'Musulmonlar uchun jinsiy tarbiya' kitobi g‘azab bilan kutib olindi

Doktor Mubin Axtar pokistonliklarga jinsiy tarbiya berish istagida edi
Image caption Doktor Mubin Axtar pokistonliklarga jinsiy tarbiya berish istagida edi

Doktor Mubin Axtar pokistonliklarga jinsiy tarbiya berish istagida edi. Ammo, uning so‘nggi urinishi bahsu munozaralarga sabab bo‘ldi.

Mubin Axtar o‘zining "Musulmonlar uchun jinsiy tarbiya", deb nomlangan kitobini chop qildi. Unda odamlarga Islomiy ko‘rsatmalar asosida jinsiy tarbiya berish maqsad qilingan.

81 yoshli Doktor Axtarga ko‘ra, Pokistonda jinsiy munosabatlar haqida gapirilmasligi jiddiy oqibatlarga olib kelmoqda. U ruhshunos o‘laroq ushbu kitobini yozish zarurati bor ekanini his qilgan.

"Bu bizning mamlakatimizda yirik muammo", deydi u.

"O‘smirlar, ayniqsa, o‘g‘il bolalar, balog‘at yoshiga yetishar ekan va ushbu jarayonda yuz beradigan o‘zgarishlarni qandaydir bir xastalik, deb bilishadi", deydi u.

'Esankirash'

Doktor Axtar o‘z faoliyati davomida tanasidagi o‘zgarishlarni tushunmay asabiy holatga tushib qolgan o‘smirlar va hatto o‘z joniga suiqasd qilish hollariga duch kelganini aytadi.

"Men o‘zim bu bosqichni butun xavotirlar bilan bosib o‘tganman va boshqa bilan bu haqda gaplasha olmaysiz. Bu aslida noto‘g‘ri fikr. Men ana shunday tushunchalar noto‘g‘ri ekanini tibbiyot kollejiga kirganimdan keyin bilganman", deydi u.

Uning aytishicha, Pokistonda hatto hozir ham ko‘plab shifokorlar jinsiy masalalarni ochiqchasiga mubohasa qilmaydilar. O‘qituvchilar va ota-onalar bu mavzuda gapirishni uyatli, deb bilishadi.

Hukumat maktablarida esa, jinsiy tarbiya darslari o‘qitilmaydi.

Doktor Axtarga ko‘ra, an‘anador Pokiston jamiyatida jinsiy tarbiyaga oid biron bir qo‘llanma ko‘rmaganini aytadi. Va u ayni mana shu hol yoshlarni "Islomga zid" yo‘l tutishga rag‘barlantirmoqda degan fikrda.

Image caption Kitobning inglizcha nashri 'Musulmonlar uchun jinsiy tarbiya' deb nomlandi

"Ular mendan qachon jinsiy tarbiyani boshlash kerakligi haqida so‘raydilar. Men esa, bolalikdanoq ushbu mavzuda gaplashish mumkinligini aytaman. Bolalarga boshqa tana a‘zolari - qo‘llar, quloqlar va burun o‘rgatilganidek, jinsiy a‘zolarning nomlari ham o‘rgatilishi kerak", deydi Doktor Axtar.

"Kattaroq bo‘lganlarida ular bola qayerdan paydo bo‘lishi haqida so‘raydilar va siz buni ham aytishingiz mumkin. Bu narsa bolaning jinsiy faol va yo axloqsiz bo‘lishiga olib kelmaydi", deydi u.

Doktor Axtarning so‘zlariga ko‘ra, jinsiy munosabatlarni mubohasa qilish Islomga zid narsa emas.

Va u odamlarga yordam berishning eng yaxshi yo‘li - kitob yozish degan fikrga kelgan. U kitobida jinsiy tarbiya asoslarini Islomiy nuqtai nazardan yoritishga urinadi.

"Men Qur‘on, Islomiy qonunlar va diniy olimlar bu haqda nimalar deyishganini o‘rgana boshladim. Hamda men Islomda jinsiy munosabatlar haqida juda ko‘p narsa borligini angladim".

Bu esa, kim uchundir hayratlanarlidir.

"Payg‘ambar Muhammadning jinsiy munosabatlar haqidagi gaplari bor va tarixiy manba‘larda uning ham ayollar va ham erkaklar tomonidan ayni mavzuda bergan savollarga javob bergani xususida aytiladi".

Doktor Axtarning kitobida Payg‘ambar Muhammadning so‘zlaridan, shu bilan birga Qur‘oni Karimdan iqtiboslar keltiriladi.

Masalan: "Sizlarga ro‘za kechasida xotinlaringizga qo‘shilish halol qilindi. Ular sizlarning libosingiz, sizlar ular uchun libossiz (ya‘ni er-xotin bir-biriga kishi libosga muhtoj bo‘lgani kabi muhtojdirlar)". (Qur‘oni Karim, Baqara surasi, 187-oyat)

Ayblovlar

Doktor Axtar jinsiy tarbiyaga oid boshqa mavzular qatorida istimno (masturbatsiya), er-xotin o‘rtasidagi muammolar, g‘usl borasida ham so‘z yuritadi.

Ammo, ko‘plab pokistonliklar Axtar janoblarining kitobini nomaqbul deb topishgan.

U kitobning inglizcha nashri "Musulmonlar uchun jinsiy tarbiya" deb nomlagan. Urdu tilida chop etilgan shakli esa, "Yoshlar uchun aholida muammolar" deb ataladi.

Ammo, kitobning nomini o‘zgartirib, uning jarangdorligini pasaytirishga urinish ham ayrimlarni tinchlantira olmadi.

"Menga tahdidlar qilindi. Hatto shifokorlar men o‘zgacha fikrlash, firibgarlikda ayblashdi", deydi u.

"Viloyat siyosatchisi meni idorasiga chaqirib, men odamlarni pornografiyaga rag‘barlantirayotganimni aytdi. Unga men bunaqa narsani qilmayotganimni tushuntirdim".

Doktor Axtar juda kam sonli kitob do‘konlari uning kitobini sotib olish istagini bildirishgani va yo biron bir gazeta pulga bo‘lsa-da, kitobni targ‘ib qilishga rozi bo‘lmaganini aytadi.

"Bu juda qayg‘uli munosabat. Ko‘plab yoshlarimizni keraksiz ruhiy azobga qo‘yadigan masalaga nisbatan johilona qarash. Biz buni o‘zgartirishimiz kerak. Men odamlarni bosqichma-bosqich, nozik idrok bilan tarbiyalash haqida gapirdim xolos. Ammo, bugun biz hatto buni qilayotganimiz ham yo‘q".

--------------------------------------------------------------------------------

Sizningcha, jinsiy tarbiyaga oid kitoblar kerakmi? Bunday kitoblar Siz farzand tarbiya qilayotgan joyda yetarlimi? Siz jinsiy tarbiya qaysi yoshdan boshlanishi kerak, deb o‘ylaysiz? Maktablarda jinsiy tarbiyaga oid darslar o‘qitilishiga qanday qaraysiz? Bu boradagi fikru mulohazalaringizni bbcuzbek.com ga yo‘llang