Tobora ko‘proq britaniyaliklar Islomni qabul qilmoqdalar

Image caption Oxirgi yillarda Britaniyada 100 mingga yaqin Islomni qabul qilgan

Yangi tadqiqot natijalariga ko‘ra, Islomni qabul qilayotgan oq tanli britaniyaliklar soni tobora ortmoqda va ularning aksari ayollardir.

Uelsda joylashgan Svansi Universiteti o‘tkazgan tadqiqot Islomni qabul qilganlar ro‘yxatini o‘rgangan va masjidlar bilan suhbatlar o‘tkazgan.

Britaniyadagi Faith Matters xayriya tashkiloti moliyaviy yordamida amalga oshirilgan tadqiqot xulosalariga ko‘ra, Britaniyada Islomni qabul qilayotganlarning ko‘pchiligi oq tanli ayollar bo‘lib, ularning aksari hijobga kirgan.

Tadqiqot natijasida Britaniyada 100 ming nafar Islomga o‘tganlar borligi aniqlangan.

Ularning o‘rtacha yoshi 27 bo‘lib, ko‘pchilikning oilasi bu qadamni olqishlamagan.

Asli ismi Laura bo‘lgan 22 yoshli Oyisha Uddin ana shunday Islomni qabul qilganlardan biridir.

U ikki yil muqaddam shahodat keltirgan.

Islomni qabul qilganimdan so‘ng turmush tarzim butkul o‘zgardi. Avvallari haqiqiy isyonchi o‘smir edim. Musulmon bo‘lganimdan so‘ng, ancha osudalashdim. Ko‘proq uyda o‘tirib, internetda ma‘lumotlar to‘playdigan va kitob o‘qishni afzal biladigan bo‘ldim," deydi Oyisha Uddin.

Oyisha Islomni qabul qilganidan oila a‘zolari xushnud emasalar-da, musulmon bo‘lganidan baxtli ekanini aytadi.

"Yaqinlarim nima uchun o‘zligimni o‘zgartirayotganimni tushunishmadi. Kiyinish tarzimni o‘zgartirganimga, hijobga kirganimga hayron bo‘lishdi. Ular matbuotda musulmonlar haqida beriladigan ko‘plab salbiy xabarlar ta‘siri ostida edilar. Lekin mening uchun ularning aytganlari ahamiyatli emasdi, Islomga kirganimdan g‘ururlanaman," deydi 22 yoshli Oyisha Uddin.

Rijents Park Masjidi Londondagi eng yirik jome‘lardan biridir. Bu yerda har hafta kimdir shahodat kalimasini keltiradi.

"Islomga kirayotganlarning aksari ayollardir," - deydi masjid imomi Ajmal Razrul. - "Hisoblab chiqqanimizda, Islomni qabul qilgan har besh odamdan uch yoki to‘rttasi ayol ekani aniqlandi."

Ammo u bu holatdan taajubga tushmaganini aytadi: "Bu fenomen ilk bor kuzatilayotgani yo‘q, balki kamida 20 yildan buyon davom etayotir."

Sora Yusuf musulmonlar turmush tarzini aks ettiruvchi "Emel" jurnali muharriridir.

Sora o‘smirlik chog‘idayoq Islomni qabul qilgan. Saraning ham oilasi boshida unga adovat bilan qaragan, ammo hozir qabul qilishgan.

U oila a‘zolaridan o‘tgan kechinmalar haqida gapirarkan, ular "farzandimizni yo‘qotdik," degan xayolga borishganini aytadi.

Sara Yusuf Bi-Bi-Si bilan suhbatda britaniyaliklar, ayniqsa, ayollar orasida nima uchun Islomni qabul qilish hollari ko‘payotgani haqida shunday dedi:

"Ayollar orasida Islomni qabul qilish darajasini haddan tashqari ko‘paytirib aytmagan bo‘lardim, lekin nisbiy nuqtai nazardan olsak, ayollarning soni taxminan ikki baravarga ko‘proq bo‘lsa kerak. Buning sababi, menimcha, britaniyaliklar oraisda qaysi dinga bo‘lmasin, e‘tiqod ayollar orasida ko‘proq ekanidan kelib chiqsa kerak," deydi Sara Yusuf.