'Rossiyada o‘zga millat vakillariga dushmanlik hissi kuchaymoqda'

Rossiyada o‘tkazilgan yangi omma so‘rovi natijalariga ko‘ra, o‘zga millat vakillariga nisbatan dushmanlik hissini tuyadigan insonlar soni ortgan.

Jamoatchilik fikrini o‘rganish Butunrossiya markazi so‘rov ishtirokchilarining yaqinda Moskva shahrining "Manejnaya" maydonida yuz bergan tartibsizliklar borasidagi fikri bilan qiziqqan.

So‘ro natijalariga ko‘ra, har besh rossiyalikning biri "Manejnaya" maydonidagi norozilik chiqishi tashkilotchilarini dastaklagan.

11 dekabr kuni futbol ishqibozi Yegor Sviridovning o‘ldirilishiga norozilik sifatida millatchilar "Rossiya - rossiyaliklar uchun, Moskva - moskvaliklar uchun" shiori ostida namoyish tashkil etishlari haqida e‘lon qilganlar.

Norozilik namoyishi tartibsizliklarga aylanib ketgan, tashqi ko‘rinishidan slavyan bo‘lmagan bir necha inson kaltaklangan.

Jamoatchilik fikrini o‘rganish Butunrossiya markazi so‘rovi natijalariga ko‘ra, so‘ralganlarning 11 foizi bu kabi tadbirlarda bevosita ishtirok etish istagida ekanliklarini izhor etganlar.

So‘rov tashkilotchilari bunday kayfiyatdagi odamlar, ayniqsa, Moskva hamda Sankt-Peterburg shaharlarida Rossiyaning boshqa hududlariga solishtirganda ko‘pchilikni tashkil etishini ma‘lum qilganlar.

Rossiyaning ikki yirik shahrida so‘ralganlarning 37 foizi boshqa millat vakillariga qarshi norozilik amaliyotida qatnashish istagini bildirgan.

Butun mamlakat bo‘ylab esa o‘z fikrini bildirganlarning 65 foizi "Manejnaya" maydonidagi tartibsizliklar tashkilotchilarini qo‘llab-quvvatlamasliklarini aytishgan.

Rossiyadagi so‘nggi sotsiologik so‘rovlar jamiyatda sabr-toqatlilik yildan-yilga kamayib borayotganini ko‘rsatmoqda.

Moskvadagi jamoatchilik fikrini o‘rganish bo‘yicha "Levada" markazidan Aleksey Grajdankin aytishicha, 2008 yilda Rossiyada "Siz boshqa millatdagi insonlarga nisbatan dushmanlik tuyg‘usini sezasizmi?" degan savolga so‘ralganlarning 10 foizi "ha" deb javob qaytargan.

2010 yilda esa bu savolga "ha" deya javob berganlar 19 foizni tashkil etgan.

Rossiyada ksenofobiya kuchayib borayotgani sabablaridan biri - davlatning ushbu muammoga yetarli e‘tibor qaratmayotgani deb ko‘riladi.

Shuningdek, ayrim siyosatchilar bunday kayfiyatlardan o‘zlarining maqsadi yo‘lida foydalanganliklari ham Rossiyada markaziy osiyolik va qofqozliklarga nafrat kuchayishiga turtki bergan.