BBC Jahon Xizmati o‘z xodimlarining choragini ishdan bo‘shatmoqda

Image caption Britaniya hukumati BBC Jahon Xizmatini moliyalashni to‘xtatgan

BBC Jahon Xizmati o‘z xodimlarining 25 foizidan ko‘prog‘ini qisqartirishini e‘lon qildi.

Ikki yarim mingga yaqin ish o‘rnining 650taga yaqini kelasi uch yil ichida yopiladi.

Britan hukumati BBC Jahon Xizmatini moliyalashni 16 foizga kamaytirishi ortidan bu qisqartirishlar amalga oshirilmoqda.

Kecha beshta til xizmati - alban, makedon, serb, Afrika uchun portugalcha hamda Karib ko‘rfazi uchun inglizcha xizmatlarning yopilishi e‘lon qilingan. Bugun yana yetti til xizmatida ko‘proq qisqartirishlar e‘lon qilinmoqda.

BBC Jahon Xizmati Bosh Direktori Piter Horroksning aytishicha, xizmatlarning yopilishi aslo ularning yomon ishlaganidan dalolat bermaydi, balki Britaniya Tashqi Ishlar Vazirligi ajratadigan mablag‘ning kamaygani bois qo‘yilayotgan majburiy qadamdir.

Unga ko‘ra, kelasi uch yil davomida BBC Jahon Xizmatidagi 650ta ish o‘rni yopiladi.

Jurnalistlar kasaba uyushmalari ikkita parlament qo‘mitasi rahbarlariga murojaat etishgan va bu qadar katta qisqartirishlarni qayta ko‘rib chiqishga chaqirganlar.

Ular, shuningdek BBC Jahon Xizmati binosi qarshisida norozilik namoyishini o‘tkazishni rejalashmoqda.

Joriy hafta boshida BBC o‘z internet xizmatlarida 360ta ish o‘rni qisqarishini e‘lon qilgandi. Bu esa yuzlab vebsahifalar yopilishini anglatadi.