Xitoy Koreyadagi tanglik nazorat ostidan chiqib ketishidan tashvishda

Image caption Shimoliy Koreya Janubiy Koreya harbiy mashg‘ulotlari urushga yetaklashi mumkinligini aytadi

Xitoy Prezidenti Xu Jintao Prezident Obama bilan telefon muloqotida zarur choralar ko‘rilmasa, Koreya yarim orolidagi tanglik nazorat ostidan chiqib ketishi mumkinligini aytdi.

Prezident Xu Amerika rahbariga Koreya yarim orolida davom etayotgan tanglikka "sovuqqonlik va oqilona" yechim topilishi kerakligini ta‘kidladi.

Oq Uy bayonotida aytilishicha, Prezident Obama Xitoy va boshqa davlatlarni Shimoliy Koreyaga uning "ig‘vogarlik harakatlari"ni qabul qilib bo‘lmasligi borasida qat‘iy mujda yo‘llashga chaqirgan.

Pekin Pxenyanning asosiy ittifoqchisi hisoblanadi.

Hozirda Xitoy o‘z qo‘shnisiga ta‘sir ko‘rsatish yo‘lida xalqaro bosimlar ostida qolmoqda.

Ikki prezident o‘rtasidagi telefon muloqoti Janubiy Koreya yirik harbiy mashg‘ulotlarni boshlagan paytga to‘g‘ri kelgan.

Shimoliy Koreya ushbu mashg‘ulotlar "urushga olib borishi mumkin," deya qoralagan.