Putin ekstremizmga qarshi ayovsiz kurash olib borishga chaqirdi

Image caption Rossiya Bosh vaziri ekstremizmga qarshi keskin kurashishga chaqirdi

Rossiyaliklar bilan telefon orqali "jonli muloqot o‘tkazgan" Rossiya Bosh vaziri Vladimir Putin "ekstremizmning barcha ko‘rinishlarini, ular qayerdan chiqmasin, kesib tashlash"ga chaqirgan.

Bu haqda Vladimir Putin so‘nggi kunlarda Rossiya va Sankt-Peterburg shaharlarida yuz bergan etnik to‘qnashuvlarga izoh berish jarayonida gapirgan.

"Qafqozliklar yoda boshqa millat vakillarini qora bo‘yoq bilan chaplamaslik kerak. Aslida, "qafqozlik" degan millatning o‘zi yo‘q. Umuman hech bir millatni qora bilan chaplamaslik zarur", - deb aytgan Rossiya bosh vaziri.

Vladimir Putin mamlakat fuqarolarini Rossiyada hamjihatlikda yashagan musulmon va masihiylarning ko‘p asrlik tajribasidan foydalanishga chaqirgan.

"Rossiya fuqarolari, ular qayerda yashashlaridan qat‘i nazar, o‘zlarini erkin his qilishlari kerak. Qafqozliklar Moskva ko‘chalariga chiqishdan, slavyan millatiga mansub fuqarolar esa Shimoliy Qafqoz mintaqasida yashashdan qo‘rqmasliklari lozim", - deya bayonot bergan Vladimir Putin.

Bosh vazir so‘zlariga ko‘ra, huquq-tartibot idoralari xodimlari ishiga e‘tiroz bo‘lsa-da, ularni "erga urib yubormaslik zarur".

"Aks holda, liberal ziyolilar soqollarini qirib, kaska kiyib, ifrotiylarga qarshi jang qilish uchun maydonga chiqishlariga to‘g‘ri keladi," deb aytgan Vladimir Putin.

Xavfsizlik amaliyoti

Moskva Ichki ishlar idorasiga ko‘ra, poytaxt militsiyasi chorshanba kuni etnik to‘qnashuvlarni bartaraf etish amaliyoti chog‘ida 1300 dan ortiq odamni hibsga olgan.

Moskvaning turli nuqtalarida aholi Qafqoz mintaqasidan bo‘lgan muhojirlar va rus millatchilari o‘rtasida to‘qnashuvlar kelib chiqishi mumkinligidan xavotirda edi.

Militsiya musodara qilgan qurol-yaroqlar orasida pichoqlar va pnevmatik to‘pponchalar topilgan.

Rossiya Prezidenti Dmitriy Medvedev o‘zining Twitter sahifasida militsiyani "professional" ish tutganlikda olqishlagan va ular "xordiq chiqarishga loyiq," deb aytgan.

Militsiya amaliyoti o‘tgan hafta yuz bergan g‘alayonlar ortidan amalga oshirilgan.

Rus futbol muxlisining o‘limi ortidan minglab rus millatchilari o‘tgan shanba kuni Moskva markazida namoyish o‘tkazgan edilar.

Futbol muxlisining Shimoliy qafqozliklar bilan bo‘lgan janjalda otib tashlangani ishoniladi.

Ba‘zi namoyishchilar "Rossiya ruslar uchun" degan shiorlar bilan qichqirgan va militsiya saflarini yorib o‘tishga uringan edilar.