Afg‘onistonda AQSh va NATOga qarshi hujumlarni qo‘llovchilar ko‘paygan

Afg‘onistonda tobora ko‘proq odam bu mamlakatdagi xorijiy kuchlarga qarshi hujumlarni yoqlamoqda. Bi-bi-si uchun o‘tkazilgan omma so‘roviga ko‘ra, so‘ralgan afg‘onlarning chorak qismi AQSh va NATO kuchlariga qarshi isyonkorlar hujumlarini yoqlashgan.

Shuningdek, afg‘onlar o‘z kelajaklari borasida ancha tushkun kayfiyatdalar. Ayniqsa, tinimsiz janglar kechayotgan janubiy Afg‘onistonda odamlar orasida umidsizlik kuchli.

Mamlakatga qo‘shimcha xorijiy kuchlar kiritilishini istamaydiganlar soni ham oshmoqda.

Ayni damda Afg‘oniston to‘g‘ri yo‘lda ketmoqda, deya fikrlovchilar ham ko‘pchilikni tashkil etadi.

Odamlarning o‘ntadan to‘qqiztasi Tolibonga qarshi. Lekin so‘ralgan har uchinchi afg‘onistonlikning aytishicha, Tolibon ta‘siri va qudrati kuchaymoqda va ular bilan muzokaralar olib borish zarur. Shunga qaramay, aksariyat Tolibon nazorati ostida yashashni istamaydi.

Afg‘onistondagi xorijiy kuchlar uchun ijobiy ishoralar ham ozmuncha emas. Hamon 86% odam Homid Karzay hukumatini qo‘llaydi va hozirgi tuzumda yashash istagida.

Odamlarni bugun mamlakatda yomonlashayotgan xavfsizlik vaziyati eng ko‘p xavotirga solmoqda. Tadqiqot natijasiga binoan, odamlarni tashvishlantirish nuqtai nazaridan iqtisod va ishsizlik masalalari o‘rinlarga tushgan.

Xavfsizlik yomonlashgani bois odamlar bir joydan ikkinchi joyga bora olishmaydi. Bundayin ahvol o‘tgan besh yilda hozirgidek abgor holatda bo‘lmagan.

Aksariyat kuchayotgan zo‘ravonlik va urushlar uchun Tolibon aybdor, deb o‘ylaydi. Biroq bu o‘rinda xorijiy kuchlarni aybdor, deb biladiganlar soni ham oshib bormoqda.

Aksariyat afg‘onlar mamlakatda urchigan poraxo‘rlikdan bezor bo‘lishganini bildirishgan.

Aksariyat so‘ralganlarga ko‘ra, ularning turmush sharoitlari va mamlakatdagi infratuzilma keyingi yillari deyarli o‘zgarmay qolayotir.