MTS Turkmaniston aloqa vazirligini xalqaro arbitrajga berdi

Rossiyaning MTS uyali aloqa shirkati Jenevadagi Xalqaro arbitraj mahkamasiga turkman aloqa vazirligiga qarshi da‘vo arizasi bilan murojaat qilgan.

Seshanba kuni Turkmaniston aloqa vazirligi MTSga qarashli Barash Communications Technologies shirkati litsenziyasini bir oyga to‘xtatib qo‘ygan edi.

Image caption MTS 600 million dollar zarar ko‘rishini aytmoqda

Ushbu qaror ortidan MTS o‘z tarmog‘ini o‘chirishga majbur bo‘lgan va Turkmanistondagi millionlab abonentlar mobil aloqasidan mahrum bo‘lganlar.

Rossiya shirkatining Turkmaniston uyali aloqa tizimidagi ulushi 80 foizni tashkil etadi.

Shirkat rahbariyatining aytishicha, turkman litsenziyasining olib qo‘yilishidan MTS pirovardida 600 million zarar ko‘rishi mumkin.

MTS vakillariga ko‘ra, turkman rasmiylari hozirga qadar ularga rasman hech qanday e‘tiroz bayon qilishmagan.

Turkman tomoni esa litsenziyaning to‘xtatilishini MTS bilan 5 yillik shartnomaning tugayotgani bilan izohlamoqda.

Payshanba kuni turkman tashqi ishlar vazirligi bir bayonot chiqarib, MTSning litsenziyasini chaqirib olish qarorini hamoya qilgan.

"Mamlakat hududida shirkat faoliyatining to‘xtatilishi haqidagi qaror huquqiy jihatdan to‘la asoslangan", deyiladi bayonotda.

Turkman tashqi ishlar vazirligi, shuningdek, mamlakat aholisining katta qismi mobil aloqasisiz qolganini rad etgan.

MTS Ashxoboddagi bosh idorasi va viloyatlardagi bo‘linmalariga Turkmantelekomning bino va inshootlarning ijara muddati tugagani haqidagi xati kelib tushganini bildirgan.

Shirkat Turkmanistondagi mijozlari bilan hisob-kitob qilishni boshlab yuborgan.

Ayni paytda MTS rahbariyati Prezident Qurbonquli Berdimuhamedov vaziyatga aralashadi, deb umid qilayotganini aytmoqda.

Putinning xabari bor Rossiya bosh vazirining matbuot kotibi Dmitriy Peskov, Rossiya hukumati MTS shirkatiga bog‘liq vaziyatni kuzatib borayotganini aytgan.

Janob Peskovning aytishicha, xorijda faoliyat olib borayotgan Rossiya shirkatlarining manfaatlarini himoya qilish, hukumatning asosiy vazifalari qatoriga kiradi.

MTS shirkatining Moskvadagi matbuot kotibi Irina Ochadchevaning Bi-bi-siga aytishicha, rasmiy Ashxabod MTS bilan imzolangan shartnoma bitimini uzaytirmagani sabablarini hozirgacha ma‘lum qilmagan.

"Biz MTS faoliyati to‘xtatilishi sabablariga oydinlik kiritish uchun Turkmaniston aloqa vazirligi bilan bog‘lanishga urinmoqdamiz. Biroq hozircha biror natija yuq. Qanday bo‘lmasin, biz yuzaga kelgan vaziyat ijobiy hal etilishiga umid qilamiz", - deb aytdi MTS shirkatining Moskvadagi matbuot kotibi.

MTS prezidenti Mixail Shamolinga ko‘ra, MTSga yetkazilgan zararning umumiy miqdori qariyb 600 mln dollarni tashkil etishi mumkin.

Ayni paytda kuzatuvchilar MTS faoliyatining to‘xtatilishi ortida ushbu shirkatning o‘rnini egallashga intilayotgan mahalliy mobil shirkatlar turgan bo‘lishi mumkinligini aytishmoqda.

Turkmanistonning mobil aloqalari tarmog‘idagi monopolisti bo‘lgan "Oltin asr" shirkati bor-yo‘g‘i 500 ming abonentga ega.

MTS aloqa tarmog‘i uzilganidan so‘ng, mijozlar "Oltin asr"ning aloqa nuqtalariga oqib kela boshlaganlar.

Rossiya va Turkmaniston o‘rtasidagi savdo tortishuvlari yangilik emas.

O‘tgan yili "Gazprom" shirkatining Turkmanistondan sotib olinadigan gaz hajmini keskin kamaytirishi ortidan Turkmaniston milliardlab dollar zarar ko‘rgan.