Tyumenda kelib chiqishi O‘zbekistonlik bo‘lgan imom o‘ldirildi.

Image caption Isomuddin Akbarov "Islom Nuri" masjidiga 13 yildan beri imomlik qilib kelgan.

Rossiyaning Tyumen viloyati prokuraturasi tarqatgan xabarga ko‘ra, 10 oktyabr kunduz kuni Novourengoy shahrida joylashgan "Islom Nuri" masjidi imomi Isomuddin Akbarov ketayotgan mashina o‘qqa tutilgan.

Prokuraturaga ko‘ra, imom Akbarov jasadi avtomat o‘qlaridan ilma teshik bo‘lgan.

Hujum paytida Isomuddin Akbarov mashinada yakka o‘zi bo‘lgan. Prokuratura jinoiiy kodeksning "qotillik" moddasi bo‘yicha jinoiy ish ochgan.

Fojea joyiga Tyumen viloyati gubernatorining muovini hamda viloyat huquq- tartibot organlarining yuqori rasmiylari yetib kelishgan.

Rossiya prokuraturasi rasmiylari imom Isomuddin Akbarov o‘ldirilishining sabablari borasida hozircha biror taxminni oldinga surishgani yo‘q.

Ayni vaqtda mahaliy kuzatuvchilar so‘ngi bir necha yil davomida "Islom Nuri" masjidida bir Rossiya huquq- tartibot organlari tomonidan tekshiruv va tintuvlar bir necha bor o‘tkazilgan.

O‘tgan Ramazon hayit bayrami kuni, Novourengoy militsiya xodimlari namozga yig‘ilgan musulmonlarning yuzga yaqini hibsga olinib, so‘roqqa tutilgan va keyinchalik qo‘yib yuborilgan edi.

Rossiya huquq-tartibot organlari "Islom Nuri" masjidida o‘tkazilgan so‘ngi tekshiruvlar va imomning o‘ldirilgani borasida hozircha biror ma‘lumot tarqatkani yo‘q.

Rossiya Muftiylar kengashi hamraisi Nafi‘ulla Ashirovga ko‘ra "Islom Nuri" masjidi imomi Isomuddin Akbarov Rossiyaning eng obro‘li imomlaridan sanalgan.

"Isomuddin Akbarov siyosatdan yiroq yurgan, biznes yo boshqa tijoriy ishlarga umuman aralashmagan imom edi. U 13 yildan buyon Novourengoy shahridagi "Islom Nuri" masjidiga imomlik qilgan. Isomuddin Akbarovning vahshiylarcha o‘ldirilgani biz musulmonlarni larzaga soldi deb",- aytdi Rossiya Muftiylar kengashi hamraisi Nafi‘ulla Ashirov.

Isomiddin Akbarov 1990 to‘qsoninchi yillarda Farg‘ona viloyatidan Tyumen viloyatiga ko‘chib o‘tgan. Uning 10 farzandi yetim qoldi.