Rossiyada mehnat muhojirlari uchun adaptatsiya bo‘limi tashkil etiladi

Rossiya hukumati mamlakatga kelayotgan mehnat muhojirlarini jamiyatga adaptatsiya, ya‘ni moslashtirish va integratsiya qilish uchun maxsus bo‘lim tashkil etmoqchi.

Rasmiylariga ko‘ra, ushbu maqsadda mehnat muhojirlari uchun rus tili kurslari tashkil etiladi.

Shu bilan birga, kelayotgan muhojirlarga Rossiya qonunlari va madaniyati haqida ma‘lumot berib boriladi.

Kuzatuvchilar Rossiya hukumatining muhojirlarga qaratilgan tashabbusi unchalik natija bermasligi va rejaning ancha kechikkanligiga ishora etishadi.

Rasmiylarga ko‘ra, mehnat muhojirlarining Rossiya jamiyatiga moslashish jarayoni tadbiri Federal migratsiya xizmati zimmasiga yuklanadi.

Avvaliga muhojirlar uchun maxsus madaniy markazlar ochilishi ko‘zda tutilgan.

Ushbu markazlarda muhojirlar uchun rus tili kurslari tashkil etish qatori, ularga Rossiya qonunlari va madaniyati haqida ma‘lumot beriladi.

Rasmiylarning ta‘kidlashlaricha, ushbu tadbir nafaqat mehnat muhojirlari, balki Rossiya davlati uchun ham foyda keltiradi.

Ayni vaqtda, ekspertlar fikrlaricha, muhojirlarning jamiyatga moslashish jarayoni ijobiy natija berishi mumkin.

“Biroq Rossiya Federal migratsiya idorasi ushbu murakkab tadbirni udallay olmaydi, ” deb aytishadi ekspertlar.

Moskvadagi “Migratsiya va Qonun” tahliliy markazi rahbari Gavhar Jo‘rayevaning fikricha, ko‘pchilik mehnat muhojirlari hukumat tashabbuslariga unchalik ishonishmaydi.

“Bizning muhojirlar ko‘chaga chiqqanlarida, nafaqat taqirboshlar, balki militsiya xodimlari zo‘ravonligiga ham yo‘liqishlari mumkinligini yaxshi bilishadi. Muhojirlardan bizni markazga tushgan shikoyatlar orasida skinheadlardan ko‘ra, militsiya xodimlaridan zarar ko‘rganlar ko‘pchilikni tashkil etishadi. Lekin qanday bo‘lmasin, mehnat muhojirlarini Rossiya jamiyatiga moslashtirish chorasi kerakli ish deb o‘ylayman. Chunki moslashish jarayoni bo‘lmagan jamiyat keskinliklar maydoniga aylanishi aniq,” deydi Gavhar Jo‘rayeva.

Moskva viloyatida yashayotgan Uzoqbekning fikricha, Rossiyada millatchilik kayfiyatlarini bartaraf etmasdan turib, muhojirlarni jamiyatga moslashtirish tadbiri juda mushkul kechishi mumkin.

"Hozir ular o‘qiyman, bir narsa ijod qilaman, deyishsa, vaqtlari yo‘q. Nimaga desangiz, ular kechayu kunduz ishlashyapti. Ularga dam olishlari uchun vaqt berilmayapti. Na shanba va na yakshanba kunlari. Berayotgan oyligidan boshqa hech narsani olib ketmaydi. Masalan, qurilishlarda ham, bozorlarda, savdo markazlari bo‘ladimi, hammasida lozim shart-sharoitlar yaratilsa, hamma narsa o‘zlariga qoladi. Bu joylarni hech kim O‘zbekistonga olib ketolmaydi. Biz bu yerga yomonlik qilish uchun kelganimiz yo‘q. Shu yo‘llarda, metrolarda yuraman, avtobuslarda yuraman, ana shu paytlarda odam millatchilarning hujumlariga ham to‘qnash kelayapti," deydi u kishi.

Ayni damda, Rossiya Federal migratsiya xizmati keltirgan so‘nggi raqamlar bo‘yicha, mamlakat bo‘ylab 8 mln. nafardan ortiq xorijiy migratsiya qayddan o‘tgan.

Yana ushbu manbaga ko‘ra, Rossiyada noqonuniy mehnat muhojirlarining soni qariyb 3,5 mln. nafarni tashkil etadi.