Nobel tinchlik mukofotini xitoylik dissident Lyu Syaobo oldi

Nobel tinchlik mukofoti bu yil xitoylik inson huquqlari himoyachisi Lyu Syaoboga berildi.

Ushbu mukofot huquqbonga "Xitoyda fundamental inson haqlari uchun uzoq yillar kurashgani" uchun nasib etdi.

Demokratiya uchun faol kurashchi va Xitoydagi eng taniqli dissidentlardan biri 2009 yilda "davlat hokimiyatini qo‘poruvchilikka da‘vat qilishda" ayblanib, 11 yilga ozodlikdan mahrum etilgandi.

Nobel tinchlik mukofotining Lyu Syaoboga berilishi Xitoy hukumatining g‘azabini keltirishi turgan gap.

Sentyabr oyida Xitoy hukumati Oslodagi Nobel qo‘mitasini tinchlik mukofotini Lyu Syaoboga bermaslikka chaqirgandi.

Nobel mukofoti qo‘mitasining prezidenti Thorbyoern Yaagland avvalroq tanlov ziddiyatli bo‘lishini e‘tirof etgandi.

Nobel laureati e‘lon qilinishidan oldin Norvegiya televideniyesiga gapirgan Yaagland janoblari: "Tanlov nima uchun ziddiyatli bo‘lishini laureat nomini e‘lon qilganimizda tushunib olasizlar," deb aytgandi.

Tinchlik mukofoti e‘lon etilmasdan burun nomzodlar nomlari ham ma‘lum qilinmagan edi.

Biroq matbuotda ismlari zikr etilgan nomzodlar orasida afg‘on ayollari huquqlari himoyachisi Simo Samar, rossiyalik huquqbon Svetlana Gannushkina, Olmoniya sobiq kantsleri Helmut Kohl va Zimbabve Bosh vaziri Morgan Tsvingirai bor edi.

2009 yilda Nobel tinchlik mukofoti AQSh prezidenti Barak Obamaga berilgandi. Oslodagi qo‘mita janob Obamaning yadroviy qurolsizlantirish sohasidagi say-harakatlarini inobatga olgandi.