Tunisda kechayotgan g‘alayonlarning O‘zbekistonda takrorlanish ehtimoli qancha?

Tunis markazida namoyishchilar va politsiya kuchlari to‘qnashishgan. Ayrim xabarlarga ko‘ra, ayrim vazirlar yangi muvaffaq hukumati tarkibidan iste‘fo ham berishgan.

Arab matbuotining xabar berishicha, tashkil topganiga bor-yo‘g‘i ikki kun bo‘lgan hukumatning kamida besh nafar a‘zosi iste‘foga chiqqan.

Avvalroq Bosh vazir Muhammad G‘annushiy xalqni avvalgi hukumatdan qolgan vazirlarning qo‘llari toza ekaniga ishontirishga uringandi.

Ammo, yangi muvaqqat hukumat tarkibidan hafsalalari pir bo‘lganligini aytgan namoyishchilar yana Tunis ko‘chalariga chiqishgan.

Tunisda yuz bergan qo‘zg‘olonlar uzoq yillardan beri hukm surgan prezident hukumatining qulashiga yetaklar ekan, Yaqin Sharqdagi boshqa mamlakatlari - Misr, Jazoir, Marokash va hatto Liviyada Tunisdagiga o‘xshash ruhdagi xalq noroziligi kuzatilmoqda.

Ko‘p tahlilchilar O‘zbekistondagi tizim va Tunis o‘rtasida ham parallellarni chizishmoqda. O‘zbekistonda ham Tunisdagi kabi yirik sonli ishsiz yoshlar qatlami mavjud va narx-navolar o‘sib bormoqda.

Lekin, Tunisdagi voqealar to‘lqini O‘zbekistonga yetib boradi deyish qanchalar to‘g‘ri? Ushbu savol bilan biz Xalqaro Inqiroz Guruhi rahbari Andryu Shtrolaynga murojaat qildik:

Andryu Shtrolayn: Agar repressiv hukumatlar va muxolifatning ovozi o‘chirilishi haqida gap ketsa, O‘zbekiston va Tunis o‘rtasida o‘xshashliklar juda katta. Ammo, Tunisdagi voqealar boshlagan domino ta‘siri O‘zbekistonga ham yetib boradi deyishga ancha erta. Yaqin Sharq va O‘zbekistonning o‘tmishi farq qiladi bir-biridan. Albatta, O‘zbekistonda ham o‘zgarishlar yuz bersa yaxshi bo‘lardi, lekin bugungi kunda bu bir orzu xolos.

Bi-bi-si: O‘xshashliklar haqida batafsilroq to‘xtalsak, qanday o‘xshashliklar bor?

Andryu Shtrolayn: Qisqa qilib aytganda, Tunis ham, O‘zbekiston ham avtoritar diktatura. Bunday tizimlar bir necha o‘n yillab hukmronlik qiladi. Muxolifat yo bosimga olinadi yoki O‘zbekistondagi kabi mutlaqo yo‘q. Matbuot bo‘g‘ilgan, internet ham tsenzuraga uchragan. Fuqarolar huquqlari qattiq cheklangan. Ikkala mamlakat ham o‘ta qattiq paranoyaga asoslangan mentalitet bilan boshqarilmoqda. Odamlar qo‘rquvda yashaydi, chunki xavfsizlik kuchlari butkul o‘zboshimchalik bilan amal qiladi. Odamlar, albatta, dahshatli qamoqxonalarda qiynoqlarga tutilishni istamaydilar, shunday ekan, odatda tinch o‘tiradilar.

Bi-bi-si: Ammo, Sizningcha, vaziyat yomonlashib ketaversa, bu alal-oqibat qo‘zg‘olonlarga yetaklaydimi? Balki, O‘zbekistonda vaziyat u qadar yomon emasdir?

Andryu Shtrolayn: Alal - oqibat bu diktaturalarning bari barbod bo‘ladi. Natija har doim bir xil. Ba‘zilari bir necha o‘n yillab, ba‘zilari esa, undan ham uzoqroq qudratda bo‘ladi, lekin bir kun kuni bitadi. Ikki hafta avval kim Tunisda 23 yil hukm surgan prezident Ben Ali ag‘darilishini tasavvur qilgandi? Bu narsalar kutilmaganda yuz berishi mumkin. 1989 yilda Sovet Ittifoqida boshlangan voqealar ham ittifoqning barbod bo‘lishiga yetaklashini hech kim kutmagandi. Hatto, mintaqa ekspertlari ham kutmagandi bunday natijani. Diktatorlar jinni emas, ular diktaturalar bir kun barbod bo‘lishini bilishadi. Aynan shuning uchun, qattiq bosimni qo‘llab borishadi. Ammo, bir kun bu bosim ish bermay qo‘yadi. Bu hali O‘zbekistonda ham yuz beradi va u ko‘p tartibsizliklarga sabab bo‘ladi.

Bi-bi-si: Agar Prezident Karimov rejimi qulasa, nimalar bo‘ladi, deb o‘ylaysiz?

Andryu Shtrolayn: Hukmron oilaning mol-mulki, albatta, nishonga olinadi. Bunga Qirg‘izistonda ham guvoh bo‘lgandik, Tunisda ham shunday bo‘ldi. Odamlar bu ramziy harakatlar bilan o‘z g‘azablarini izhor qilmoqchi bo‘ladilar. Gulnora Karimova mamlakatni nazoratga qilishga urinadi deb aytmagan bo‘lardim, chunki u o‘z musiqiy kliplari va taqinchoq dizaynlari bilan jahon sahnasida o‘rin yaratishga urinib kelayapti. U Elton Jon kabi odamlar bilan dam olib, shunday bir hayot kechirishni istaydi. Xavfsizlik kuchlari uni himoya qilishadi degan fikrda emasman. Menimcha, O‘zbekistonda agar Karimov ag‘darilsa, juda katta tartibsizliklar yuzaga keladi. Bu rejimlar shunchalar po‘lat musht bilan boshqariladiki, u musht yo‘qolganda, boshboshdoqlik va zo‘ravonlik avj oladi.

Bi-bi-si: Tunisda qo‘zg‘olonlar kelib chiqishida internetdagi ijtimoiy muloqot sahifalari va telefon video chaqiriqlari katta rol o‘ynagani aytiladi. Ammo, O‘zbekistonda ko‘p odamlar internetdan foydalanmaydi. O‘zi hozirda xalq ko‘tarilishi uchun qanday instrumentlar qo‘llaniladi?

Andryu Shtrolayn: Menimcha, internet va feysbuk kabi sahifalarning rolini juda oshirib ko‘rsatish noto‘g‘ri. Albatta, u Tunisda katta rol o‘ynadi, lekin asosiy narsa shuki, oddiy odamlar ko‘chalarga chiqib, noroziligini izxor qilishga bel bog‘lashgandi. Buni Karimov ham biladi, shuning uchun, u Andijonda ko‘chaga chiqqan yuzlab insonlarni ottirib tashladi. Karimov bu katta tahdid ekanini bilardi. Internetni bilmagan xalq o‘zaro birlashib, ko‘chalarga chiqa olmaydi, deyish noto‘g‘ri. Internet hali kashf qilinmaganda ham xalq qo‘zg‘olonlari bo‘lib kelgan. Uning ustiga, O‘zbekiston xalqi juda yaxshi ta‘lim olgan, aqlli odamlardan tashkil topgan. O‘zbekiston xalqi qashshoqlikka botgan ilmsiz odamlar emas, o‘zbek xalqi orasida juda o‘tkir odamlar ko‘p.