Ayodhiyadagi masjidni musulmonlar va hindular bo‘lishadigan bo‘ldi

Image caption Rasmiylar tomonlarni bosiqlikka, mahkama qarorini hurmat qilishga chaqirganlar

Hindistondagi mahkama Ayodhiya shahridagi bahsli muqaddas maskanni hindular bilan musulmonlar o‘rtasida bo‘lashish kerak degan qaror chiqargan.

Hukmga ko‘ra, bahsli muqaddas yer musulmonlar, hindular hamda mahalliy diniy guruhlarga bo‘lib berilishi kerak.

Hakamlar bu yerning bir bo‘lagi hindular ma‘budi Rama tug‘ilgan joy degan xulosaga kelganlar.

Ayodhiyadagi Boburiy masjid joyi ustidan tortishuvlar ko‘plab nizolarga olib kelgan.

1992 yilgi to‘qnashuvlar ikki mingcha inson umriga zomin bo‘lgan.

Mahkamada musulmonlar manfaatini himoya qilgan himoyachi Zafaryob Jiloniy mahkama qarori ustidan shikoyat qilishini ma‘lum etgan.

Janob Jiloniy so‘zlariga ko‘ra, mahkama qarori hafsalani pir etadigan bo‘lgan.

Hukmga ko‘ra, binoning uchdan bir qismi musulmonlarga tegishli bo‘ladi.

Bu joyning ma‘bud Rama tug‘ilgan joy deya qabul qilinishi ulkan baxt, deb e‘lon qilgan mahkamadagi taraflardan biri sifatida ishtirok etgan hindu partiyasi rahbarlaridan biri.

Hindiston shimolidagi Uttar Pradesh shtati Ayodhiya shahridagi Boburiy masjidi atrofidagi janjal musulmonlar va hindular o‘rtasida bir asrdan ko‘proq vaqtdan buyon davom etib keladi.

Hindularning da‘vo qilishicha, ushbu masjid ma‘bud Ramaning tug‘ilgan joyi bo‘lgan va u 16 asrda hindu ibodatxonasining musulmon istilochisi tomonidan vayron etilishi ortidan barpo etilgan.

Musulmonlar esa ushbu masjidda 1949 yilgacha qadar ibodat qilganliklarini aytishadi.

Ularga ko‘ra, 1949 yilda ba‘zi odamlar masjidning qorong‘u joylariga Rama butlarini yashirincha o‘rnatishgan va ko‘p o‘tmay u yerda ma‘budga sig‘inish odat tusiga kirgan.

Qirq yildan ko‘proq vaqt davomida hindu va musulmon guruhlari ushbu majmuani nazorat va u yerda ibodat qilish huquqini qo‘lga kiritish uchun mahkamalarga ko‘p martalab bosh urishdi.

Ushbu tortishuv 1992 yilda masjid Hindu olomoni tomonidan vayron etilishi ortidan alanga oldi.

Natijada mamlakat bo‘ylab o‘t olgan diniy g‘alayonlarda 2000 ga yaqin odam halok etildi.

Ollohobod mahkamasi hukmi uchta nuqtaga qaratildi: birinchisi, tortishuvli joy haqiqatdan ham Ramaning tug‘ilgan yeri bo‘lganmi? Ikkinchisi, masjid haqiqatdan ham ibodatxona vayron etilgan joyga qurilganmi; va uchinchisi masjid Islom hukmlariga ko‘ra to‘g‘ri barpo etilganmi yoki yo‘q.

Qaror ortidan bu yerda hindular ibodatxona qurishni, musulmonlar esa masjidni qayta ta‘mirlashni rejalashtirganlar.

Shu nuqtai nazardan Allohobod mahkamasi hukmida, aftidan ikkala tomonning ham talablari ehtiyotkorlik bilan inobatga olingan ko‘rinadi.

Lekin shu bilan birga aksar hakamlar Boburiy masjid o‘rni hindular xudosi - Ramaning tug‘ilgan joyi degan xulosaga kelganlar.

Ushbu qarorning siyosiy ta‘siri qanday bo‘ladi?

Minglab odamlar hayotiga zomin bo‘lgan joy yuzasidan yakuniy xulosani olish markaz so‘l qanot qarashlarda bo‘lgan Kongress partiyasiga juda qiyin bo‘lmoqda.

Hindularning yonini olish dunyoviy mavqeda bo‘lgan Kongressning musulmonlar bilan bo‘lgan aloqalariga putur yetkazardi; musulmonlarning yonini olish esa, hindu guruhlarini ushbu joydan quvib chiqish uchun qonuniy ruxsat berilishini anglatadi. Hindular mamlakat aholisining 80 foizini tashkil etadi.