Pokiston armiyasi bilan Tolibon o‘rtasidagi janglarda o‘nlab kishilar halok bo‘lgan

Image caption Pokiston armiyasi jangarilarni siqib chiqargani xabar qilingan

Pokiston xavfsizlik rasmiylariga ko‘ra, jangarilar qator harbiy nazorat nuqtalariga hujum qilishgan, oqibatda kamida 11 askar halok bo‘lgan.

Rasmiylarning aytishlaricha, harbiylik javob zarbalarini berarkan, 20 dan ortiq Tolibon jangarisi ham o‘ldirilgan.

Pokiston armiyasi rasmiylarining aytishlaricha, tun bo‘yi 150 nafarcha Tolibon jangarilari beshta harbiy nazorat nuqtasiga muvofiqlashtirilgan hujumlar uyushtirishgan.

Hodisa Afg‘oniston bilan chegara yaqinidagi Mohmand qavmlar nazoratidagi hududda yuz bergan.

Pokiston rasmiylariga ko‘ra, armiya javobiy zarbalarni bergan va ko‘plar jangarilar halok etilgan.

Tolibon voizi esa rasmiylar berayotgan raqamlarni savol ostiga olgan va jangarilardan ko‘ra, askarlar ko‘proq halok etilgan, deb aytgan.

Pokiston armiyasi Mohmandda Tolibonga qarshi qator amaliyotlar o‘tkazgan.

Ammo jangarilar yaqindan beri bu mintaqada hujumlar uyushtirishga qodir ekanlarini ko‘rsatishmoqda.

Joriy oy boshlarida Tolibonga xayrixoh bo‘lmaganlar, qavm oqsoqollarini nishonga olgan xudkushlik hujumida 40 dan ortiq inson nobud bo‘lgandi, deb xabar qiladi Bi-bi-si muxbiri.

Mohmand ma‘murlaridan Amjad Ali Xonning aytishicha, harbiylar jangarilar hujumini qaytarib, mahalliy vaqt bilan tungi soat 2 larda Bayzai deb ataladigan hududga siqib chiqarganlar.

Amjad Ali Xon so‘zlariga ko‘ra, qo‘shinlarga zambaraklar va tikucharlardan dastak berilgan, jang juma kuni tongida yakunlangan.

Mohmand Pokistonning qabilalar nazorat qiladigan yetti hududidan biri va Afg‘oniston-Pokiston chegarasini kesib o‘tish qulay bo‘lgan mintaqa hisoblanadi.

Bu hududlarda Tolibon va "Al-Qoida" mavqei hamon kuchli deb ko‘riladi.

Shuning uchun ham AQSh Pokistonga shimoldagi qavmlar hududida yirik harbiy amaliyotlar o‘tkazishiga undab bosim o‘tkazib keladi.

Bu hududlar Afg‘onistondagi Amerika yetakchiligidagi kuchlarga qarshi jang qilib kelayotgan jangarilar boshpana topayotgan asosiy hududlardan biri sanaladi.

Pokiston mamlakat shimoli-g‘arbidagi Tolibon kuchlarini yo‘q qilish yo‘lida yetarli ish qilmayapti, degan ayblovlarni Islomobod rad etadi.

Pokiston rasmiylarining bunga javoban aytishlaricha, 2002 yildan buyon islomiy jangarilariga qarshi janglarda 2400 dan ortiq harbiylar halok bo‘lgan.

Pokiston Afg‘onistondagi Tolibon rejimini 1996-2001 yillarda dastaklagan, biroq 2001 yilda Afg‘oniston ishg‘olini boshlaganidan keyin AQSh ittifoqchisiga aylangan.