Wikileaks Ostonada Hillari Klintonning 'yuzini yerga qaratadigan bo‘ldi'

Image caption Hillari Klintonning 'yuzi qizaradigan' bo‘ldi

AQSh Davlat kotibining Markaziy Osiyoga safariga Wikileaksda fosh etilgan yozishmalar soya solmoqda.

Qozog‘iston poytaxti Ostonadagi sammit chog‘i Xillari Klinton xonim dunyoning bir necha g‘azabnok rahbarlari bilan yuzma-yuz kelishi va javob berishi kerak.

AQSh Davlat departamentining bir kun oldin fosh etilgan 250 mingga yaqin hujjatlarida ko‘plab siyosiy rahbarlar nomlari keltirilgan.

'Qovog‘ida qor yog‘ilgan Ostona'

Hillari Klinton boshchiligidagi AQSh hay‘atini eltayotgan uchoq bugun sovuq Ostonaga qo‘ndi.

AQSh diplomatlarining maxfiy maktublari sizib chiqishidan bir kun o‘tib Klinton xonimni qovog‘idan qor yog‘ilgan mezbonlar qarshi olishdi.

Qozog‘istondagi Ovro‘poda Xavfsizlik va Hamkorlik Tashkiloti sammitiga qatnashayotgan rahbarlarning ko‘pi AQShlik diplomatlarning maxfiy yozishmalarida haqoratli so‘zlar bilan ta‘riflangan.

Hillari Klinton zimmasida juda qaltis vazifa turibdi.

Avvaliga mezbon Qozoq rahbariyati ko‘nglini topish.

Klinton xonim kun tartibidan Prezident Nursulton Nazarboyev va Tashqi Ishlar vaziri Qanat Saudaboyev bilan uchrashuvlar o‘rin olgan.

Ikkala mezbon ham Vikiliks sahifasida chop etilgan AQShlik diplomatlarning yozishmalarida tilga olingan.

Hujjatlarda Qozog‘iston Prezidentining bo‘sh vaqtini asosan Birlashgan Arab Amirliklaridagi go‘shasida o‘tkazishi, uning bosh vaziri esa tungi tarabxonayu ichkilikni xush ko‘rishi ta‘kidlangan.

Hujjatlarda, shuningdek, Prezidentning milliarder kuyovi Timur Quliboyevning moliyaviy kirdikorlari haqida batafsil so‘z boradi.

Wikileaks veb sahifasida janob Quliboyev o‘zining tug‘ilgan kunida bir kecha kuylashi uchun mashhur yulduz Elton Jonga 2007 yilda 1 million dollar sarflagani qayd etilgan.

Klinton xonim BMT Bosh kotibi Ban Ki Mun bilan bo‘lajak uchrashuvi chog‘ida ham bir og‘ir muammoga to‘qnash keladi.

Wikileaksga ko‘ra, Hillari Klinton 2009 yilda o‘zining yuqori diplomatlariga BMT Bosh Kotibi va BMT Xavfsizlik Kengashining doimiy a‘zolari bo‘lgan - Rossiya, Britaniya, Xitoy va Fransa elchilari ortidan ayg‘oqchilik qilishni topshirgan.

Bu holatni Belgiya Tashqi ishlar vaziri "diplomatik ishni ochiqcha ayg‘oqchilik bilan aralashtirib yuborish", deya keskin qoraladi.

Wikileaks hujjatlarida Afg‘oniston Prezidenti Homid Karzay ham jiddiy tanqid qilingan.

Homid Karzay bir Amerikalik diplomat tomonidan "kuchsiz va vosvosga uchragan" deya ta‘riflangan.

AQShlik diplomatlarning yashirin maktublarida, shuningdek, AQShning Afg‘onistondagi korruptsiyadan jiddiy xavotirda ekani ochiqlangan.

Ostona sammitiga borgan rahbarlardan yana biri - Fransa Prezidenti Nikolya Sarkozi. U "jizzaki va avtoritar" deya tilga olinadi.

Olmon kantsleri Angela Merkel esa, "o‘ta ehtiyotkor" deya baholangan.

Ostonada yuzi qizaradigan birgina Klinton xonim emas. Ozarbayjon Prezidenti Ilhom Aliyevning ham Turkiya va uning rahbarlari haqida sovuq gaplarni aytgani oshkor bo‘ldi.

Turkiya Prezidenti Abdulloh Gul: "Bu izohlar "Turkiya va Ozarbayjon aloqalariga hech qanaqasiga ta‘sir ko‘rsatmaydi", - degan esa-da, Turkiya rahbariyati Ozarbayjon Prezidentidan anchayin norozi ekanligini sezish mumkin.

Wikileaks yana minglab hujjatlarni oshkor etishga tayyorgarlik ko‘rayotgan ekan, Ostona sammitida ko‘ngilni xira qiladigan qator suhbatlarning bo‘lib o‘tishi turgan gap.