Nursulton Nazarboyev: 'Afg‘on mojarosining harbiy yechimi yo‘q'

Qozog‘iston Prezidenti Nursulton Nazarboyevning aytishicha, Afg‘oniston mojarosiga harbiy yo‘l bilan barham berib bo‘lmaydi.

Qozoq rahbariga ko‘ra, xalqaro hamjamiyat buning uchun Afg‘oniston iqtisodini qayta tiklash bilan u yerda tinchlik-barqarorlikni o‘rnatishi lozim.

Janob Nazarboyev bu haqda Qozog‘iston raislik qilayotgan Ovro‘poda Xavfsizlik va Hamkorlik tashkilotining Ostonada nihoya topgan oliymaqom yig‘ini ortidan bergan matbuot anjumanida bayon qilgan.

Qozog‘iston prezidentiga ko‘ra, mamlakati bundan keyin ham vaziyatni barqarorlashtirishda Afg‘onistondan o‘z yordamini ayamaydi.

"Biz doimo Afg‘oniston haqida qayg‘urib kelganmiz. 31 yildirki, afg‘on xalqi urushlar girdobida. Ya‘ni, bundan 30 yil avval dunyoga kelgan inson Kalashnikov avtomatidan boshqa qo‘liga hech narsa olmagan. Butun mamlakat vayron bo‘lgan. Menimcha, afg‘on xalqini osoyishta mehnat quchog‘iga qaytarish, ularga ko‘knorining o‘rniga guruch, paxta ekishlariga ko‘mak berishimiz lozim. Menimcha, Afg‘oniston masalasida asosiy muammo shu," deb aytgan qozoq rahbari.

Nursulton Nazarboyevning aytishicha, "Afg‘oniston tabiiy zaxiralarga boy va bu zaxiralar afg‘on xalqiga yordam berishi uchun u yerga sarmoya kiritilishi kerak".

O‘zbekiston Tashqi ishlar vaziri ham Ostonadagi sammitda qilgan chiqishida Afg‘oniston mojarosida harbiy yo‘l ish bermayotgani kun sayin oydinlashib borayotgani, shu sababdan ham boshqa muqobil yo‘llarni topishning vaqti yetganini aytgandi.

Lekin qozoq rahbari mamlakatining Afg‘onistondagi aksilterror koalitsiyasi faoliyatida ishtirok etish niyati borligini ham yana bir bor bayon qilgan.

Qozog‘iston tomoniga ko‘ra, Afg‘onistondagi ISAF kuchlari tarkibiga o‘zining yo‘riqchilari va merganlarini yuborish qaroridadir.

Rasmiy Ostonaning ushbu qarorini Qozog‘iston, Qirg‘iziston va O‘zbekistonga safarini bugun poyoniga yetkazgan AQSh Davlat kotibasi Hillari Klinton ham tasdiqlagan.

Lekin Klinton xonim ham, Qozog‘iston tomoni ham Afg‘onistonga yuborilishi ko‘zda tutilayotgan qozoq harbiylarining sonini aniq aytishmagan.

AQSh Davlat kotibasi, o‘z o‘rnida, Nato Afg‘oniston xavfsizligini afg‘on kuchlariga topshirishi ko‘zda tutgan 2014 yildan so‘ng ham Qirg‘izistonda harbiy hozirliklarini saqlab qolishdan manfaatdor ekanini bildirgan.

Klinton xonim keltirgan hisob-kitoblarga ko‘ra, joriy paytda Afg‘onistondagi harbiy amaliyotlarini dastaklash uchun NATO "Manas"dagi tranzit markazi orqali kuniga 3.5 mingta askar, olti ming tonnadan ortiq har xil yuklar olib o‘tilmoqda.

AQSh Davlat kotibasi Ostonadagi sammitda qilgan chiqishi chog‘ida Ovro‘poda Xavfsizlik va Hamkorlik Tashkilotini Afg‘oniston masalasida faolroq o‘rin tutishga chaqirgandi.