Rossiyada katta mablag‘larga qaramasdan vatanparvarlik tuyg‘usi susaymoqda

Image caption Vatanparvarlikni kuchaytirishga millionlab dollar sarflashmoqchi

Omma fikrini o‘rganish bo‘yicha "Levada markazi" o‘tkazgan so‘nggi tadqiqotlar bo‘yicha, so‘ralganlarning 70 foizi o‘zlarini vatanpavar hisoblashlarini aytishgan. Ushbu ko‘rsatkich, "Levada markazi" tadqiqotlariga ko‘ra oldingi yillarga qaraganda sakkiz foiz kam.

Ekspertlar fikrlaricha hozirgi vaziyat hokimiyatning vatanparvarlik sohasida katta mablag‘ sarflayotgan bir paytda kuzatilmoqda. 2015 yilga qadar hukumat rossiyaliklar orasida vatanparvarlikni kuchaytirish yo‘lida qariyb 20 million AQSh dollari midorida mablag‘ sarflamoqchi.

Vatanparvarlik tuyg‘ularini mustahkamlash Kreml siyosatining asosiy yo‘nalishlardan hisoblanadi. Hukumat tasdiqlagan dastur "Rossiya Federatsiyasi fuqarolarining 2011-2015 yillarga mo‘ljallangan vatanparvarlik tarbiyasi" deb nomlanadi. Dastur Rossiya mudofa vazirligi tomonidan ishlab chiqilgan bo‘lib, yaqin to‘rt yil davomida vatanparvarlikni mustahkamlash uchun qariyb 20 million dollar ajratish ko‘zda tutilgan.

Bundan tashqari, mudofaa va targ‘ibot tizimi bo‘yicha "DOSAAF" jamiyatiga qo‘shimcha yana qariyb 50 million dollar ajratishga qaror qilingan.

Ushbu mablag‘lar o‘tmishda Rossiya va Sho‘ro armiyalari qozongan g‘alabalarni nishonlash, yoshlar orasida turli sport musobaqalarini o‘tkazish ishlariga sarflanadi. Shu qatorda bayroqlar, davlat madhiyasi va vatanparvarlik ko‘shiqlari yozilgan disklarni chiqarish va tarqatish kabi choralarga ham xarj etilishi aytiladi.

"Yagona Rossiya" partiyasi a‘zosi, parlament deputati Maksim Mishenko "Rossiya molodaya" deb nomlangan siyosiy harakatga ham rahbarlik qiladi. Maksim Mishenkoning fikricha, so‘rov natijalariga qaramasdan, Rossiyada vatanparvarlik darajasi pasaymagan.

"2008 yil Rossiyada vatanparvarlik gurkiragan vaqt edi. Keyinroq ba‘zi muammolar, xususan boshlangan iqtisodiy inqiroz fuqarolar kayfiyatiga salbiy ta‘sir ko‘rsatdi. So‘rov natijalarining pastroq bo‘lishiga, ehtimol inqiroz bir oz ta‘sir ko‘rsatgandir. Biroq baribir, menimcha Rossiyada vatanparvarlik juda yuqori darajada", deydi deputat Maksim Mishenko.

Pul bilan vatanparvarlikni kuchaytirish mumkinmi?

"Levada markazi" eksperti Boris Dubinning fikricha, Kreml ajratayotgan pullar, rossiyaliklarni ko‘proq vatanparvar bo‘lishlariga jiddiy ta‘sir ko‘rsatmaydi.

"So‘rov natijalari vatanparvarlik shiorlariga qaratilgan munosabatdir. Shu bois aholi uchun vatanparvarlik so‘zlari xususan davlat rahbarlari tomonidan aytilayotgani bilan ham muhimdir. Lekin men vatanparvarlikka oid hokimiyat oldinga surayotgan tashabbuslarga unchalik ishonmayman. Bugungi Rossiya jamiyati bir tomondan o‘z atrofiga befarq bo‘lganlar, boshqa tomondan hokimiyatdan o‘zini chetga tortayotganlar va uchinchidan kam faol bo‘lgan, faqat o‘z yaqinlariga suyanadigan fuqarolardan tashkil topgan. Bunday jamiyatda vatanparvarlik o‘yinlari uchun qancha pul ajratilmasin, baribir sezilarli natija bermaydi", deydi jamiyatshunos Boris Dubin.

Kuzatuvchilar Rossiyada vatanparvarlik kayfiyatlari Bosh vazir Vladimr Putin hokimiyat tepasiga kelgandan keyin kuchayganiga ishora etishadi.

Vladimir Putin, yaqindagi chiqishida, shu yilning yozida Amerikadan deportatsiya etilgan o‘n Rossiya agenti bilan uchrashgani va ular bilan birgalikda vatanparvarlik ko‘shiqlarini kuylaganini alohida ta‘kidladi.

"Biz birgalikda "Vatan nimadan boshlanadi" qo‘shig‘ini kuyladik. Men hazil qilayotganim yo‘q, jiddiy gapirayapman. Va boshqa shunga o‘xshash ko‘shiqlarni kuyladik. Amerikadan qaytarilgan bizni agentlar Rossiyada yaxshi va munosib ishlarga qo‘yiladi", deb aytdi Vladimir Putin.

So‘nggi yillarda Sobiq Sho‘ro davridagi kabi, Moskva Qizil maydonida harbiy paradlar o‘tkazish an‘anaga aylangan. Radio va telekanallarda vatanparvarlik ruhidagi dasturlar, filmu-qo‘shiqlar soni sobiq Sho‘ro davridagidan kam emas.

Vatanparvarlikmi yo millatchilik?

"Vatanparvarlik Rossiya millatlari birligining muhim omillaridan biri" deb yozilgan davlat dasturida. Biroq ko‘pmillatli Rossiya uchun millatchilik eng jiddiy muammolardan sanaladi. Bundan ikki hafta oldin Rossiyada asosiy milliy bayramlardan biri - "xalq birligi" kunida siyosiy partiyalar qatorida Rus millatchilari an‘anaviy "Rus marshi"ni o‘tkazishdi. Mahaliy hokimiyat tomonidan ijozat berilgan "Rus marshi" Rossiya yirik shaharlarida "Rossiya ruslar uchun!", "Yo‘qolsin kelgindilar!" shiorlari ostida o‘tkazildi.

Ekspertlar millatchilik kayfiyatlarining kuchayishi Rossiya yaxlitligiga jiddiy xatar tug‘dirishini urg‘ulab kelishadi. Huquq faollari hisob-kitoblari bo‘yicha Rossiya hududida joriy yilda millatchilar dastidan 40 inson halok bo‘lgan.

Vatanparvarlik targ‘ibotlariga qaramasdan, aholi orasida Rossiyani tark etish kayfiyatlari ham kuchaygani kuzatiladi. Yaqinda Superjob.ru ilmiy-tadqiqot markazi o‘tkazgan so‘rov natijalariga ko‘ra, so‘ralganlarning to‘rtdan uch qismi, agar imkoniyati bo‘lsa, Rossiyani tark etgan bo‘lishini aytishgan. So‘rovda qatnashganlarning aksariyati yashash uchun AQSh va Ovro‘po davlatlarini tanlashlarini bildirishgan.