Ovro‘po Ittifoqi: Turkiya ham maqtovga sazovor, ham kamchiliklari bor

Ovro‘po Ittifoqi Turkiya jamiyatidagi o‘zgarishlarga o‘zining navbatdagi bahosini bergan.

Siyosiy islohotlari uchun yuqori baho berilgan, ko‘proq demokratik erkinliklarga da‘vat etilgan.

Ovro‘po Ittifoqining yangi hisoboti yillik hisobot bo‘lib, ittifoqqa a‘zolikka intilayotgan qator mamlakatlardagi o‘zgarishlar kuzatiladi.

Ovro‘po Ittifoqining bu bahosi "Progress hisobot" deb nomlanadi.

Turkiyaga nisbatan ilgari siljish hisoboti 1998 yildan buyon har yil chop etib kelinadi.

Bu yilgi hisobotda Ovro‘po Ittifoqi Turkiyaning qator siyosiy islohotlarga erishganini yuqori baholagan.

Ammo mamlakat yangi konstitutsiyasi bilan mustahkamlanishi lozim bo‘lgan yangi demokratik erkinliklarga chaqirilgan.

Ovro‘po Ittifoqi matbuot erkinligi, xotin-qizlar huquqlari, diniy va milliy ozchiliklar huquqlarini ta‘minlashda ilgari siljish bo‘lmagan, deya tanqid bildirgan.

2004 yilda ittifoq Turkiyaning a‘zo bo‘lib kirishi uchun talab etilgan qator sohalarda ancha progress bo‘lganini e‘tirof etgan, bu Turkiyaning Ovro‘po Ittifoqiga to‘la a‘zoligi borasidagi muzokaralarini boshlashga izn bergan.

Ammo o‘shandan buyon Turkiyaning OI bilan aloqalari ancha sovuqlashdi.

Buning sabablaridan biri Turkiyadagi islohotlar darajasi nomuvofiq deb ko‘rilgani, yana boshqa asosiy sababi Ovro‘po Ittifoqiga a‘zo mamlakatlarning Turkiyani to‘la a‘zo sifatida qabul qilinishiga qarshi chiqqanlari edi.

"Progress hisobot"larini mamlakat surati deb atash mumkin.

Turkiyaning bu yilgi surati aralash-quralash chiqqan.

Bir tomondan Turkiya jamiyatda yangilanish yasayotgani, iqtisodni rivojlantirib borayotgani va ayrim fundamental siyosiy o‘zgarishlarni boshlagani uchun maqtaladi.

Boshqa tomondan Turkiya siyosiy madaniyatida "muloqot va murosani izlash" yetishmasligi kuzatilgani ta‘kidlanadi.

Hisobotda aytilishicha, ana shu "muloqot va murosaga intilish" yetishmasligi hukumat bilan boshqa partiyalar o‘rtasidagi munosabatlarda bu yil ko‘proq ko‘zga tashlangan.

"Asosiy huquqlar, "demokratik ochiqlik" va barcha asosiy hissadorlarning islohotlar jarayonidagi ishtirokini ta‘minlash borasida yanada ko‘proq ishlar amalga oshirilishi kerak", deydi Ovro‘po Ittifoqi.

Jumladan, o‘z fikrini ifodalash erkinligining amaldagi tatbiqi ta‘minlanishi lozim, deyilgan.

Hisobot Turkiyani chegara bahslarini hal etish borasida hamda Qibris bilan munosabatlarini normallashtirishga shoshilmayotgani uchun tanqid etilgan.

Ittifoqning yangi hisobotiga javoban Turkiya bosh vaziri "agar Turkiyani qabul qilishni rad etsa, hech qachon Ovro‘po Ittifoqi global qudratga aylana olmaydi", deb aytdi.

France 24 telekanaliga bergan intervьyusida Bosh vazir Rajab Toyib Erdo‘g‘on aytishicha, bu a‘zolikdan Turkiyaning o‘zidan ko‘ra ham Ovro‘po Ittifoqi ko‘proq foyda ko‘radi.

Bunda janob Erdo‘g‘on mamlakatining iqtisodiy rivojlanishi tobora kengayib borayotganini, jahondagi musulmon dunyosi bilan keng diplomatik aloqalarga ega ekanini tilga olgan.