Hillari Klinton 'Manas' uchun Qirg‘izistonga minnatdorlik bildirdi

Bishkekka safari payti AQSh Davlat kotibasi Hillari Klinton Qirg‘izistonda koalitsion hukumat barpo etishga erishilganini olqishladi, "Manas" bazasi uchun minnatdorlik bildirdi.

AQSh davlat kotibasining Qirg‘izistonga safari oktyabr oyidagi parlament saylovlarida ko‘p ovoz to‘plagan partiyalar koalitsion hukumat barpo etish borasida bir kelishuvga erishgan paytga to‘g‘ri kelgan.

Klinton xonim demokratik saylovlarga asoslangan koalitsiyani shakllantirishga muvaffaq bo‘linganini yuqori baholagan.

U "Manas" aeroportida joylashgan AQShning Tranzit markazi uchun Qirg‘iziston rahbariyatiga minnatdorlik bildirdi.

AQSh qo‘shinlarini Afg‘onistonga yetkazish va olib chiqish, harbiy uchoqlarni yoqilg‘i bilan ta‘minlash maqsadida foydalaniladigan Tranzit markazini yopish g‘oyasini Qirg‘izistondagi bir necha siyosiy partiya ko‘tarib chiqqan, mamlakatning joriy hukumati bazani yoqilg‘i bilan ta‘minlash tartibidan norozilik bildirgan.

AQSh Davlat kotibasi Hillari Klinton Afg‘onistonda AQSh qo‘shinlari joylashishi Qirg‘iziston manfaatiga ham mos kelishi haqida aytgan.

"Agar biz Afg‘on halqiga tinch, barqaror mamlakat barpo etishiga ko‘mak bersak, Qirg‘iziston yanada xavfsizroq bo‘ladi", deb aytgan Klinton xonim.

AQSh Davlat kotibasi Bishkekda jonli televizion debatda talabalar va fuqarolik jamiyati vakillari qarshisida so‘zlar ekan, o‘tgan oy AQSh va NATOga a‘zo mamlakatlar 2011 yildan nazoratni mahalliy Afg‘on rasmiylariga o‘tkazishni boshlashga kelishganlari haqida aytgan, AQSh Tranzit markazini "saqlab turish" istagida ekanini bildirgan.

Davlat kotibasi Hillari Klintonning Bishkekka safari oldidan xalqaro Human Rights Watch tashkiloti bayonot e‘lon qilgan, o‘z murojaatida Klinton xonimni Qirg‘iziston rahbariyatini shu yil iyun oyidagi zo‘ravonliklar yuzasidan har tomonlama va xolis tekshiruvga chaqirishga chorlagan.

Human Rights Watchga ko‘ra, AQSh davlat kotibasi aprel va iyun hodisalari yuzasidan har taraflama va xolis tekshiruv zarurligini, Bishkek va mamlakat janubidagi zo‘ravonliklarga bog‘liq ishlarda adolatli mahkama huquqini ta‘minlash, mahkama jarayonlari atrofida xavfsizlikni kuchaytirish masalalarini ko‘tarishi kerak.

"Hillari Klinton, shu yil boshidagi zo‘ravonliklar yuzasidan haqiqiy adolatga erishishning yagona yo‘li inson huquqlariga rioya etish ekanini Qirg‘izistonning yangi rahbariyatiga to‘g‘ridan-to‘g‘ri aytishi kerak", deyiladi Numan Rights Watch bayonotida.

Muxbirlarga ko‘ra, Bishkekdagi talabalar va fuqarolik jamiyati vakillari bilan jonli televizion muloqotda Klinton xonim "mamlakatda barqarorlik faqat inson huquqlari orqali ta‘minlanishi mumkin" deb aytgan.