Ovro‘po Ittifoqi Belarusga qarshi keskin jazo choralari joriy etmoqchi

Фото муаллифлик ҳуқуқи AFP

Ovro‘po Ittifoqi dekabr oyidagi prezidentlik saylovlari ortidan muxolifatga ko‘rsatgan kuchli tazyiqlari uchun Belarusga nisbatan keskin jazo choralari kiritmoqchi.

Sanktsiyalar Belarus Prezidenti Aleksandr Lukashenkoning Ovro‘po Ittifoqi hududiga sayohatini cheklashni ham ko‘zda tutishi mumkin.

Shundoq ham belaruslik 40 mulozimga nisbatan xalqaro tashkilotning sayohat cheklovi amalda edi.

Endi esa, ittifoq tashqi ishlar vazirlari ularning sonini 150 taga yetkazishmoqchi.

O‘zaro aloqalar yaxshilangan 2008 yilda ushbu cheklovlar bekor qilingan bo‘lsa ham, o‘tgan dekabr oyidagi prezidentlik saylovlari ortidan vaziyat mutlaq o‘zgargan.

Saylovlarda Belarusning joriy prezidenti Aleksandr Lukashenko to‘rtinchi bor yirik hisob bilan g‘alaba qozongandi.

Ammo dekabr oyidagi saylovlar xalqaro kuzatuvchilarning keskin tanqidlari ostida qolib ketgandi.

Saylov natijalariga norozilik bildirib, minglab kishilar poytaxt Minsk ko‘chalariga chiqishgandi.

Ommaviy namoyishlar ortidan yuzlab kishilar hibsga olingandi.

Bularning barchasi ortidan G‘arbda Belarusga nisbatan imkon qadar jiddiy chora ko‘rishga oid chaqiriqlar yangramoqda.

Amerika Qo‘shma Shtatlari ham Belarusga qarshi jazo choralarini kengaytirishini bayon qildi.

Rasmiy Minsk esa, bunga javoban hibsda bo‘lgan 30 dan ortiq muxolifat faollariga qarshi tergov jarayonlarini davom ettirishini bildirdi.

Ularning orasida to‘rt nafar prezidentlikka nomzod ham bor.

Ular ommaviy tartibsizliklarni uyushtirishda ayblanishmoqda.

Aybdor, deb topilgan taqdirlarida esa, hibsdagilarni 15 yil qamoq jazosi kutmoqda.

Prezident Lukashenko o‘tgan payshanba kuni mamlakat parlamentida qilgan chiqishida Polьshani o‘zini lavozimidan chetlatib, o‘zaro chegaralarini qayta bo‘lib olish maqsadida ommaviy norozilik namoyishlarini uyushtirishga ko‘mak berishda ayblagandi.

Polьsha Tashqi ishlar vazirligi rasmiy Minskning ushbu da‘volarini keskin rad etib chiqqandi.