Checheniston parlamentiga hujum qilgan jangarilar o‘ldirilgan

19 oktyabr kuni ertalab uch qurolli shaxs Grozniy shahridagi Checheniston parlamentiga hujum qilganlar. Rasmiylarga ko‘ra, maxsus amaliyotda jangarilar o‘ldirilgan, ular binoni qo‘riqlayotgan ikki militsioner va bir xodimni o‘ldirganlari xabar qilingan.

Checheniston rasmiylariga ko‘ra, hodisa ertalab parlament deputatlari ishga kela boshlagan vaqtda yuz bergan.

Parlament binosiga yaqinlashgan deputatlarning avtomobili orqasidan jangarilar ham kelishgan.

Ular ichkariga kirishga muvaffaq bo‘lganlar.

Checheniston rahbari Ramzan Qodirov so‘zlariga ko‘ra, hujumchilar parlamentga bostirib kirishda ikki militsiya xodimi va parlamentning xo‘jalik ishlari bo‘yicha mudirini otib o‘ldirganlar.

Rasmiylar hujumchilardan biri o‘zini o‘zi portlatib yuborganini aytganlar.

Hujum Rossiya Tashqi ishlar vaziri Rashid Nurgaliyev Grozniyda bo‘lib turgan vaqtda uyushtirilgan.

Chechen rasmiylari zudlik bilan xavfsizlik kuchlari maxsus amaliyot tashkil etganlari va jangarilar "yo‘q qilingan"i haqida xabar tarqatganlar.

bu yerga bosing Grozniy shahridagi hujumdan keyingi vaziyat haqida videolavha

Grozniy shifoxonasi yigirmaga yaqin inson jarohatlar bilan shifoxonaga keltirilganini ma‘lum qilgan.

Checheniston rahbari parlament deputatlari darhol xavfsiz joyga evakuatsiya qilinganini aytgan.

Hujum yigirma daqiqacha davom etgan.

Kuzatuvchilar ushbu hujumning hali ham Chechenistonda barqarorlik o‘rnatilmaganining alomati sifatida ko‘rmoqdalar.

Moskva nazoratidagi Checheniston rahbariyati 2009 yil bahorida respublika hududida aksilterror amaliyotlari yakunlangani haqida hisobot bergan.

Grozniy shahrida ancha vaqtdan buyon bunday hujum kuzatilmagan, respublika rahbari Ramzan Qodirov vaziyat o‘zlarining qattiq nazoratlari ostida ekanini aytib keladi.

bu yerga bosing Grozniydan tayyorlangan fotolavha

So‘nggi hujumni kim uyushtirgani noma‘lum, ammo Shimoliy Qofqoz mintaqasi islomiy jangarilar hujumlari sahnasi bo‘lib kelmoqda.

Oxirgi yillarda Chechenistonga qo‘shni Ingushetiya, Kabardin-Bolqor respublikasi va Dog‘iston notinch mintaqalarga aylangan.

Rossiya rasmiylari bir necha islomiy jangarilarni o‘zlari o‘tkazgan maxsus amaliyotlar natijasida o‘ldirganlari haqida xabar tarqatishgan.