Muhammad, Mahmud, Ahmad, Mohammad, Mahamed...

So‘nggi tadqiqot natijalaridan ayon bo‘lishicha, Muhammad Britaniyada eng mashhur ismga aylangan.

Mashhurlik bobida bor-yo‘g‘i ikki yil avval uchinchi o‘rinda bo‘lgan Muhammad ismi ko‘pchilikni hayratga solib, bir yilning o‘zida birinchi o‘ringa chiqqan.

Shunday qilib, o‘tgan yil Britaniyadagi aksariyat ota-onalar o‘z farzandlarining ismini Muhammad, deb qo‘yishga qaror qilishibdi.

Buning ortidan Muhammadlarning soni Jaklarni ortda qoldirib ketibdi.

Xabarning shov-shuvli jihati shundaki, Jak Britaniyada o‘tgan 14 yil badalida eng ommabop ism bo‘lgan.

Tadqiqot natijalariga ko‘ra, o‘tgan yili yetti yarim mingdan ortiq chaqaloqqa Islom dini payg‘ambarining ismi berilgan.

Ikkinchi o‘rinni esa, Oliverlar egallashgan.

Lekin bir narsani ta‘kidlash kerakki, rasmiy ro‘yxatda aynan Muhammad degan ism mashhurlik bobida 16-o‘rinda.

Ammo Mahmud, Ahmad, Mohammad, Mahamed, Muhammed kabi turli talaffuzdagilari bilan qo‘shib hisoblaganda, uning oldiga tushadigani yo‘q ekan.

Shuni alohida ta‘kidlash joizki, avvallari Britaniyada hech qachon bunday bo‘lmagan.

Qanday shaklda talaffuz etilishiga qaramay, o‘tgan 10 yil ichida Muhammad deb nomlangan chaqaloqlarning soni ikki barobariga ortib ketgan.

Ko‘plar tomonidan Muhammadning dunyodagi eng mashhur ismlardan biri ekani ham aytiladi.

Rasmiy hisob-kitoblarga ko‘ra, Britaniya aholisining 5 foizga yaqinini musulmonlar tashkil etishadi.

Musulmonlar orasidagi tug‘ish ko‘rsatkichlari esa, musulmon bo‘lmaganlar bilan taqqoslaganda 2-3 barobar ko‘p ekani aytiladi.

Xo‘sh, Britaniya aholisi orasida Muhammad ismi nega bunchalar mashhur? Bu Islom dini payg‘ambarining ismi ekani bilan bog‘liqmi yoki ma‘nosi sababmi?

Biz ushbu savol bilan o‘zbekistonlik taniqli musulmon ulamosi Obidxon qori Nazarovga murojaat qildik:

Мултимедиа ўйнаш бу қурилмада дастакланмайди