Qo‘shma Shtatlar Belorus muxolifatchilariga nisbatan ta‘qiblarni qoraladi

Image caption AQSh Belorus hukumatini muxolifatga nisbatan "haddan ziyod kuch ishlatish"da aybladi

Qo‘shma Shtatlar Belorus hukumatini prezidentlik saylovi ortidan "haddan ortiq kuch ishlatish"da aybladi.

Minskdagi AQSh elchixonasi bayonot chiqarib, Vashington prezidentlikka nomzodlardan bir nechtasining do‘pposlanishi va hibsga olinishini qoralagan.

Minskdan kelayotgan xabarlarga ko‘ra, prezidentlik saylovlari paytida Aleksandr Lukashenkoga raqiblik qilgan nomzodlarning bir nechtasi politsiya tomonidan do‘pposlangan va hibsga olingan.

Ular orasida Vladimir Neklayev ham bor. Kecha muxolifat namoyishi chog‘ida kaltaklangan Vladimir Neklayev shifoxonaga yotqizilgan edi.

Janob Neklayev turmush o‘rtog‘ining aytishicha, kecha tunda noma‘lum shaxslar uni shifoxonada yotgan joyidan olib ketishgan.

Qo‘shma Shtatlar Belarus hukumatini "haddan ortiq kuch ishlatish"da aybladi va kuch ishlatishdan "tiyilish"ga chaqirdi.

Minskdagi AQSh elchixonasi bayonot chiqarib, prezidentlikka nomzodlarning kaltaklanishi va hibsga olinishi hamda jurnalistlar va huquqbonlarga nisbatan kuch ishlatilishini qoraladi.

Belarus Ichki ishlar vaziri muxolifatni mamlakatda vaziyatni beqarorlashtirishda aybladi.

Yakshanba kuni kechqurun Minsk markazida hukumatga qarshi namoyishlar o‘tkazgan yuzlab muxolifat faollari politsiya tomonidan hibsga olingan edi.

Muxolifat Prezident Lukashenkoni "ularning ovozlarini o‘g‘irlash va saylovlarni soxtalashtirish"da ayblamoqda.