Andrew Stroehlein: 'Ovro‘po Ittifoqi zolim tarafda'

Image caption Prezident Karimovning Bryusselga tashrifi noroziliklar manzarasida kechmoqda

O‘zbekiston Prezidenti Islom Karimovning Brusselga tashrifi o‘zbekistonlik faollar va g‘arbdagi nohukumat tashkilotlarining noroziliklari manzarasida kechmoqda. Brusseldagi Xalqaro inqiroz guruhidan Andrew Stroehleinning BBCga aytishicha, Prezident Karimovning tashrif arafasida Andijon voqealari yuzasidan qilgan bayonoti Ovro‘po Ittifoqi mulozimlarini yengil torttirishi mumkin, ammo hodisalar yuzasidan xolis xalqaro tergov o‘tkazilmas ekan, bu bayonot hech narsani anglatmaydi.

Andrew Stroehlein: Ovro‘po Ittifoqining ko‘nglini olish osonligi, ittifoq bironta ham talab bajarilmasdan turib, O‘zbekistonga qarshi jazo choralarini bekor qilgani inobatga olinsa, aminmanki, Karimovning so‘zlari Ovro‘po Itifoqi mulozimlariga yoqib tushadi. Albatta, Karimovning Andijondagi qirg‘in uchun tashqi dunyo, jurnalistlar va boshqa odamlarni ayblashni to‘xtatgani yaxshi. Ammo uzoq muddatda, agar Karimov Andijon voqealari yuzasidan xolis xalqaro tergov o‘tkazishga rozi bo‘lmas ekan, uning aytganlari shunchaki bir gap bo‘lib qolaveradi. U mahalliy rahbarlarni oldin ham ayblagan. Andijon qirg‘inidan bir necha oy o‘tib, viloyat hokimi ishdan bo‘shatilgandi. Ammo janob Karimov o‘zidan boshqa hech kimni ayblay olmaydi. Chunki zirhli harbiy mashinalardan turib, olomonni o‘qqa tutgan askarlar mahalliy askarlar emas, markaziy hukumat kuchlari edi. Ular markaziy hukumatning buyrug‘ini bajarishgan. Markaziy hukumatning boshlig‘i esa Karimov.

BBC: Sizningcha, janob Karimovning Andijon voqealarida mahalliy darajada bo‘lsa ham, hokimiyatning aybi borligini tan olayotgani Andijon xunrezligi qurbonlari uchun biron narsani anglatadimi?

Andrew Stroehlein:Bu shuni anglatadiki, Andijon qurbonlari xali ham haqiqatga yetishganlari yuk. Ular va yaqinlari uchun xali ham adolat tiklanmagan. Chunki hukumat kuchlari ularning yaqinlarini o‘ldirgan. Ularning Andijonda haqiqatda nimalar bo‘lganini bilishga haqlari bor. Xalqaro tergov o‘tkazilishi kerak. Chunki O‘zbekiston hukumati xolis, har tomonlama tergov o‘tkazishga qodir emas. Janob Karimovning so‘zlari qurbonlarning oilalari uchun biron narsani anglatadi yoki biron bir taskin bo‘la oladi, deb o‘ylamayman.

BBC: Sizningcha, Ovro‘po Ittifoqi dushanba kungi muzokaralarda Prezident Karimovdan Andijon voqealari yuzasidan mustaqil xalqaro tekshiruv o‘tkazishni talab qiladimi?

Andrew Stroehlein:Ochig‘ini aytganda, men muzokaralardan ko‘p narsa kutayotganim yo‘q. Ovro‘po Ittifoqi mulozimlari Karimov tuzumi qarshisida o‘zlarining juda ham zaif ekanliklarini namoyish qilishdi. Chunki agar Ovro‘po Ittifoqi nimadir qilmoqchi bo‘lganida Karimovni Brusselga taklif qilmagan bo‘lardi. Karimovning Brusselda qabul qilinayotganini ko‘rgan o‘zbekistonliklar Ovro‘po Ittifoqi mazlumlarning emas, balki zolimning tarafida ekan, degan tushunchaga borishlari turgan gap. Bu nafaqat o‘zbekistonliklar, balki menga o‘xshagan ovro‘poliklar uchun ham bir muammo. Men bizning rahbarlarimiz nima qilayotganini ko‘rib, jirkanaman, to‘g‘risi.