NATO Bosh kotibi Anders Fog Rasmussen rasmiy safar bilan Moskvaga bordi

 Anders Fog Rasmussen  NATO va Moskva hamkorliklari  tubdan yaxshilanishiga umid bildirgan
Image caption Anders Fog Rasmussen NATO va Moskva hamkorliklari tubdan yaxshilanishiga umid bildirgan

NATO Bosh kotibi Anders Fog Rasmussen rasmiy safar bilan Moskvaga tashrif buyurgan.

Anders Fog Rasmussen Kremlda Prezident Dmitriy Medvedev bilan uchrashgan.

Muzokaralarda Ovroatlantika xavfsizligi hamda Afg‘oniston mavzulari markaziy o‘rin egallagan. Kuzatuvchilar NATO va Moskva hamkorliklari faolashayotganini ta‘kidlashadi.

Yaqinda NATO va Rossiya kuchlari o‘tkazgan qo‘shma amaliyot natijasida Afg‘oniston hududida giyohvand moddalar ishlab chiqaruvchi laboratoriyalar yo‘q qilingani xabar qilingandi.

NATO Bosh kotibi Anders Fog Rasmussen ittifoq va Rossiya o‘rtasidagi aloqalarning tubdan yaxshilanishiga umid bildirgan.

Janob Rasmussenning Moskvaga safari NATOning Lissabonda o‘tajak sammiti oldi kuzatilmoqda. Yig‘inni 19-20-chi noyabr kunlari o‘tkazish rejalangan.

Ushbu Lissabon sammiti Rossiya va NATO munosabatlarida yangi sahifani ochishi mumkinmi? Bi-bi-si bu haqda Rossiya Fanlar Akademiyasi Xalqaro Xavfsizlik Markazi katta xodimi Vladimir Yevseyevni suhbatga tortgan:

Vladimir Yevseyev: Birinchidan, bizning Afg‘oniston bo‘yicha rejalarimiz bor. Rossiya bu masalada ham NATO bilan va ham Afg‘oniston bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri hamkorlik qilmoqda. Yaqinda dastlabki IL-76 uchog‘i Afg‘oniston Ichki ishlar vazirligiga qurol-yaroq yetkazib berdi. Ayni shunday uchoqlardan o‘n beshtasida o‘q otar qurol-yaroqlar berilishi rejalangan. Rossiya allaqachon Afg‘oniston Havo Kuchlariga MI-17 rusumli 30 vertolyotni yetkazib berdi. Bu oldi-sotdi tijoriy asosda amalga oshirildi. Bundan tashqari yana 21 ta vertolyot oldi-sotdisi bo‘yicha bitim imzolangan. Ammo bu vertolyotlar pulini berish bo‘yicha AQSh Senati ruxsati kerak. Chunki, vertolyotlar pulini AQSh mudofa vazirligi to‘laydi. Shu bilan birga Rossiya orqali havo va yer tranzitlari o‘tadi. Yaqinda Afg‘oniston hududida giyohvand moddalar ishlab chiqaruvchi to‘rtta laboratoriya buzib tashlandi. Xullas, Afg‘oniston masalasida hamkorliklar ancha yaxshi borayapti.

Bi-bi-si: NATO Afg‘onistonda uzoq qolmasligini aytayotgan ekan, Rossiya va NATOning bu masaladagi hamkorligi uzoqqa cho‘zilmasa kerak... Keyin nima bo‘ladi?

Vladimir Yevseyev: Xo‘sh, NATO va Rossiya hamkorligiga qaysi masalalar to‘g‘anoq bo‘lmoqda... Lissabonda Ovro‘poda raketalardan himoyalanish tizimini yaratish masalasi muhokama etilishi kutilmoqda. Bu sohada mavjud umumiy xavfni bartaraf etish uchun o‘zaro muvofiqlashuv zarur degan fikrdaman. Ayni masalada taraflar o‘rtasida jiddiy tushunmovchiliklar bor. NATOga a‘zo aksar davlatlar Eron Islomiy Respublikasidan raketa xavfi bor va undan himoyalanish kerak, deb hisoblashadi. Buning uchun, ularning ishonishicha, Ovro‘poda Raketalardan himoyalanish tizimi barpo etilishi zarur. Ammo, Rossiya bunday qarashlarga to‘la qo‘shila olmaydi. Aynan mana shu kelishmovchilik asosida Ovro‘poda raketalardan himoyalanish tizimini yaratish masalasi hal etiladi. Hozirgacha NATO va Rossiya o‘rtasida ballistik raketalarni uchirish bo‘yicha ma‘lumot almashinish markazlarini yaratish shartnomasiga erishilgan. Bunday markazlardan biri Moskvada ikkinchisi Bryusselda bo‘ladi. Ishni mana shu nuqtadan boshlaganlarida ham, allaqachon hamkorliklar turgan joyidan jilgan bo‘lardi, deb o‘ylayman.

Bi-bi-si: Moskva va Bryussel o‘zaro muloqotni qaysi mavqe‘dan turib olib borishadi deb o‘ylaysiz?

Vladimir Yevseyev: Britaniya va Frantsiya o‘rtasidagi so‘nggi harbiy hamkorlik shartnomasi Ovro‘po xavfsizligi tizimining butkul o‘zgarganini ko‘rsatadi. Shu nuqtai nazardan olganda Rossiya faqat Ovroatlantik xavfsizlik bitimiga e‘tibor qaratib qolmasligi kerak. Menimcha, ilgari ketish va NATO bilan normal muloqotni yo‘lga qo‘yish zarur. Avvaliga umumiy manfaatlar to‘qnash kelgan nuqtalar topilishi zarur, ana undan keyin hamkorlikni bosqichma-bosqich rivojlantirish mumkin bo‘ladi.