Butun jahon bo‘ylab oziq-ovqat narxlari yana oshdi

Hisob-kitoblarga ko‘ra, o‘tgan ikki oyning o‘zida oziq-ovqat narxlari butun dunyo bo‘ylab besh foizga oshgan. Bunga ayrim sobiq Sho‘ro davlatlarida kuzatilgan qurg‘oqchilik va Rossiyaning chetga bug‘doy sotmaslik qarori sabab bo‘lgan.

Birlashgan Millatlar Oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi idorasining ko‘rsatkichlari 50 xil oziq-ovqatni nazarda tutadi.

Bugun ana shu tasnifga kiruvchi un, yog‘, shakar, hamma, hammasining narxi o‘tgan ikki yil ichida kuzatilmagan darajada ortib ketgan.

Ayniqsa, Rossiyani zabtiga olgan qurg‘oqchilik yaqinda narx-navolarning yanada sakrashiga olib kelgan. Rossiyada bug‘doy hosilining yaxshi bo‘lmagani va bug‘doy eksportiga qo‘yilgan cheklovlar xalqaro bozorda bug‘doy narxini ko‘tarib yuborgan.

Bu esa, o‘z navbatida, xalqaro miqyosda oziq-ovqatlarning ham qimmatlashishiga olib kelgan. Rossiya bug‘doy eksportiga qo‘yilgan taqiqni uzaytirishini aytarkan, shu oy boshida bug‘doyning narxi yana oshgan.

Ustiga ustak, Pokiston va Xitoydagi suv toshqinlari ham jahon bug‘doy bozoridagi narxlarga keskin ta‘sir qilgan. Birlashgan Millatlarga ko‘ra, bu yil g‘alla zahiralari ham shunga yarasha bo‘lishi mumkin.

Biroq oziq-ovqat inqirozi yuz beradi, deb aytishga hali biroz ertadek. Iqtisodchilarga ko‘ra, boshqa turdagi g‘alla mahsulotlari bug‘doy taqchilligining o‘rnini bosishi mumkin.

Ammo, oshib borayotgan narx-navolar dunyoning qator davlatlarida, ayniqsa, yaxshi zamonlarda ham qorni to‘yib ovqat yemaydigan qashshoq mamlakatlarda noroziliklarga sabab bo‘lmoqda.

Deylik, Mozambikda shu oy boshida kuzatilgan namoyishlar bir necha kunlab davom etgan va hukumat askarlari bilan to‘qnashuvlarga sabab bo‘lgandi.

Yaponiyadagi yirik sarmoya shirkatining aytishicha, biz narx-navolarning kelasi bir necha yilgacha cho‘zilishi mumkin bo‘lgan yana bir sakrashi arafasida turibmiz.

BBCUZBEK.COM tahririyati SMS raqami +447786201124