Eronda Isroilga 'josuslik qilish'da ayblangan shaxs osib o‘ldirildi

Eron oxirgi marta bundan ikki yil muqaddam Isroilga josuslik qilganlikda ayblangan shaxsni qatl etgan edi
Image caption Eron oxirgi marta bundan ikki yil muqaddam Isroilga josuslik qilganlikda ayblangan shaxsni qatl etgan edi

Tehron prokuraturasining bildirishicha, Ali Akbar Siyodat Isroil josuslik xizmati - Mossadga Eron raketalari haqida ma‘lumot berib turgan.

Ikkinchi shaxs Ali Soramiy esa, 2007 yilda siyosiy mahbuslarga qarshi namoyishda ishtirok etgan.

Tehron prokuraturasiga ko‘ra, qatllar poytaxtdagi "Evin" qamoqxonasida ijro etilgan.

Eron oxirgi marta bundan ikki yil muqaddam Isroilga josuslik qilganlikda ayblangan shaxsni qatl etgan edi.

So‘nggi qatl Isroil xalqaro hamjamiyatga Eronning yadroviy dasturiga qarshi chora ko‘rish yo‘lida bosim o‘tkazayotgan paytga to‘g‘ri kelgan.

Eron rasmiylari Ali Akbar Siyodat Mossad bilan olti yil davomida aloqada bo‘lganini aytishgan. U 2008 yil rafiqasi bilan Erondan chiqib ketishga uringan mahal qo‘lga olingan.

Rasmiylarga ko‘ra, u maxfiy ma‘lumotlar uchun Isroildan oltmish ming dollar pul olgan.

Osib o‘ldirilgan ikkinchi shaxs Ali Soramiy esa, Erondagi siyosiy muxolifatning ko‘zga ko‘ringan namoyandalaridan bo‘lgan. U Allohning dushmani bo‘lishda ayblangan. Rasmiylar uni "Mujohiddini Xalq Tashkiloti" (Xalq Mujohidlari Tashkiloti)ga a‘zo bo‘lganini aytishadi.

Eronga ko‘ra, bu terrorchi tashkilotdir. Ali Soramiy 1983 yildan beri bir necha bor hibsga olingandi. So‘nggi bor u 2007 yilda qo‘lga olingan.

Eron mulozimlariga ko‘ra, hibs payti uning uyidan "Mujohiddini Xalq Tashkiloti" haqidagi suratlar, qo‘lyozma hujjatlar va boshqa ashyolar topilgan.

Eronda oliy jazo terror va josuslikka oid jinoyatlar uchun qo‘llaniladi. Inson huquqlari tashkilotlari Eron mahbuslarni qatl etish bo‘yicha Xitoydan keyingi o‘rinda turishini aytishadi.