Afg‘onistonda 'Eron qurol-yarog‘ savdogari' qo‘lga olingan

Image caption Jeri tumanida NATO kuchlari harbiy amaliyotlarini faollashtirgan

Afg‘oniston janubida Erondan Tolibon uchun qurol-yarog‘ni noqonuniy olib kirishda ko‘maklashishda ayblanayotgan shaxs qo‘lga olingan, deb xabar qilgan NATO.

Afg‘onistondagi NATO yetakchiligidagi kuchlar nomidan bayonot e‘lon qilingan, unda Erondan Afg‘onistonga qurol-yarog‘ni noqonuniy olib kirishga aloqasi bor "Tolibonning asosiy qurol-yarog‘ ta‘minotchisi qo‘lga olingani aytiladi.

Gumondagi kishi shanba kuni Qandahor viloyatida ushlangan, bu hudud NATO kuchlari o‘zining nazoratini kuchaytirishga harakat qilayotgan hududlardan biri hisoblanadi.

Bu kishi qo‘lga olingan Jeri tumani Tolibon asos solingan joy deb ko‘riladi.

Bu Eronning Afg‘onistondagi isyonkorlikni dastaklayotgani borasida yangrayotgan ilk ayblov emas.

NATO bayonotiga ko‘ra, bu shaxs Erondan janubiy Nimro‘z viloyati orqali Qandahorga qurol-yarog‘ harakatlanishini tashkillashtirgan.

NATO kuchlarining dastlabki bayonotida qo‘lga olingan shaxs Eronning Inqilobiy gvardiyasi - "Al-Quds" qo‘shinlari a‘zosi ekani aytilgan edi.

Keyingi bayonotida NATO qo‘lga olingan shaxsning Eron Inqilobiy gvardiyasi a‘zosi deb ko‘rilmayotganini bildirgan.

Hibsdagi odam haqida ko‘proq ma‘lumot olganidan keyin NATO mulozimlari bu shaxs isyonkorlikka aloqador qator tashkilotlar bilan aloqador bo‘lishi mumkin, biroq "Al-Quds" a‘zosi emas, degan qarorga kelganlar.

NATO bayonotida bu kishining Qandahor viloyatidagi Tolibon rahbarlari bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri aloqasi bor, hisoblanayotgani ma‘lum qilingan.

Qandahordagi yetakchi Afg‘oniston xavfsizlik xizmati mulozimi aytishicha, koalitsiya kuchlari hibsga olishdan ilgari muayyan vaqt bu shaxsni kuzatib yurganlar.

Afg‘on mulozimining Bi-bi-siga aytishicha, "Eron josuslik xizmatlari janubda Tolibon va giyohvand moddalar savdogarlariga yordam berayapti. Bu narsaga biz har kuni duch kelib turibmiz. Bu hozir hammaga ayon narsa".

Bi-bi-si muxbiriga ko‘ra, Afg‘oniston istig‘borot xizmatlari o‘zaro suhbatlarda Eronning Afg‘oniston ichki ishlariga aralashayotganlikda gumon etib kelishadi, ammo ushbu ayblovni keng omma orasida e‘lon qilish ma‘qul ko‘rilmaydi.