'Korruptsiya butun dunyoda hammaning dardiga aylangan'- Bi-bi-si so‘rovida

Bi-bi-si Jahon Xizmati buyurtmasi asosida o‘tkazilgan yangi so‘rov natijalaridan ayon bo‘lishicha, korruptsiya dunyoda eng ko‘p muhokama etiluvchi global muammoga aylangan.

So‘rov dunyoning 26 davlatida shu yilning iyun va sentyabr oylari oralig‘ida 13.000 dan ortiq kishi orasida olib borilgan.

Agar so‘rov natijalariga qaralsa, ishtirokchilarning 20 foizdan ortiqrog‘i o‘tgan oy oila a‘zolari va do‘stlari bilan faqat korruptsiya haqida gaplashishgan.

Korruptsiya - global iqlim o‘zgarishi, qashshoqlik, ochlik, ishsizlik va oziq-ovqatu yoqilg‘i narxlarining ko‘tarilishi kabi global muammolarni ortda qoldirib, hammaning tilidagi dardiga aylangan.

Bu kabi holat ko‘proq dunyoning rivojlanayotgan davlatlarida, jumladan, Keniya(63%), Nigeriya(49%), Indoneziya(45%) va Hindiston(30%)da kuzatilgan.

Ammo Italiya(14%), Ispaniya(13%) va Kanada(11%) kabi jahonning iqtisodi rivojlangan mamlakatlari ham bu masalada bir chetda qolishmagan.

So‘rov qatnashchilaridan, shuningdek, 14 ta global muammodan qay birini jiddiy deb bilishlari ham so‘ralgan.

Berilgan javoblar tahlil qilinganda, jiddiylik jihatdan korruptsiya balosi ikkinchi o‘rinda kelgan. Ishtirokchilarning 68 foizi korruptsiya dunyodagi eng jiddiy muammo deyishgan.

Ammo faqat bir foizga ko‘proq farq bilan qashshoqlik - dunyodagi eng dolzarb global muammo deb topilgan.

Ayni o‘rinda yana shuni ham ta‘kidlab o‘tish joizki, qashshoqlik ketma-ket ikkinchi yilki odamlarni o‘ylantirayotgan eng aktual muammo deb sanalmoqda.

Global muammolarning qanchalik jiddiyligiga oid ro‘yxatda korruptsiyadan keyingi o‘rinlarni tevarak-muhitning ifloslanishi, terrorchilik, inson huquqlarining toptalishi, oziq-ovqat va yoqilg‘i narxlarining ko‘tarilishi egallagan.

Braziliya, Misr, Kolumbiya va Filippinda esa, aholining deyarli barchasi korruptsiyani eng jiddiy muammo deb sanashlari ayon bo‘lgan.

So‘rov ishtirokchilarining yarmidan ko‘prog‘i ayni shu fikrda bo‘lgan davlatlar sirasiga Xitoy, AQSh, Rossiya va Hindiston kirgan.

Ovro‘poliklar orasida korruptsiya haqida eng ko‘p qayg‘urganlar italiyaliklar bo‘lib chiqishgan.

Birlashgan Millatlarning Xalqaro Korruptsiyaga qarshi kurash kuni e‘lon qilingan so‘rov GlobeScan shirkati tomonidan olib borilgan.

Dunyoning 86 davlatida 90.000 kishi orasida so‘rov o‘tkazgan Transparency International tashkilotiga ko‘ra ham butun dunyoda korruptsiya bilan bog‘liq ahvol yomonlashgan.

Har 10 ishtirokchidan 6 nafari korruptsiya o‘tgan uch yilda jiddiy tus olganini bildirgan.

Har to‘rt qatnashchidan bittasi esa, yaqindagina kimgadir, ayniqsa, ko‘proq huquq-tartibot xodimlariga pora bergan.

Transparency Internationalning so‘rovida Afg‘oniston, Hindiston va Nigeriya dunyoning eng korruptsiyalashgan davlatlari deb topilgan.