"Domodedovo"dagi portlash qurbonlari orasida bir O‘zbekiston fuqarosi bor

Image caption "Domodedovo" Ovro‘podagi eng yirik aeroportlardan biri hisoblanadi

Dushanba kuni Moskvaning "Domodedovo" aeroportida yuz bergan portlashda halok bo‘lgan 35 insondan 25 nafarining shaxsi aniqlangan.

Moskva shifoxonalarida hozirda 100 dan ortiq odam qolmoqda.

Prezident Dmitriy Medvedev xavfsizlik qoidalarini buzgani uchun "Domodedovo" aeroporti javob berishi kerakligini aytdi.

Rossiya Favqulodda vaziyatlar vazirligida o‘tgan majlisda hisobot bergan tibbiy eskspertiza byurosining vakili halok bo‘lganlar ularning hujjatlari asosida aniqlanganini aytgan.

Rossiya Favqulodda vaziyatlar vazirligi internet sahifasida nashr etilgan dastlabki ma‘lumotlarga ko‘ra, qurbonlar ichida Britaniya, Olmoniya, Bulg‘oriston, Ukraina, Tojikiston, Qirg‘iziston va O‘zbekiston fuqarolari bor.

Portlashda halok bo‘lgan O‘zbekiston fuqarosining 46 yoshli Orikbay Mombetov ekani xabar qilingan.

Moskva shifoxonalariga yotqizilganlar ro‘yxati Rossiya Favqulodda vaziyatlar vazirligida davomli yangilanib turibdi.

Rossiya Sog‘likni saqlash vazirligi bergan so‘nggi ma‘lumotlarga ko‘ra, shifoxonalarda 110 nafar yarador qolmoqda.

Yaradorlardan to‘rt nafarining ahvoli o‘ta og‘ir, 39 nafariniki esa og‘ir deya aytilmoqda.

Qolgan bemorlar ahvoli o‘rta va yo qoniqarli darajada.

"Yaqqon buzilishlar"

Portlash xalqaro reyslarning umumiy chiqish zalida Moskva vaqti bilan soat 16:30 larda yuz bergan.

Ushbu zalda odatda taksichi va mehmonlarni kutib oluvchilar bo‘lishadi.

Mutaxassislar fikricha, portlash kuchi trotil ekvivalentida taxminan 7 kilogramga teng.

Rossiya rasmiylari jinoyat xudkush hujumchi tomonidan sodir etilganini taxmin qilishmoqda.

Rossiya prezidenti portlash ortida turgan shaxslarni topish va jazolashga va‘da bergan.

Prezident Medvedev shuningdek Moskva transport tizimida xavfsizlik choralarini kuchaytirishga topshiriq bergan.

"Yuz bergan hodisa qabul qilingan qonunlarning barchasi ham hamma joyda to‘g‘ri ishlamasligiga dalil bo‘ldi. Buni hal qilish kerak", - deya bayonot berdi Dmitriy Medvedev.

"Yuz bergan hodisa xavfsizlikni ta‘minlashda yaqqol buzilishlar borligini ko‘rsatdi. Shuncha miqdordagi portlovchi moddani olib kirish uchun ko‘p harakat qilish kerak. Buning uchun aeroportda qaror qabul qilishga aloqador bo‘lganlarning barchasi javob berishi zarur", dedi Dmitriy Medvedev.

"Domodedovo" Rossiyaning eng yirik aeroporti hisoblanadi.