Moskva mahkamasi Mixail Xodorkovskiy va uning biznes hamkorini yana aybdor deb topdi

Rossiyalik sobiq neft korchaloni Mixail Xodorkovskiy tovlamachilik va noqonuniy pullarni qonuniylashtirishda aybdor deb topilgan.

Tanqidchilar Xodorkovskiy ustidan mahkamani siyosiy vajlarga bog‘lashadi.

Bir paytlar Rossiyaning eng badavlat odami bo‘lgan Xodorkovskiy janoblari Vladimir Putinga ehtimoliy raqib sifatida ko‘rilgandi.

U soliqlardan bo‘yin tovlashda ayblanib 2005 yildan beri qamoqda qolmoqda.

Qoralov tomoni bu gal ayblanuvchilarga 14 yillik qamoq jazosi berilishini so‘ragan.

Kuzatuvchilarga ko‘ra, mahkama jarayoni va hukm o‘qilishi bir necha kun davom etishi mumkin.

Mixail Xodorkovskiy va Platon Lebedev 2005 yilda firibgarlik va soliqdan bo‘yin tovlashda aybdor, deb topilib, 9 yilga ozodlikdan mahrum etilgan edilar.

Ular birinchi va ikkinchi mahkamalarda o‘zlariga qo‘yilgan ayblarni rad etishgan.

Ikkovlon ham har ikki mahkama ishini "siyosiy" deb atashgan.

Moskvaning "Xamovnicheskiy" tuman mahkamsiga ko‘ra, Mixail Xodorkovskiy va Platon Lebedev uyushgan jinoiy guruh tuzib, 1998 yildan to 2003 yilga qadar “Yukos”ga qarashli shirkatlardan 218 million tonna neftni o‘g‘irlashgan.

To shu paytgacha ularga 350 million tonna neftni o‘g‘irlash va katta miqdordagi mablag‘ni noqonuniy o‘zlashtirish ayblari qo‘yilgandi.

Mahkamaga ko‘ra, ikkovlonning 20 milliard dollardan ortiq mablg‘ani suiiste‘mol etganliklari tasdiqlangan.

O‘z navbatida, Mixail Xodorkovskiyning advokati Vadim Klyuvgant, “Yukos” shirkatiga nisbatan chiqarilgan qarorni “atayin yolg‘on va adolatsiz ayblov” deya baholadi.

Advokatning fikricha, Xodorkovskiy va Lebedevga nisbatan mahkama ishi Rossiya uchun sharmandalik demakdir.

Mixail Xodorkovskiy va Platon Lebedev hozirda sakkiz yillik qamoq jazosini o‘tashmoqda.

Bosh vazir Vladimir Putinning prezidentlik davrida Rossiyaning eng badavlat kishisi sanalgan Mixail Xodorkovskiy uning siyosatini ochiq tanqid qilgan yagona ishbilarmon bo‘lgan.

Aksar kuzatuvchilar Mixail Xodorkovskiyga nisbatan qo‘zg‘atilgan har ikki mahkama jarayoni siyosiy sabablarga asoslangan, degan fikrdalar.

Moskvadagi Xalqaro Karnegi markazining eksperti Nikolay Petrovning fikricha, Kremldagilar Mixail Xodorkovskiyning ozodlikka chiqishini istashmaydi.

“Mixail Xodorkovskiy ishi yaqqol siyosiy xarakterga ega. Bundan tashqari, ushbu mahkama jarayoni asta-sekin Rossiya milliy qahramani Vladimir Putinning shaxsiy ishiga aylanganini kuzatish mumkin. Vladimir Putinning Xodorkovsiyga doir so‘nggi bayonotlari buni yaqqol tasdiq etdi. Xodorkovskiy ishi Rossiyadagi rejimning asosiy o‘zaklaridan biri hisoblanadi. Shu bois, men sud Xodorkovskiyga nisbatan ijobiy hukm chiqaradi, deb o‘ylamayman," deydi Xalkaro Karnegi markazining eksperti Nikolay Petrov.

Rossiya rasmiylari Mixail Xodorkovskiy va uning biznes hamkori Platon Lebedev mahkamsi siyosiy sabablarga asoslanganini rad etishadi.

Rossiya Bosh vaziri Vladimir Putin, mahkama arafasidagi chiqishida, Xodorkovskiyni 150 yillik qamoq jazosiga hukm etilgan amerikalik ishbilarmon Bernard Meydof bilan qiyosladi va “O‘g‘ri qamoqxonada o‘tirishi lozim,” deya qo‘shimcha qildi.

O‘z navbatida, huquq faollari Bosh vazir Vladimir Putinni Xodorkovskiyning mahkama jarayoniga bosim ko‘rsatishda ayblashdi.