qo‘rqqani yo‘q. Rossiyada esa, nimagadir bu borada qaror berilmayapti".

Xullas, Rudnikov janoblari nosvoy Rossiyada ma‘n etilishi kerak degan fikrda.

"Agar ushbu organizm uchun zararli modda noqonuniy qilib qo‘yilsa, biz faqat xursand bo‘lamiz, -deydi Giyohvand moddalar savdosiga qarshi kurash xizmati Kaliningraddagi boshqarmasidan Mixail Nechushkin.-Nosvoy sog‘liq uchun zarardan bo‘lak narsa emas".

Ammo, hamma ham bunday o‘ylamaydi

"Tushunmayman, bir nosvoy atrofida namuncha baqir-chaqir? -deya taajjublanadi Tojiklar milliy-madaniy markazidan Qahhor Rasulov.-Bu- oddiy tamaki va unda hech qanday tovuqning tezagi yo‘q. Nosvoyning sigaretdan yagona farqi - uni chekmaydilar, labning ostiga qo‘yadilar".

"Ko‘p mamlakatlarda odamlar nosvoy otadilar va hech narsa bo‘lgani yo‘q, yashashyapti!- davom etadi Rasulov. -Birgina yoqimsiz jihati-nosvoy otadiganlar har doim tupurishadi. Ba‘zi chekuvchilar ham duch kelgan joyga papiros qoldig‘ini tashlab yurishadi. Bu etika bilan bog‘liq masala".

Nima bo‘lmasin, viloyat Dumasida infratuzilma va sanoat taraqqiyotiga bag‘ishlab o‘tkazilgan yig‘in kunlari Rudnikovning tashabbusi bilan tamaki mahsulotlari bo‘yicha federal qonun ko‘rib chiqildi. Qonunga o‘zgartirish shundan iboratki-nosvoy tamaki mahsulotlari ro‘yxatidan olib tashlanadi va shu bilan u noqonuniy mahsulotga aylanadi.

Deputatlarning ko‘pchiligi Davlat dumasiga nosvoyni butun mamlakat miqyosida taqiqlashni tavsiya etishni yoqlab ovoz berishgan. Ammo, qonunga o‘zgartirishlar qachon qabul qilinadi, umuman, qabul qilinadimi-ma‘lum emas...

Rudnikovning so‘zlariga ko‘ra, bu jarayon juda ko‘p vaqt olishi mumkin-balki oylar, ehtimolki, yillar...