'Passiv kashandalik oqibatida yiliga 600 ming kishi hayotdan ko‘z yumadi'

Image caption Kashandaga qaraganda chekmaydigan inson chekishdan ko‘proq zarar ko‘radi

Jahon Sog‘likni saqlash tashkiloti yangi tadqiqoti natijalariga ko‘ra passiv chekish oqibatida kelib chiqqan kasalliklar tufayli yiliga jahonda yarim milliondan ko‘proq inson hayotdan ko‘z yumadi.

192 mamlakatdan olingan ma‘lumotlarni o‘rganib chiqish asosida o‘tkazilgan tadqiqot o‘zi chekmaydigan, lekin birov chekkan tamaki tutuni xavfi haqida o‘tkazilgan birinchi keng qamrovli izlanishdir.

Jahon Sog‘likni saqlash tashkilotining yangi tadqiqoti natijalari xavotirli, deb xabar qiladi Bi-bi-si muxbiri Imojen Foulkes.

Hisob-kitoblarga ko‘ra, bolalarning 40 foizi va 30 foizdan ortiq chekmaydigan katta yoshdagilar doimiy ravishda chekishdan himoyalanmagan bo‘ladilar.

Ya‘ni, atrofdagi kashandalar chiqaradigan tutundan zaharlanishadi.

Tadqiqotlarga ko‘ra, ayni chekishdan himoyalanmaslik yiliga 600 ming o‘lim hollariga sabab bo‘ladi.

Nobud bo‘ladiganlarning uchdan bir qismi bolalardir.

Chekish kashandaning o‘zida yurak, nafas olish yo‘llari xastaliklari va o‘pka saratonini keltirib chiqarganidek, atrofdagi odamlarda ham xuddi shunday salbiy oqibatlar kuzatilishi mumkin ekan.

Farq shundaki, ikkinchi darajali "chekuvchi"lar, ya‘ni kashandalar chiqargan tutundan zarar ko‘radiganlar tamaki mahsulotlarini o‘zlari istifoda etmaydilar.

Hisobot mualliflari ayniqsa bolalarga bo‘ladigan salbiy ta‘sirlardan xavotir bildiradilar.

Hatto jamoat joylarida chekish qonun asosida qat‘iy taqiqlangan mamlakatlarda ham bolalar uylaridagi kashandalikdan aziyat chekadilar.

Bolalar quloq infektsiyasi, zotiljam, diqqinafas kasalliklariga chalinishlari va go‘daklar orasida kutilmagan o‘lim hollarini kuzatilishi mumkin ekan.

Uydagi shart-sharoitni qonuniylashtirish murakkab hol.

Jahon Sog‘likni saqlash tashkiloti ota-onalarni o‘z bolalarini kashandalik tufayli aziyat chekishlari olidini olishga undaydi va bu borada zudlik bilan zarur qadamlar qo‘yishga chaqiradi.

O‘zbekistonda ham oxirgi yillarda chekishga qarshi kampaniyalar o‘tkazilayotganligini ko‘rish mumkin.

Lekin chekuvchilar soni hanuz yuqori ekanligi nazarda tutilsa, ularning samarasi neqadar bo‘lmoqda va passiv chekish muammolariga umuman e‘tibor qaratiladimi?

Bu haqda biz o‘zbekistonlik shifokor Dilmurod Ergashev bilan suhbatlashdik.

Мултимедиа ўйнаш бу қурилмада дастакланмайди