Hayvonlarni tushunib, insonlarni tushunmagan Shavkat Abdusalomovga savol bering

Image caption Shavkat Abdusalomov asarlari sizni Ovro‘po va Osiyo oralig‘idagi dunyoga yetaklaydi

Shavkat Abdusalomov - asli O‘zbekistonlik musavvir, yozuvchi, aktyor va rejissyor.

San‘at va adabiyot ahli orasida uni bugungi kunning buyuk o‘zbeklari qatorida ko‘radiganlar ham oz emas.

Ammo o‘z vatani O‘zbekistonda Shavkat Abdusalomovni ko‘pchilik ham tanimasligi mumkin.

Hamza haqidagi "Olovli yo‘llar" ko‘p seriyali filьmini ko‘rgan bo‘lsangiz, bir parchada qora kiyimdagi isyonkor va jadidchi shoir obrazi bor.

Ayrimlar hanuz o‘sha Cho‘lpon emasmikan, deb so‘rovchi savdoyi shoir qiyofasini aynan Shavkat Abdusalomov o‘ynagan.

Shavkat Abdusalomov rassom sifatida ko‘proq taniqli.

Uning "To‘y" asari O‘zbekistonda ham jurnallarda chop etilgan.

So‘nggi moybo‘yoqli akslari sirasidan "Misrga parvoz", "Darbadar Maryam" va yo "Ayriliq"ni aytish mumkin.

O‘n yilcha oldin Takvash taxallusi bilan Rossiyada "Yakkamuguz" nomli kitob chop etgan.

"Men birinchi emasman. Siz oxirgi emassiz. Bu so‘qmoqdan ko‘plar yurgan. Biz faqatgina bir-birimizning izimizni bosib yuramiz, xolos" - deb ijodi borasida yozadi san‘atkor.

Uning adabiy va tasviriy asarlari borasida yozganlar Shavkat Abdusalomov asarlari sizni Ovro‘po va Osiyo oralig‘idagi dunyoga yetaklashi haqida yozishadi.

Tanqidchilar ta‘biricha, Shavkat Abdusalomov asarlarida "sarg‘ish moybo‘yoqqa belangan qo‘ldan moviy osmonga tutashib ketgan ko‘za o‘sib chiqadi. Uning qumdan yasalgan obrazlari boshi osmonga tegib turadi".

San‘atkor o‘zi haqida yozarkan "Men kimman?" - deb qo‘yadi. Va ortidan o‘zi javob beradi.

"Men hayvonlarni va insonlarni sevadigan bir bandaman. Mana hayvonlarni tushunib ham qoldim. Ammo hamon insonlarni tushuna olmayapman".

Musavvir, yozuvchi va rejissyor Shavkat Abdusalomovga savollaringizni uzbek@bbc.co.uk elektron pochta manziliga va yoki ushbu sahifaning quyi qismidagi maxsus forma orqali yo‘llang.

Takvash yoki Shavkat Abdusalomovning savollaringizga javoblarini shanba kungi radiodasturimizda tinglab, bbcuzbek.com vebsahifamizda o‘qishingiz mumkin.