Afg‘onistonda 18 nafar saylov faoli o‘g‘irlab ketildi

Saylovlar 18-sentiyabrga mo'ljallangan
Image caption Saylovlar 18-sentiyabrga mo'ljallangan

Afg‘onistoning shimoli-g‘arbidagi Bodg‘iz viloyatida 18 nafar saylov faoli Tolibon tarafidan o‘g‘irlangan.

Shanba kuni Afg‘oniston parlament saylovlari bo‘lib o‘tadi.

Toliblar mamlakat sharqida bir parlament nomzodini ham o‘g‘irlaganlari xabar beriladi.

Shanba kuni kutilayotgan siyosiy jarayon-Tolibon ketganidan beri o‘tayotgan ikkinchi parlament saylovidir. Hozirgacha 11 millonga yaqin odam ovoz berish uchun ro‘yxatdan o‘tgan.

Prezident Karzay ularning xavfsizligini ta‘minlashga va‘da bermoqda. Shanba-saylov kuni esa, Afg‘onitson bo‘ylab yuz minglab mahalliy va xorijiy xavfsizlik kuchlari joylashtiriladi.

Tolibon bilan muzokara olib borilmoqda

"O‘n sakkiz nafar saylov faoli shimoli-g‘arbdagi Bodg‘iz viloyati ovloq go‘shasida ishlashayotgandi. Ularning sakkiz nafari saylov komissiyasida ishlagan", deb xabar qiladi Bi-bi-si muxbiri.

Qolganlari esa, bir parlament nomzodining targ‘ibot guruhi faollari bo‘lishgan. Mahalliy mulozimlar ularni qutqarish uchun hozir Tolibon bilan muzokaralar boshlashgan.

Sharqdagi Lag‘mon viloyatida esa, parlamentga o‘z nomzodini oldinga surayotgan Mavli Hayotullo ham o‘g‘irlab ketilgan. Tolibon bu amal uchun mas‘uliyatni o‘z bo‘yniga olgan.

Hozir Afg‘onistondagi isyonkorlar mamlakat bo‘ylab odamlarga tahdid qilib, shanba kungi saylovda ovoz bermaslikka chaqirishmoqda.

Tolibon ushbu saylovni noqonuniy deb atagan va uni buzish uchun qo‘lidan kelgan barcha ishni qilishini ta‘kidlamoqda. Hozirgacha saylovga oid zo‘ravonliklarda 20dan ziyod kishi nobud bo‘ldi.