Rossiya prezidenti yana Kuril Orollariga safar qilmoqchi

Yaponiya hukumati Medvedev janoblarining Dushanba kungi safaridan hamon g‘azabda bo‘lishiga qaramay, Rossiya rahbari orollarga ikkinchi safarni rejalamoqda ekan.

Dmitriy Medvedev Yaponiya bilan ikkinchi jahon urushidan beri bahs markazida bo‘lgan orollardan biriga safar qilgan ilk Rossiya rahbari bo‘ldi.

Yaponiya hukumati jiddiy norozilik izhor etar ekan, Moskvadagi elchisini vatanga chaqirib oldi.

Tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrovga ko‘ra, bu gal Medvedev janoblari Kuril Orollariga sarmoya yotqizish rejalarini amalga tatbiq etish uchun safar qiladi.

Kuril Orollari ikkinchi jahon urushi yakunida Sho‘ro qo‘shinlari tomonidan bosib olingandi.

Diplomatik rishtalar taranglashuvi

Yaponiya o‘z elchisini chaqirib olishidan ko‘p o‘tmay, Sergey Lavrov Norvegiyaga safari davomida muxbirlarga Tokioning bu "jiddiy javobi" qabul qilib bo‘lmaydigan amaldir deb aytgan.

Lavrov janoblariga ko‘ra, Rossiya Yaponiya bilan diplomatik munosabatlariga rahna soladigan hech narsa qilmagan.

"Biz javob amallarini rejalayotganimiz yo‘q va hech qachon Yaponiya bilan munosabatlarni yomonlashtiruvchi biror bir amalga qo‘l urmaganmiz, " deb aytdi Rossiya tashqi ishlar vaziri.

Prezident Medvedev shu oy o‘rtalarida Tinch ummoni davlatlari sammitida Yaponiya bosh vaziri bilan uchrashishi rejalangan.

Yaponiya Iqtisodiyot vaziri Banri Kaida Rossiya bilan munosabatlarning bu tarzda yomonlashuvi salbiy iqtisodiy oqibatlarga olib kelishidan xavotirda ekanini aytgan.

Kuril Orollariga doir bahsu munozaralar Tokio va Moskva o‘rtasida ikkinchi jahon urushidan beri davom etadi.

Ikki mamlakat o‘rtasida tinchlik shartnomasi imzolanmayotganining ham asosiy sababi shu orollar yuzasidan tortishuv ekanligi aytiladi.

Kuril Orollarida baliqchilik sanoati rivojlangan, mineral zahiralarga boy va ehtimolki, hali ochilmagan gaz va neft konlari ham bor.