Fridom Xaus: 'Prezident Karimov hukumati repressiv davlat nazoratini saqlab qolayotir'

2010 yilda dunyoning 40 mamlakatida demokratiyadan keskin chekinishlar kuzatildi, deya xabar beradi AQShning Fridom Xaus nodavlat tashkiloti.

Jahonning 194 mamlakatida siyosiy erkinliklar va fuqarolar ozodligi darajasini o‘rgangan Fridom Xaus chiqargan yillik hisobotga ko‘ra, ozodlik bo‘g‘ilgan inson huquqlari faollariga ta‘qiblar kuchaygan mamlakatlar sirasiga Afrika, Lotin Amerikasi, Yaqin Sharq va sobiq Sovet Ittifoqi davlatlari kiritilgan.

Fridom Xaus qariyb qirq yildan buyon dunyodagi erkinliklar darajasini tadqiq etib keladi. Hisobotda O‘zbekistonga ham alohida to‘xtalgan.

Unda aytilishicha, Prezident Islom Karimov hukumati mamlakat ustidan repressiv davlat nazoratini saqlab qolayotir.

Fridom Xaus hisobotida O‘zbekiston demokratiya darajasi eng past bo‘lgan mamlakatlar qatoriga kiritilgan.

"O‘zbekiston saylovga asoslangan demokratik mamlakat emas", deyiladi Fridom Xaus hisobotida.

Prezident Islom Karimov siyosiy muxolifatni bostirish uchun ijroiy hukumat qudratidan foydalanadi.

Fridom Xausga ko‘ra, uning 2007 yil dekabrida prezident sifatida qayta saylanishi prezidentlik muddatiga oid konstitutsiyaviy qonunni nazar-pisand etmaganini ko‘rsatdi.

Hisobotda ta‘kidlanishicha, 2002 yilda o‘tkazilgan "shubhali referendum" O‘zbekistonni ikki palatali parlamentar tizimga o‘tkazgan.

"O‘zbekistonda hozirda to‘rtta siyosiy partiya ro‘yxatdan o‘tgan. Ularning barchasi hukumatparast va bironta ham haqqoniy muxolif partiya mavjud emas", deydi Fridom Xaus.

Hisobotga ko‘ra, ro‘yxatga olinmagan "Birlik" va "Erk" guruhlari asosan xorijdan faoliyat yuritadi.

Fridom Xausning urg‘ulashicha, O‘zbekistonda korruptsiya keng yoyilgan.

Konstitutsiyaviy kafolatlarga qaramasdan, so‘z erkinligi va matbuot shiddatli cheklangan. Davlat matbuot va unga bog‘liq idoralarni nazorat etadi.

2002 yilda tsenzura rasman olib tashlangan esa-da, u o‘z-o‘zini tsenzura qilishni targ‘ib etuvchi yarim rasmiy mexanizmlar vositasida saqlanib qolmoqda, deyiladi Fridom Xaus hisobotida.

Hisobot, shuningdek, O‘zbekistondagi diniy erkinliklar muammosiga ham to‘xtalgan.

Unga ko‘ra, rasmiy Toshkent mamlakatda mavjud an‘anaviy dinlar faoliyatiga izn bersa-da, norasmiy faoliyatlarga jinoyat sifatida qaraydi.

Hisobotda ta‘kidlanishicha, davlatning musulmonlar ibodati ustidan nazorati shunchalar qattiqki, hatto masjidlarda ma‘ruzalar mavzusini ham oldindan belgilab qo‘yadi.

Fridom Xaus O‘zbekiston hukumatining fuqarolarning ochiq va o‘zaro suhbatlarini ham mahalla qo‘mitalari orqali nazorat qilib borishini aytadi.

"Hukumat mahallalarni jamoatni kuzatish va nazorat qilishning rasmiy tizimiga aylantirgan", deya xulosa qiladi hisobot.

Fridom Xaus, shuningdek, O‘zbekistonda yig‘ilishlar o‘tkazish huquqlari ham amalda cheklanib qo‘yilganini ta‘kidlagan.

Tashkilot O‘zbekistonda adliya tizimining to‘laligicha prezident irodasiga bo‘ysundirilganini aytadi.

Prezident barcha hakamlarni tayinlaydi va istagan paytida olib tashlashi mumkin, deyiladi Fridom Xaus hisobotida.